24 yashar Shahzoda Jamiyeva o‘zi ishlagan fermada ish mavsumi tugagani bois, ikki bolasi va qaynonasi bilan qariyb ko‘chada qoldi: Rossiyada (Volgograd oblasti) qolib yashayveraylik desa, ijara haqiga, O‘zbekistonga ketaylik desa, yo‘l kiraga mablag‘lari yo‘q.
Shahzodaning fermada cho‘pon bo‘lib ishlagan eri esa, anchadan buyon nolegal maqomda.
Rossiyada davom etayotgan iqtisodiy inqiroz mamlakat mintaqalarida ishlayotgan ko‘plab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini ham og‘ir ahvolda qoldirmoqda.
24 yoshli buxorolik Shahzoda Jamiyeva Volgograd viloyatida turmush o‘rtog‘i, onasi va ikki nafar bolasi bilan o‘tgan yilning boshlaridan beri yashab keladi.
Buxorolik ayol u yashab kelgan Jondorda uy-joyi yo‘qligi sababli Rossiyaga oila a’zolari bilan birga kelishga majbur bo‘lganini Ozodlikka so‘zlab berdi:
- Turmushga chiqqanimga 7 yil bo‘ldi. O‘tgan yil ishlagani kelgandik, bir yil bo‘lyapti. Oyijonim bizdan ham oldin kelgan edilar. Oldin oyimning ukasining uyida yashadik. U kishi uylandilar va bizni chiqardilar u yerdan. Men mahallaga ham, hokimiyatga ham yordam so‘rab borib ko‘rdim – bo‘lmaganidan keyin Rossiyaga oyijonim oldilariga keldim.
Shahzoda eri va onasi bilan birga Sovetskiy tumanidagi mahalliy fermalardan birida ishlab kelgan, mol boqqan. Uning turmush o‘rtog‘i shu fermada cho‘pon bo‘lgan, ayollar esa fermadagi ishlarni bajarib kelgan.
Biroq, bundan 4 oy oldin fermerlik shirkati kasodga uchragan va ular oilaviy ishsiz qolgan.
Iqtisodiyotining asosini qishloq xo‘jaligi tashkil qiladigan Volgograd viloyatida ish mavsumi hali boshlanmagan. Shu sababli Shahzoda 6 yashar qizi va 1,5 yashar o‘g‘li bilan hatto yotoq pulini topishga qiynalib qoldi:
- Sharoitimiz juda og‘ir, ijaraga to‘lashga pulimiz qolmadi. Bolalarim bilan ko‘chada qolmaylik, deb Internetdan eshitib, Ozodlik radiosiga murojaat qildim. Turmush o‘rtog‘im nima ish bo‘lsa qiladilar, lekin ishning o‘zi yo‘q. Hujjat qilishga pulimiz yo‘q. O‘zbekistonda ham bu kishi ish topolmadilar-da, Rossiyada ham shu ahvol. Yeb-ichishga yetsa, ijaraga yetmayapti. Shu ahvol.
Jondorlik ayol yaqin orada ijara pulini to‘lolmasa bolasi bilan ko‘chaga chiqarib yuborilishi xavfi ostida qolganini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, buxorolik ayolning turmush o‘rtog‘i hujjatlari joyida bo‘lmagani bois, anchadan beri nolegal holatda yashab kelmoqda. U uzoqqa borib yoki davlatga qarashli korxonalarda ishlash imkonidan mahrum bo‘lgan.
Shahzodaning so‘zlaricha, u O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga yordam so‘rab, murojaat qilib ko‘rgan. Ammo elchixona xodimlari “O‘zbekistonga qaytgingiz kelsa qaytavering, biz pulingiz bo‘lmasa yordam bera olmaymiz. Bizda unaqa vakolatimiz yo‘q, biz sizning vaziyatingizga aralasha olmaymiz!” degan javob qaytargan.
Shahzoda Jamiyeva Ozodlik bilan suhbatda uning barcha muammolari O‘zbekistonda shaxsiy turar-joyi yo‘qligidan, deb bilishini aytdi:
- Yurtimda uy-joyim bo‘lishini xohlardim. Menga odamlar aytdi – murojaat qilsang seni eshitishadi, yordam berishadi uy olishingga, deb.
Rossiyaning janubida joylashgan Volgograd viloyati mamlakatning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchi mintaqalaridan biri sanaladi. Bu viloyatda poliz ekinlari va bog‘dorchilik mahsulotlarini yetishtirishga asosan o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari jalb qilinishi va ularning ishlash sharoitlari haqida Ozodlik oldin ham xabar bergan.
Volgograd viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy ma’lumoticha, 2019 yil davomida mintaqada rasman ro‘yxatdan o‘tib ishlagan O‘zbekiston vatandoshlari soni 78 ming 287 nafarni tashkil etgan. Qiyoslash uchun: o‘tgan yili Volgogradda Tojikistondan kelib ishlagan mehnat migrantlari soni 25 mingdan ziyodroq bo‘lgan.
Politsiya rasmiylari viloyatda noqonuniy yurgan muhojirlar soniga oid biror aniq ma’lumot keltirmagan.
Volgograd oblast Dumasi deputatlari bundan bir necha yil oldin sabzavot yetishtirish ishlariga har bir xo‘jalik tomonidan jalb qilingan xorijliklar soni 50% dan oshmasligini qat’iyan belgilab qo‘ygan edi.
Volgograd IIBsi ma’lumotiga binoan, migrantlar sonini cheklashga qaratilgan tadbirlar va politsiya reydlari natijasida oldingi yillarga nisbatan nolegal ishlayotgan migrantlar soni keskin kamaygan.