Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:40

Hujjat: Aholini diniy mutaassiblikdan qaytarish uchun 72 mingta suhbat o‘tkazildi


O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 27 yanvarda o‘tkazgan hukumat majlisida “davlat idoralari va ta’lim muassasalarida mutaassiblik va radikallashuvni oldini olish yuzasidan 28 928 ta¸ jamoat tashkilotlarida 18 922 ta¸ jamoat joylarida 23 985 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda profilaktik suhbatlar” o‘tkazildi.

Bu ma’lumot shaxsi sir qolishini so‘ragan hukumat mulozimi tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan mazkur majlis bayonidan olindi.

27 yanvar kungi hukumat majlisi bayoni.
27 yanvar kungi hukumat majlisi bayoni.

Hukumat mulozimi taqdim etgan mazkur majlis bayonnomasida buncha tadbirning aynan qaysi muddat ichida o‘tkazilgani aytilmagan.

Hujjat mazmunidan¸ bu profilaktika tadbirlarining Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida qilgan nutqidan keyingi davrga aloqadorligini taxmin qilish mumkin.

Bosh vazir raisligida o‘tkazilgan maxsus majlis “2020 yilda respublikada ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish haqida” bo‘lgan.

Unda DXX va mamlakatdagi aksar vazirlik rahbarlari ishtirok etgan.

Majlis bayonidan unda “Mamlakatda diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi maxfiy qaror ijrosi bo‘yicha davlat va jamoatchilik tizimlari hozirlagan hisobotlar xulosasi taqdim etilganini faraz qilish mumkin.

Prezident Mirziyoyev 2019 yil 4 sentabr kuni imzolagan PQ-4437m deb raqamlangan maxfiy qarorda¸ o‘zbekistonliklar orasida diniy radikallashuv va mutaassiblikning yoyilishi oldini olish topshirilgan va unga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”da bu borada qilinishi lozim ishlar ro‘yxati keltirilgan edi.

Ozodlik bu maxfiy hujjatda berilgan topshiriqlar haqida jamoatchilikka ma’lumot bergan edi.

27 yanvar kungi hukumat majlisi bayonida yozilishicha¸ “ekstremizm g‘oyalari ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish maqsadida 11545 nafar fuqaro bilan suhbatlar o‘tkazilib¸ 15981 ta muammo aniqlangan¸ ularning 13670 tasi ishlab chiqilgan individual harakatlar dasturi doirasida ijobiy hal etilgan”.

Hukumat majlisi bayonidan nusxa.
Hukumat majlisi bayonidan nusxa.

Ekstremistik va terroristik faoliyatga aloqadorligi tufayli jazo muddatini o‘tayotgan 2669 nafar fuqaroning yaqin qarindoshlari bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida 4404 ta muammo aniqlangan va ulardan 3521 tasi¸ bayonga ko‘ra¸ ijobiy hal etilgan.

“Mehr” va “Mehr-2” maxsus operatsiyalari doirasida 220 nafar o‘zbekistonlik Suriya va boshqa urush hududlaridan olib kelingan va “ularni jamiyatga to‘liq moslashtirish bo‘yicha kompleks ishlar” boshlangan.

Majlis bayonida aniq muhlati ko‘rsatilmagan muddat orasida¸ imom-xatiblar ommaviy axborot vositalarida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash mavzuida 1650 marotaba chiqish qilgan.

Majlis bayonida bunday tadbir va profilaktik suhbatlar natijasida O‘zbekistondagi diniy muhitning nisbatan sog‘lomlashgan yoki sog‘lomlashmaganiga oid aniq xulosa aytilmagan.

Prezidentning 2019 yil sentabrdagi maxfiy qarorida¸ “respublikadagi diniy vaziyatning tahlili olib borilayotgan o‘zgarishlar natijalari jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etuvchi qator omillar saqlanib qolayotganini” ko‘rsatgani ta’kidlangan edi.

Vazirlar Mahkamasi majlisi qarorida¸ bu ishlarni 2020 yili kompleks ravishda davom ettirishga qaror qilingan.

Hujjat ilovasi keltirilgan konkret vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul qilib belgilangan.

2020 yili diniy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan vazifalar¸ ilovadan ko‘rilishicha¸ asosan “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostidagi turli tadbir va suhbatlardan iborat.

Hujjatda¸ hatto ekstremizm va terrorizm g‘oyalaridan qaytmagan mahbuslar¸ shuningdek¸ soxta tariqat g‘oyalarini targ‘ib qilayotganlar bilan ham “profilaktik suhbatlar” o‘tkazish tavsiya qilingan.

XS
SM
MD
LG