Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:34

San’atshunoslar Farg‘ona muzeyidan million dollarlik asar o‘g‘irlangani haqida Ozodbek Nazarbekovga arz qildi


Volkovning "Jo‘xorizor shovqini" asari
Volkovning "Jo‘xorizor shovqini" asari

O‘zbekiston xalq rassomi Aleksandr Volkov 1932 yilda yaratgan “Jo‘xorizor shovqini” asari Farg‘ona viloyat O‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanib, o‘rniga nusxasi qo‘yilganidan san’atshunoslar tashvish bildirdi.

San’atshunoslarning aytishicha, kartinaning originali rus san’at asarlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi MakDuggalls auksionida (London) 2012 yildan boshlab savdoga qo‘yila boshlagan.

Tashkilot O‘zbekiston Madaniyat vaziriga yozgan maktubda mamlakat muzeylaridagi eksponatlar o‘g‘riligiga chek qo‘yish talab qilingan.

Vazirlik matbuot kotibi Ozodlikka maktub "jiddiy o‘rganilayotganini" bildirdi.

Kanadadagi Alerte Héritage tashkiloti ekspertlari: san’atshunoslik fanlari doktori¸ professor Svetlana Gorshenina va ayni tashkilot rahbari, tarix va me’morlik fanlari doktori Boris Chuxovichlar tadqiqot o‘tkazib MakDuggalls auksioniga qo‘yilgan asarning Farg‘ona viloyat O‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanganini aniqladi.

Markaziy Osiyo san’ati ekspertizasi bilan shug‘ullanadigan Alerte Héritage tashkiloti rahbari Boris Chuxovichning Ozodlikka 18 fevral kuni aytishicha¸ “Farg‘ona muzeyidagi asarning originali Londonga olib kelingan va muzeyga esa qalbakisi qo‘yilgan”.

- Aleksandr Volkov tarafidan 1932 yilda yaratilgan “Jo‘xorizor shovqini” asarining qalbakisiga almashtirilganini aniqladik. Shu bilan birga Farg‘ona muzeyidagi Aleksandr Volkov mo‘yqalamiga mansub “Qurultoy” asarining ham qalbakisiga almashtirilib qo‘yilgani borasidagi ma’lumotlarni o‘rganyapmiz¸ - dedi san’atshunos.

Boris Chuxovichning aytishicha, “Jo‘xorizor shovqini”ni Farg‘ona viloyat O‘lkashunoslik muzeyi 1986 yili sotib olgan:

- Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ Volkovning “Jo‘xorizor shovqini” asari 1986 yilning 19 mayida rassomning o‘g‘li Valera tomonidan Farg‘ona viloyat O‘lkashunoslik muzeyiga 1500 sovet so‘miga sotilgan. Bu borada 50-raqamli olish-berish bayonnomosi tuzilgan. Rasm muzey fondiga kirim qilinganida oq-qora tasvirli fotoga ham olingan. Bu asarning originali London san’at bozoriga 2012 yili olib kelinib, qalbakisi muzeyga ilib qo‘yilganini ham aniqladik. Shu bilan birga Volkov tarafidan 1933 yili chizilgan “Qurultoy“ asari ham qalbakisiga almashtirilgani haqida jiddiy isbotlarimiz bor.

Ozodlikning o‘rganishicha¸ Farg‘ona muzeyidagi asarning qalbakligini aniqlashda original va qalbaki deb ko‘rilgan ikki kartina qiyosiy¸fragmentar va taxliliy ekspertiza qilingan. Ekspertizada taniqli san’atshunoslar va rassom Volkovning yaqinlari qatnashgan. Ikki yildan ziyod davom etgan tadqiqot ishtirokchilari Farg‘onaga borib, muzeydagi asarni tekshirgan va uning qalbaki ekanligini aniqlagan.

Ozodlik maqolani tayyorlash jarayonida Farg‘ona O‘lkashunoslik muzeyi direktori Bahodir Hoshimov bilan bog‘lana olmadi.

San’atshunos Chuxovichning aytishicha¸ Aleksandr Volkov asarlari o‘tgan asrda yashagan Markaziy Osiyo rassomlari orasida eng baland narxda sotiladi:

- Volkov asarlarining narxi juda yuqori. 2013 yili Londondagi «Bonxams» auksionidagi kimoshdi savdosida uning "Musiqachi bolalar" asari ikki million funt sterlingdan ziyod narxda sotilgan edi. Volkovning asarlari narxi kundan kunga oshib bormoqda. O‘zbek muzeylarida saqlanayotgan Volkov asarlarining o‘g‘rilar nishonida bo‘lganiga sabab ham shu.

Alerte Héritage tashkiloti Farg‘ona viloyat O‘lkashunoslik muzeyi va umuman o‘zbek muzeylaridagi o‘g‘riliklarga barham berish talabi bitilgan maktubni O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga yo‘lladi. Maktub matni 12 fevral kuni tashkilotning Internet sahifasida e’lon qilindi.

Maktub mualliflari “yangi vazirning madaniyat sohasidagi korrupsiyaga barham berish borasidagi tashabbusini olqishlagan holda o‘zbek muzeyidagi asarlarning o‘g‘irlanib jahon bozoridagi shubhali gumashtalar qo‘liga tushayotganidan” xavotir bildirishdi.

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva “bu maktub vazir tomonidan jiddiy va atroflicha o‘rganib chiqilayotganligini” ma’lum qildi.

O‘zbekiston muzeylari xususan Davlat san’at muzeyida noyob kartina va eksponatlar o‘g‘irlab sotilayotgani haqida Ozodlik qator maqolalar e’lon qilgan edi.

2014 yili Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi eksponatlarni qalbakisiga almashtirganlikda aybli deb topilgan O‘zbekiston davlat san’at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonovni 9 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Ozodlik maqolasida yozilishicha¸ muzey mansabdori 1999 yildan 2014 yilga qadar muzeyning ko‘plab nodir asarlarini sotib yuborib, davlatga juda kata miqdorda zarar keltirgan.

Maqolada Usmonov muzeyning eksponatlarni ta’mirlash laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Botirov bilan til biriktirib, yevropalik rassomlarning 25ga yaqin asarini ham sotib yuborgani haqida tafsilotlar bor.

1886 yili Yangi Marg‘ilonda tug‘ilib, 1957 yili Toshkentda vafot etgan O‘zbekiston xalq rassomi Aleksandr Volkovning asarlari 2010 yildan boshlab jahon bozorida o‘ta qimmat narxlarda sotila boshlangani kuzatiladi.

Rassomninng 1926 yili chizgan «Sohibjamol» asari Kristi auksionida 386 500 funt sterlingga¸ «Mozoriston» asari 433 250 funt sterlingga sotilgan edi.

XS
SM
MD
LG