Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:47

Xitoydagi o‘zbeklar uchun 2ta charter reys belgilandi. Uxandan o‘zbeklarni olib chiqishga ruxsat berildi


Pekin aeroportida o‘zbekistonlik talabalar, 26 yanvar, 2020 yil
Pekin aeroportida o‘zbekistonlik talabalar, 26 yanvar, 2020 yil

O‘zbekiston hukumati Xitoyda qolayotgan o‘zbekistonliklar uchun 2 ta charter reys uyushtirishga qaror qildi.

Pekindagi elchixona konsuli Bobur Yahyoyev bu xabarni imkon qadar ko‘pchilik - Xitoyda yurgan o‘zbeklar va ularning O‘zbekistondagi yaqinlarga yetkazish istagida Ozodlikka murojaat qildi.

Konsulga ko‘ra, Uxandagi o‘zbekistonliklarni olib chiqishga ham Xitoy tomoni ruxsat bergan. Bu talabalar uchun yana bitta samolyot jo‘natiladi.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi konsuli Bobur Yahyoyevning 2 fevral kuni Ozodlikka ma’lum qilishicha, Uxandagi talabalarni 4 - 5 fevral kunlari olib chiqishga hozirlik ko‘rilmoqda.

- Hozir Uxandagi talabalarni to‘siqsiz olib chiqish uchun texnik chora-tadbirlar masalasini Xitoy tomoni bilan birga hal qilyapmiz. Bundan tashqari, Xubey provinsiyasining boshqa hududlarida qolayotgan o‘zbeklarni ham ro‘yxatini Xitoy tomoni bilan birga shakllantirib, Uxanga olib kelib, maxsus charter reys bilan olib chiqishning oxirgi bosqichlarida ishlayapmiz. Uxandagi o‘zbeklarning evakuatsiyasi xarajatlari davlatimiz tomonidan to‘liq qoplanadi. Bu hududda bo‘lib turgan va elchixonaga murojaat qilmagan o‘zbekistonliklar bo‘lsa, marhamat, konsulligimizga tezroq bog‘lansin! - dedi Bobur Yahyoyev.

Konsulga ko‘ra, yana ikkita charter reys ayni kunda - 4 - 5 fevral kunlari Pekin aeroportidan uchadi.

- Xitoyning boshqa hududlarida yurgan o‘zbekistonliklarga ham Ozodlik orqali murojaat qilmoqchiman, chunki sizlarda auditoriya katta - 4 - 5 fevral tashkil qilinayotgan reyslarga chipta oling! Bu ikkita reys uchun chipta xarajatlari fuqarolarimizning o‘zlarida. Hujjat yoki boshqa masalada muammo bo‘lsa, elchixonaga bog‘laning! - dedi Pekindagi O‘zbekiston elchixonasi konsuli.

Konsulga ko‘ra, shu kunga qadar Uxan shahrida 81 nafar va bu shahar joylashgan Xubey provinsiyasida esa umumiy hisobda 90 nafardan ortiq o‘zbekistonlik aniqlangan, ro‘yxat hanuz shakllantirilmoqda.

Xitoy bo‘lab esa, jami 200dan ortiq o‘zbekistonlik rejalanayotgan charter reyslar bilan O‘zbekistonga qaytish niyatini bildirgan.

Tashqi ishlar vazirligi Xitoydagi O‘zbekiston fuqarolaridan 3 fevral kuni Pekin shahridagi elchixonaga kelishini so‘radi.

Ayni paytda, vazirlik zarurat tug‘ilsa, yana qo‘shimcha reys qo‘yilishi va buning sanasi haqida qo‘shimcha xabar berilishini ma’lum qildi.

30 yanvar kuni Ozodlik bilan muloqotda konsul Xitoy hududida qolayotgan o‘zbekistonliklar soni 1500 nafarga yaqinligini aytgan edi. 2 fevralga kelib, bularning katta qismi O‘zbekiston, Turkiya, Rossiya yo‘nalishlari orqali Xitoyni tark etishga ulgurgani aytildi.

Ayni paytda, Xitoyda koronavirus epidemiyasidan o‘lganlar soni 300dan oshdi.

Virus boshqa davlatlarga ham tarqalishda davom etmoqda.

2 fevral kuni Xitoy sog‘liqni saqlash vazirligi virus Xitoyning o‘zida 14 ming 380 kishiga yuqqanini bildirdi.

Bu orada Xitoydan tashqari Filippinda ilk marotaba virusni yuqtirgan shaxs vafot etdi. Rossiya, Britaniya va Shvetsiya ham virus tarqalgan o‘nlab davlat safiga qo‘shildi.

AQSh va Avstraliya kabi davlatlar keyingi ikki hafta ichida Xitoyda bo‘lgan shaxslarni vaqtincha kiritmayapti.

AQSh Sog‘liqni saqlash vaziri Aleks Azar AQSh fuqarolari hamda doimiy yashovchilaridan tashqari shaxslar yaqinda Xitoyga borgan bo‘lsa, AQShga vaqtincha kiritilmasligini aytdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti payshanba kuni xalqaro miqyosda favqulodda holat e’lon qildi.

Koronavirus yoki tojli virus - 2019 n-CoV o‘tkir respirator virusining kelib chiqishi haqida turli taxminlar o‘rtaga tashlandi.

Avvaliga virus Uxandagi hayvonot bozorida ilonlardan tarqalgani aytilgandi.

Endilikda virus manbasi ko‘rshapalaklar, deyilmoqda. Bunday xulosaga virusning genetik tahlili ortidan kelingan.

Virusning xavfli jihati odamdan odamga yuqishidir. Xitoydan tashqari odamdan odamga yuqishi hozircha faqat to‘rt mamlakatda — Vyetnam, Germaniya, AQSh va Yaponiyada sodir bo‘ldi.

Virusning naqadar xavfliligi hali to‘liq aniqlangani yo‘q. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus yuqtirganlarning taxminan 2 foizi halok bo‘layotganini bildirdi.

Koronavirus, odatda, sut emizuvchilar hamda qushlarda uchraydi. Virusning ayrim turlari yengil, ayrimlari og‘ir kasalliklarga olib keladi.

Virusning aksar turi xavfsiz bo‘lib, shamollashda kuzatiladigan alomatlarni keltirib chiqaradi.

Ammo virusning 2003 yilda tarqalgan og‘ir o‘tkir respirator sindromi (SARS) deb nomlanuvchi turi ancha xavfli. 2002–2003 yillarda mazkur virus 37 davlatda 8 mingdan oshiq kishiga yuqqan, 774 nafar kishining yostig‘ini quritgan edi.

Koronavirusga qarshi samarali vaksina ishlab chiqilmagan. Shu sabab Xitoy rasmiylari mamlakat bo‘ylab sayohatlarni cheklash uchun keskin choralarni ko‘rmoqda.

Xususan, Uxan hamda u joylashgan Xubey viloyatida 50 million odam sayohati cheklanib, hudud izolyatsiya qilindi. Boshqa davlatlar esa aeroportlarda va dengiz portlarida nazoratni kuchaytirmoqda.

O‘zbekiston ham 1 fevraldan Xitoy bilan aviaqatnovni vaqtincha to‘xtatganini bildirgandi.

XS
SM
MD
LG