Bir guruh olimlar zichligi quyosh markazi zichligidan yuqori bo‘lgan jismlar yordamida o‘rtacha vazndagi yulduzlarda sodir bo‘ladigan yadroviy jarayonlarni o‘rganib chiqdi.
Kichik va yirik vazndagi yulduzlar umri qay yo‘sinda tugashi bo‘yicha ilmiy konsensusga kelingan.
Ammo yangi tadqiqot natijalari o‘rta vazndagi yulduzlar haqidagi taxminlar xato bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Xususan, tadqiqot o‘rta vazndagi yulduzlar umri avval ishonilgandek yulduz ichiga qulashi – gravitatsion kollaps bilan emas, balki yirik portlash bilan tugashini ko‘rsatdi.
Yulduz evolyutsiyasi uning vazniga bog‘liqdir. Bizning Quyosh kabi kichik yulduzlar umri oxirida oq mitti deb nomlanuvchi ob’ektga aylanadi.
Yirik vaznli yulduzlar umri yakunida portlab, neytron yulduziga yoki qoldiq massasi Quyoshnikidan 4 yoki undan ko‘p marta katta bo‘lsa, qora
tuynukka aylanadi. O‘rta vazndagi yulduzning umri yakuni esa murakkab bo‘lib, har xil kechadi.
Germaniyadagi Og‘ir ionlar instituti professori Gabriel Martines-Pined:
- O‘rta massali yulduzlarning so‘nggi taqdiri juda kichik tafsilotga, xususan, yulduz yadrosida neon-20 izotopi qanchalik tez elektronlarni tortishiga bog‘liq, — deydi, - elektron tortish sur’atidan kelib chiqqan holda, yulduzda termoyadroviy portlash sodir bo‘ladi yoki u qulab tushib, neytron yulduzga aylanadi.
Yadroviy laboratoriyada ushbu izotoplarni o‘rganib chiqqan olimlar neon-20 hamda ftor-20 holatlaridan o‘tish etapi o‘rta massali yulduzlarda elektron tortish darajasini belgilashda muhim o‘rin tutishini aniqlashdi.
Ftor-20 izotopining parchalanish jarayoni hamda nazariy hisoblar asosida olimlar elektron tutish darajasini hisoblab chiqishdi.
Elektron tutish jarayonida elektron atom yadrosiga tortiladi. Natijada proton neytron hamda neytrinoga aylanadi, hosil bo‘lgan neytrino tashqariga chiqariladi. Elementlar xususiyati ular yadrosidagi protonlar soniga bog‘liq bo‘lgani uchun, elektron tutish jarayoni bir element ikkinchi elementga aylanishiga olib keladi.
Odatda ushbu jarayon ortidan beqaror izotop barqaror izotopga aylanadi. Finlyandiyaning Yvyaskyulya universiteti tezlatish laboratoriyasida o‘tkazilgan tajribalar neon- 20 da elektron tutish avval ishonilganidan ozroq zichliklarda sodir bo‘lishini ko‘rsatdi. Bu esa o‘rta vaznli yulduzlarda ushbu jarayonning sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Ya’ni, o‘rta massali yulduzlarning neytron yulduzga qulashidan ko‘ra termoyadroviy portlashga uchrashi ehtimoli yuqoriroq.
- Bir dona o‘zgarish yulduz kabi yirik ob’ekt evolyutsiyasiga shunchalik katta ta’sir ko‘rsatishi hayratlanarlidir, — dedi guruh a’zolaridan biri Dag Fahlin Stromberg.
Tadqiqot natijalari galaktikamizda ayrim kimyoviy elementlar mo‘l-ko‘lligi va evolyutsiyasini anglashimizda muhim o‘rin tutishi mumkin.
Yulduz qulashi, ya’ni gravitatsion kollapsga solishtirganda, termoyadroviy portlashlar juda ko‘p elementlar atrofga sochilishiga olib keladi.
Agar olimlarning xulosalari to‘g‘ri bo‘lsa, o‘rta vaznli yulduzlar umri odatda termoyadroviy portlash bilan tugashini xulosa qilish mumkin. Ammo bu taxminni tasdiqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak.