Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:25

Qashqadaryolik ayol prokuratura oldida o‘zini yoqdi. Uni qutqarmoqchi bo‘lgan otasi kuydi


Olim Mustafoyev (suratda) ayni paytda Qashqadaryodagi Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasida davolanmoqda.
Olim Mustafoyev (suratda) ayni paytda Qashqadaryodagi Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasida davolanmoqda.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi binosi oldida 19 fevral kuni ertalab soat 9-10 lar atrofida Muqaddas Mustafoyeva o‘z ustiga benzin sepib, o‘t qo‘ydi. O‘tni o‘chirish paytida uning otasi, 60 yoshli Olim Mustafoyev kuyish jarohatlari olib, viloyat Shoshilinch tez yordam klinikasiga olib kelindi. Muqaddas Mustafoyeva o‘t o‘z vaqtida o‘chirib qolingani uchun kuyish jarohatlarini olmagan, faqat kiyimlari kuygan.

Ozodlik bilan suhbatda Muqaddas Mustafoyeva o‘z uyi buzilishiga qarshi shikoyatlari tuman va viloyat prokurorlari tomonidan e’tiborga olinmagani uchun mana shunday harakat qilganini aytdi.

Viloyat prokuraturasi, viloyat hokimiyati bilan bu voqea yuzasidan bog‘lanish harakatlari natija bermadi. Ammo Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasi xodimi kuyish jarohatlari olgan Olim Mustafoyev viloyat prokuraturasidan olib kelinganini tasdiqladi.

Ota qizi bilan prokuraturaga arz qilish uchun borgan edi

Kosonlik Olim Mustafoyevning aytishicha, u qizi Muqaddas bilan 19 fevral kuni ertalab viloyat prokuraturasiga qizining uyi buzilayotganidan norozilik bildirib, navbatdagi arizani olib kelishgan. Biroq ularni qo‘riqchilar go‘yoki «prokuraturada hech kim yo‘q»ligini aytib, ichkariga kiritishmagan.

- Qizimning uyini buzishmoqchi bo‘lishayapti. Bir yildan beri uyni buzmasliklari uchun kurashib kelamiz. Dardimizni hech kim eshitmaydi.Sud orqali buzdirishmoqchi, endi. Shuning uchun qizim viloyat prokuraturasi oldida o‘ziga o‘t qo‘yib yubordi. Uni o‘chiraman deb qo‘llarimni kuydirdim. Keyin benzin quyilgan baklashka ustimga to‘kilib, qolgan joylarim ham kuyib ketdi, -dedi Olim Mustafoyev.

Uning aytishicha, qizi Muqaddas Mustafoyeva o‘t o‘z vaqtida o‘chirib qolingani uchun kuyish jarohatlarini olmagan, faqat kiyimlari kuygan. Olim Mustafoyev ayni paytda Qashqadaryo Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasiga yotqizilgan.

"O‘zimga o‘t qo‘yishimga uyimni buzishmoqchi ekani sabab bo‘ldi"

Muqaddas Mustafoyevaning aytishicha, u bankdan 15 million so‘m kredit olib, 2019 yilning martida Koson tumani Mash’al mahallasi Fusunkor ko‘chasida yashovchi opasining hovlisiga tutashgan 7 sotixli bo‘sh yotgan maydonda bir xonali uy qurgan.

“Ammo oradan bir necha oy o‘tgach, yillab xuvillab yotgan bu hududning egasi chiqib qoldi”,-deydi Muqaddas Mustafoyeva, - Bu yerga opam mol bog‘lar edi. Egasi ham yo‘q edi, xuvillab yotgan bir tashlandiq joy edi. Uysizlikdan majbur bo‘lib, kredit olib shu yerga bir xonali uy qurdik. Bungacha “ostanovkada”gi bir hujrada yashab yurdik. Erim ikkinchi guruh nogironi, bir bolam bor, hozir xomiladorman. Uyni qurib bo‘lganimizdan keyin yerning egasi chiqib qoldi. Rostini aytsak kadastr hujjatlarim yo‘q. Noilojlikdan shu bo‘sh yerga uy qurgan edik. Endi uyimizni buzishmoqchi.

Muqaddas Mustafoyevaga ko‘ra, u advokati yordamida o‘zi uy qurgan yetti sotix yer xususiy shaxsga emas, davlatga qarashli ekani to‘g‘risidagi hujjatlarni yiqqan va Koson tuman prokuraturasi va hokimiyatiga topshirgan. Ammo bu hujjatlar rasmiylar tomonidan e’tiborga olinmagan.

Ozodlikda Muqaddas Mustafoyevaning bu iddaosini tasdiqlovchi hujjat mavjud emas.

Mazkur voqea yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi, viloyat hokimligi, Koson tuman prokuraturasi va hokimiyati bilan telefon orqali bog‘lanish harakatlarimiz natijasiz yakunlandi.

Tez yordam shifokori o‘ziga o‘t qo‘yganlar viloyat prokuraturasidan olib kelinganini tasdiqladi

Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasining ismini aytmasligimizni iltimos qilgan shifokori Olim Mustafoyev va Muqaddas Mustafoyeva viloyat prokuraturasidan "Tez yordam" mashinasida olib kelinganini tasdiqladi:

- Hozir barcha muolajalarni qilayapmiz. U kishining qo‘llari, bosh qismi va orqa tomoni kuygan. Uzr, bundan boshqa ma’lumotlarni bera olmayman.

Avvalgi noroziliklar

O‘zbekistonda uyi buzilishdan norozilik bildirib, turli harakatlarni sodir etish holatlari so‘nggi paytlarda tez-tez takrorlanib turibdi.

14 fevral kuni Surxondaryoning Oltinsoy tumanidagi "Xalqobod" mahallasida uylari buzilishidan norozi bo‘lgan aholi va IIB xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgandi. To‘qnashuvda IIBning ikki xodimi va bir fuqaro tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan.

10 fevralda Sariosiyo tuman, Gulobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi ayol ko‘ksiga prezident Mirziyoyev portretini osib, qo‘lida bolta bilan uyini buzishga kelganlarga tahdid qilgan.

Shu yilning 21 yanvarida Samarqandda uyidan majburiy chiqarish to‘g‘risidagi sud qarorini ijro etish uchun kelgan MIB xodimlarini Dilorom Roziqova yoqib yuborishga harakat qilgan.

Dilorom Roziqova MIB xodimlarini yoqmoqchi bo‘lgan 21 yanvar kuni Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi 31 yashar Xushnud G‘oyibnazarov uyini musodara qilishga kelgan Majburiy ijro byurosi xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi. 25 yanvar kuni Xushnud G‘oyibnazarov shifoxonada vafot etdi.

XS
SM
MD
LG