Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:45

Andijonlik sholikor fermerlar yerlarini hokim olib qo‘yganidan bexabar qoldi


Andijon tumani hokimligi
Andijon tumani hokimligi

Andijon tumanidagi 18 sholikor fermer xo‘jaligining yeri tuman hokimining 2019 yil, 25 dekabrdagi qarori bilan zaxiraga olib qo‘yildi.

Andijon viloyat, Andijon tumanidagi sholikor fermerlar ularning yeri tuman zaxirasiga olib qo‘yilganini bir haftadan keyin bildi.

Fermerlarning aytishicha, bunga tuman hokimining “Andijon don mahsulotlari” AJ bilan tuzgan shartnomasi borligiga qaramasdan, sholi pishgan payt, oktabrda Andijon tumanidagi “Agrometr” MChJ bilan qaytadan majburiy shartnoma tuzdirgani sabab bo‘lgan.​

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bu muammoni o‘rganayotganini Ozodlikka aytdi.

Ozodlikka arz qilgan fermerlarning aytishlaricha, tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov ularning “Andijon don mahsulotlari” AJ bilan tuzgan shartnomasi borligiga qaramasdan, sholi pishgan payt, oktabr oyida Andijon tumanidagi “Agrometr” MChJ bilan qaytadan majburiy shartnoma tuzdirgan.

Fermerlar “Agrometr” MChJga sholini topshirishni boshlaganda, mahsulot qabul qilib olingani haqida ularga “nakladnoy” (yuk xati) berilmagani sababli sholini bozorda sotib, pulini bankka qo‘yganini aytmoqda.

“Agrometr” MChJ rahbari Farhod Obidjonov fermerlarga yuk xati berilmaganini inkor qildi.

Fermer Ibrohim Odilbekovning aytishicha, ular bundan bir hafta o‘tgandan so‘ng xabar topishgan:

Yanvar oyida boshqa hududdagi fermerlardan yerimiz zaxiraga olib qo‘yilganini eshitdik, keyin o‘zimiz izlab, kadastrdan bu qarorni topdik.


- To‘qqiz yildan buyon sholikorman. Yoshim 70 dan oshdi. Hozir “Ibrohim Odil Aziz” fermer xo‘jaligimizni o‘g‘lim boshqaryapti. 6 gektar yerim bor edi. 2019 yildagi maqbullashtirishda rejalarni doim ortig‘i bilan bajarib kelganim uchun 24 gektar qilib berishdi. Yanvar oyida boshqa hududdagi fermerlardan yerimiz zaxiraga olib qo‘yilganini eshitdik, keyin o‘zimiz izlab, kadastrdan bu qarorni topdik. Hamma fermerlar hayron qoldi. Bizni ogohlantirgan ham, bir og‘iz so‘ragan ham yo‘q.

Fermerning aytishicha, sholini ekib bo‘lishganidan so‘ng ular bilan birinchi shartnomani kech bo‘lsa ham “Andijon don mahsulotlari” korxonasi tuzgan:

Sholini Oltinko‘ldagi omborga olib bormoqchi edik, lekin hokimi o‘zimizdagi “Agrometr” MChJga topshirasizlar, dedi.


- Biz mayning birinchi o‘n kunligida sholini ekib bo‘ldik. Avgust oyida, sholi bosh tortayotgan paytda kelishib, “Andijon don mahsulotlari” korxonasi bilan shartnoma qilinglar dedi. Shartnoma bo‘yicha ular bizga urug‘lik, avans puli berish kerak edi. Ularni bermagan. Shunday bo‘lsa ham shartnoma qilib qo‘ydik. Oktabr oyida sholini yig‘ishtirib, Oltinko‘ldagi omborga olib bormoqchi edik, lekin tuman hokimi hammasini o‘zimizdagi “Agrometr” MChJga topshirasizlar, shu yerda to‘plab topshiramiz deb buyruq berdi.

