Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:49

Eron jurnalistlari uchoq halokati haqidagi yolg‘onlar qurboniga aylandi


Eron. Telejurnalistlar samolyot qulagan joydan reportaj suratga olmoqda.
Eron. Telejurnalistlar samolyot qulagan joydan reportaj suratga olmoqda.

“Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) tashkiloti Eronda o‘tgan oyda mamlakat armiyasi xatosi bilan yo‘lovchi uchoq urib tushirilishi ortidan o‘nlab jurnalist so‘roqlar, tahdidlar, tintuvlar qurboni bo‘layotgani hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yopishga majbur bo‘layotganini xabar qildi.

Tashkilot 6 fevral kuni e’lon qilgan bildiruvda qayd etilishicha, kamida 21 nafar jurnalistni Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi hamda Razvedka vazirligi so‘roq qilgan.

Bildiruvga bu jurnalistlar 8 yanvar kuni sodir bo‘lgan halokat ortidan hukumat yolg‘onlarini tarqatishga majbur bo‘lishgani yuzasidan g‘azablarini izhor qilgani aytiladi.

Rizo Mo‘iniy
Rizo Mo‘iniy

“Chegara bilmas muxbirlar” guruhining Eron bo‘limi yetakchisi Rizo Moyniy bu jurnalistlarni “hukumat yolg‘onlarining qurbonlari”, deya ta’rifladi.

- Eronda matbuot erkinligining cheklanishi yolg‘onlar hamda inson huquqlarining jiddiy tarzda va qayta-qayta buzilishining mashru’lanishuviga olib kelayotganidan butun dunyo xabar topmoqda, — dedi Mo‘iniy.

“Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviashirkatining Tehron-Kiyev yo‘nalishidagi PS752 reysi bilan 8 yanvar kuni Tehron aeroportidan parvoz qilgan samolyot ko‘p o‘tmay Eron harbiylari otgan raketa tufayli qulab tushgan edi.

Boshida Eron rasmiylari uchoqni raketa urib tushirganini rad etishdi. 11 yanvar kuni esa Eron armiyasi uchoq “g‘ayriixtiyoriy” ravishda urib tushirilganini tan oldi.

Rasmiylar uchoq harbiylar xatosi bilan urib tushirilganini tan olganidan keyin Eron bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlandi.

80 nafar eronlik jurnalist esa hukumat yolg‘onini tarqatishga ko‘maklashganlaridan afsusda ekanliklari izhor qilingan qo‘shma bayonot e’lon qildi.

“Barcha gazetalar davlat televideniyesi va radiosi bilan mustaqil tergov bo‘lmagani uchun ushbu ulkan yolg‘onni tarqatishdi va haqiqat fosh bo‘lganidan keyin, g‘azab va nafratga yo‘liqishdi”, deyiladi jurnalistlar bildiruvida.

Jurnalistlar bildiruv e’lon qilishi ortidan razvedka xodimlari ulardan ko‘pchiligining uyi va ishxonasini tintuv qilib, kompyuter, telefon, kitob, hujjat va qo‘lyozmalarni musodara qilgan.

Jurnalistlar qo‘lga olingani yo‘q, lekin ularga ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkorlik bilan fikr izhor qilish tavsiya qilingan. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining xabar qilishicha, ayrim jurnalistlar Facebook, Twitter va Instagram tarmoqlaridagi akkauntlarini o‘chirishga yoki ushbu platformalarda yozishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” bildiruvida hukumat yolg‘oni tufayli boshlangan namoyishlar ortidan “matbuotga bosimni kuchaytirib, hukumat chizig‘idan chiquvchi har qanday publikatsiyani man qilayotgani” aytiladi.

XS
SM
MD
LG