Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:45

Toshkentda 21 kishi “Tavhid va jihod katibasi”ga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olindi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

19 fevralda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi poytaxt hududida “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining bir guruh tarafdor va a’zolari - 21 kishi qo‘lga olinganini xabar qildi.

Bu Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti etib saylanganidan buyon xalqaro terroristik tashkilotga aloqadorlikda gumon qilinib bir vaqtda qo‘lga olingan eng yirik guruhdir.

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safida faoliyat yuritayotgan toshkentlik 23 yoshli A. Shodibekovning g‘oyaviy ta’siriga tushib, uning jinoiy faoliyatiga yaqindan ko‘mak berish maqsadida moddiy tomondan yordam ko‘rsatib, katiba tarkibiga borib qo‘shilishni rejalashtirib kelgan.

“Yuqoridagilarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1552-moddasi 1-qismiga (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida poytaxt hududidagi 18 ta manzilda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 21 nafar shaxslar qo‘lga olindi”, deyiladi IIBB xabarnomasida.

Urg‘ulanishicha, ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olingan. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom etmoqda.

Oliy sudning 2016 yil 26 sentabridagi qarori bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Bundan oldin (joriy yilning 7 yanvarida) Toshkent shahrida IIV-DXX xodimlari bilan hamkorlikda 7 yanvar kuni o‘tkazilgan tadbirlar natijasida respublikada faoliyati ta’qiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining bir guruh a’zosi qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Necha kishi qo‘lga olingani aytilmagan.

Bu haqda xabar qilgan Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, “ushbu shaxslar O‘zbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma a’zolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda targ‘ibot olib borib, “Jihodchilar” DEO g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar”.

2019 yilning oktabrida ismi sir tutilishini so‘ragan o‘zbekistonlik sud mulozimi Ozodlikka "ikki yillik tanaffusdan keyin sudlar yana diniy ayblov bilan bog‘liq ishlarni ko‘ra boshlagan"ini ma’lum qilgandi.

Bu voqealarning barchasi O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 4 sentabr kuni 4437m soni bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarori chiqqanidan keyingi davrga to‘g‘ri keldi.

XS
SM
MD
LG