Ibrohim Odilbekov “Agrometr MChJ”ga ikki marta sholi topshirgan, ammo yuk xati berilmagani sababli to‘xtatib qo‘ygan:

- Keyin bu korxona bilan shartnoma tuzdik. Birinchi marta 800 kilo sholi topshirdim, lekin keyin olasizlar deb nakladnoy bermadi. Ikkinchi marta yana shuncha topshirdim, yana nakladnoy bermadi. Boshqa topshirmadik. Barcha fermerlarning sholisini nakladnoysiz qabul qilgan. Keyin bozorga olib chiqib sotdikda, mahsulot puli qilib bankka qo‘ydik. Bizni endi plan bajarmading deb, yerni olib qo‘yayapti.

Ibrohim Odilbekovga ko‘ra, fermerlarning aksariyati “Agrometr MChJ” bilan shartnoma ham tuzmay, mahsulotni topshirgan.

Fermerning aytishicha, 2019 yilda ularning yerlari kengaytirilganidan so‘ng, “yerni zaxiraga topshiraman” degan arizaga majburan imzo qo‘ydirib olingan:

Keyin bir qo‘li bilan hokimning qarorini bera turib, boshqa qo‘li bilan arizamizni oldi.


- Men ham planlarni doim bajarib kelganim uchun ikkita fermerni yerini qo‘shib berishgan edi. Endi, “yerni zaxiraga topshiraman” degan ariza yozasan, lekin chislo qo‘ymaysan, yilini yozmaysan, bo‘lmasa yer yo‘q, dedi. Biz unamadik, bir hafta qarorni bermay cho‘zib yurdi. Keyin bir qo‘li bilan hokimning qarorini bera turib, boshqa qo‘li bilan arizamizni oldi. Demak bu yerni olib qo‘yish oldindan rejalashtirilgan va uyushtirilgan ekan.

Sholikor fermer Ne’matjon Hasanov ham ulardan shu usulda sanasi qo‘yilmagan ariza yozdirib olinganini aytar ekan, Oltinko‘ldagi omborga bir marta sholi topshirishga ulgurganini aytadi:

Men ham 17 tonna sholi topshirdim, keyin to‘xtatib qo‘ydim. Rosa yugur-yugur qilib, zo‘rg‘a nakladnoy oldim.


- Men birinchi marta 860 kilo sholi topshirdim. Keyin hokim majlis qilib, o‘zimizga oborishasan deb buyruq berdi. Boshida nakladnoy ham bermadi, shartnomamiz ham yo‘q edi. Men ham 17 tonna sholi topshirdim, keyin to‘xtatib qo‘ydim. Rosa yugur-yugur qilib, zo‘rg‘a nakladnoy oldim. Besh-olti fermer hali ham olmagan. Bizning birinchi shartnoma qilgan joyimizga sholi topshirishni hokim to‘xtatib qo‘yganidan so‘ng, planlar ham bajarilmay qoldi.

Fermerlarning aytishlaricha, tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov ularning “Andijon don mahsulotlari” korxonasi bilan tuzgan birinchi shartnomasini o‘zboshimchalik bilan buzib, sholini o‘zining tumanidagi “Agrometr” MChJning omboriga to‘ktirgan.

Aksariyat fermer “Agrometr” MChJ bilan shartnoma tuzilmagan bo‘lsa ham, uning omboriga sholini topshirishga majbur bo‘lgan.

Fermerlar topshirgan mahsulotining pulini shu paytgacha ololmagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan sholikor fermerlardan biri, “Agrometr MChJ”ga ishonmagani uchun u bilan shartnoma tuzishdan bosh tortganini aytdi:

Nega hokim shartnomaga tupirib, o‘ziga qarashli firmaga donni topshirishni talab qildi?


“Bu firibgar tashkilot ekanligini hamma biladi. Firibgar bo‘lmasa nega bizni ahmoq qiladi. Bizning “Andijon don mahsulotlari” korxonasi bilan shartnomamiz bor edi. Fermerlar Oltinko‘ldagi omborga sholi topshirishni boshlagan edi. Nega hokim shartnomaga tupirib, o‘ziga qarashli firmaga donni topshirishni talab qildi? Shu yerda to‘plab topshiramiz emish. Bu ikkita ishku. Bundan hokimning manfaati bor shekilliki, shunday ish qildi”.

“Agrometr MChJ” rahbari Farhod Abidjanov fermerlarga topshirilgan hosil uchun yuk xati berilmaganini inkor qildi:

- Bular nakladnoy olgan, sholini shartnoma bilan topshirgan. Fermer nakladnoyni o‘zi olmasa, men uning qo‘liga urib bermaymanku. Bular noto‘g‘ri aytibdi, hammasi nakladnoy ham olgan, shartnomasi ham bor.

Farhod Abidjanov nima uchun fermerlar bilan sholi pishgan paytda, oktabrda shartnoma imzolangani sababini izohlab bera olmadi:

- Buni gaplashib, keyin sizga aytaman, dedi Farhod Abidjanov.

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati, Andijon viloyat Fermerlar kengashining sobiq rahbari Begali Qodirov Ozodlik bilan suhbatda bu muammo bo‘yicha fermerlar unga ham murojaat qilganini aytdi:

Ular fermerlar kengashga ariza bersin, bu bilan men o‘zim shug‘ullanaman


- Men bu fermerlarning hammasini hokim Ulug‘bek Isomiddinovning oldiga olib bordim. Hokim agar bular hisobot topshirgan bo‘lsa, o‘zlarida texnikasi bo‘lsa, o‘zlarini ichidan klaster qilaman, dedi. Lekin bu ishni qilmadi. Hozir bitta fermerga to‘rt gektarini beribdi, deb eshitdim. Ular fermerlar kengashga ariza bersin, bu bilan men o‘zim shug‘ullanaman.

Andijon tumani hokimi va o‘rinbosarlarining telefonlari javob bermagani bois, bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik 30 yanvar kuni olgan ma’lumotga ko‘ra, “Ibrohim Odil Azizbek” fermer xo‘jaligiga 6 gektar yer qaytarib berilgan. Lekin fermer Ibrohim Odilbekov bundan norozi.

Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning noqonuniy ishlari haqida fermerlar avval ham Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

2019 yilning 20 avgustida hokimning topshirig‘i bilan fermerlarga majburan sotilgan dala hovlilarni qurish ham ularning o‘ziga yuklangani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

29 iyunda Andijon tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning iddao qilishicha, ular rejani bajargan bo‘lsa-da, tuman hokimi “uning o‘zi uchun 2-3 tonnadan” bug‘doy berishni talab qilgan edi

2018 yilning may oyida Andijon viloyati Andijon tumani hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan fermerlar o‘zlari olmagan solyarka (dizel yonilg‘isi) ning “yuk xati”ga imzo qo‘yib berishga majburlangani haqida Ozodlik yozgan edi.

2018 yilning yanvar oyida Andijon tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov fermerlar bilan 25 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilishda chigit ekishda qo‘llaniladigan “plyonkaga” pul o‘tkazmagani uchun fermerlarni haqorat qilgan edi.

O‘zbekistondagi mahalliy nashrlar ham Ulug‘bek Isomiddinovning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ham yozgan, lekin hokimga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan.

"Andijonnoma" gazetasida 2019 yil 2 mart kuni jurnalist Qobiljon Asqarovning "O‘zi xon, ko‘lankasi maydonmi?" sarlavhali tanqidiy maqolasi chop etilgan edi.

Unda Ulug‘bek Isomiddinov rahbarlik qilayotgan tumanda kadrlar qo‘nimsizligi juda ko‘p sohalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, fuqarolar murojaatiga e’tiborsizlik qilinayotgani va ta’lim tizimidagi qoloqlik holatlari haqida gap bo‘lgan.

Andijon tumani hkokimligi bu maqola uchun gazetani sudga bergan, lekin maqola muallif Qobiljon Asqarov sudda yutib chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG