Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:31

Tuyaqushchi "Straus house" egasi tergovchilarni 1 million dollar pora so‘raganlikda aybladi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi binosida 27 fevral kuni boshlangan mahkamada Ibrohim Isroilov jurnalistlarga gapirmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi binosida 27 fevral kuni boshlangan mahkamada Ibrohim Isroilov jurnalistlarga gapirmoqda.

Yuzlab odamni chuv tushirganlikda ayblanayotgan "Straus house" tuyaqush shirkati rahbari Ibrohim Isroilov 27 fevral kuni o‘zi va yana uch sherigi ustidan boshlangan ochiq mahkamada tergovchi ishni bosti-bosti qilish uchun o‘zidan 1 million AQSh dollari miqdorida pora so‘raganini iddao qildi.

Isroilov va u asos solgan tuyaqushchilik shirkati direktori, direktor muovini va hisobchisi 300 dan ortiq fuqaroning milliardlab so‘m miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi binosida 27 fevral kuni boshlangan mahkamada Isroilovga jurnalistlarga gapirish imkoni berildi.

Sud zalidan olingan videoda Isroilov qamoqqa olinganidan keyin, shirkati mol-mulki talon-toroj bo‘lgani, qamalgani ortidan tuyaqush biznesi kasodga uchragani va shu bois mijozlar pullarini qaytarish imkonidan ham mahrum qolganini aytadi.

- To‘rt yuzdan ortiq jo‘ja olganlarning taqdirini kim o‘ylaydi? Menku qamalib ketaveraman. O‘zbekistonda tuyaqush bozorini rivojlanishida bizning shirkatning hissasi katta bo‘ldi. Biz ishlayotgan payt bozor qanday rivojlanayotgan edi. Bizning "Straus House" shirkati sindi, bozor ham sindi. Kim tuyaqush olayapti - hech kim. Tergovchilar shirkatga borib, kompyuterlarmizgacha olib ketgan. Meni qamab qo‘ydi. Qanday qilib odamlarning pullarni qaytarib berishim mumkin? Tag‘in mendan ishni bosti-bosti qilish uchun tergovchilar 1 million AQSh dollari so‘rashgan, - dedi Isroilov.

Isroilov bu iddaosini qo‘llovchi dalillarni sudga taqdim qilgan-qilmagani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Oliy sud e’lon qilgan bayonotga ko‘ra¸ tergov jarayonida 300dan ortiq jabrlanuvchi va fuqaro da’vosi o‘rganib chiqilgani va ularga yetkazilgan moddiy zarar miqdori qariyb 8 milliard so‘m deb baholangan.

Shundan dastlabki tergov mobaynida¸ aytilishicha¸ 1,8 milliard so‘mdan ortig‘i undirilgan.

Hozirgacha tadbirkorlarning tuyaqush jo‘jalari uchun "Straus House" ga to‘lab qo‘ygan pullari qanday qaytarilishi borasida rasmiy ma’lumot berilmadi.

"Straus House" shirkati egasi Ibrohim Isroilovning ismi ochiqlanmasligini istagan yaqinlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda suddagi hujjatlarda qarzdorlik ikki baravar ko‘p qilib ko‘rsatilganini iddao qildi.

- 8 milliard qilib orttirib ko‘rsatilayapti. Bundan tashqari yuzlab jo‘ja olganlar ham olmadim deb¸ yoki jo‘jalar o‘lib qoldi¸ deb da’vo qilgan. Biz besh kun ichida o‘lib qolgan jo‘jalarga javob beramiz. Undan ortiq muddatda o‘lib qolgan jo‘jalarning pulini qaytarib berolmaymiz. Bizning hisob-kitobimiz bo‘yicha qarzdorlik 4 milliard so‘m atrofida. Hozir mana tuyaqush jo‘jasi olish uchun Pokistonga o‘tkazilgan 200 ming AQSh dollari qaytarib olindi. Hozir 100 ming AQSh dollari Malayziyada turibdi. 34 ming dollar Pokistonda. Shu pullar ham qaytarilsa, pul qaytariladi. Buning uchun Ibrohimni qamoqdan chiqarish kerak, - dedi Isroilov yaqinlaridan biri.

Bu suhbatdosh, tergov jarayonida Isroilovning buvisiga tegishli Toshkentdagi uy ham xatlanganini aytdi.

- Bu uy Ibrohimniki emas¸ buvisiniki. U uyga uch opa-singil da’vogar. Ibrohim ​uy egasiga nevara bo‘ladi. Onasi birinchi eridan ajrab ketganidan keyin, buvisinikida yashagan, shu uyda yashagan xolos. Bular shu uyni ham xatlashdi, - dedi Isroilovning ismi ochiqlanmasligini istagan qarindoshi.

Ozodlik Ibrohim Isroilov va sheriklarining iddaolari yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan izoh ola olmadi. Prokuratura matbuot xizmati elektron manziliga 28 fevral kuni yuborilgan savollar javobsiz qoldi.

Ikki yil avval mahalliy matbuot va televideniye ¸ shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda "Straus House" shirkati Janubiy Afrikadan keltiriladigan tuyaqush jo‘jalari donasini o‘rtacha 2 million so‘mdan sotib olib¸ boyish haqidagi reklama e’lonlari bilan tanildi.

Isroilov¸ bir yoshga to‘lgan tuyaqushning har birini aholidan o‘rtacha 9-10 million so‘mdan qayta sotib olishni ham va’da qildi.

O‘zlarini tuyaqush biznesida sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan fuqarolarning Ozodlikka aytishicha, ular shu reklamaga uchib tuyaqush jo‘jalarini harid qilish uchun “Straus House” bilan shartnoma tuzganlar.

Aytilgan pul may oyida to‘liq to‘langaniga qaramay¸ jo‘jalardan darak bo‘lmagani ortidan¸ ular davlat idoralariga shikoyat qilishga kirishgan.

Ozodlik gaplashganlar orasida¸ "Straus House" va’dalariga uchib¸ bankdan kredit olib, 200 million so‘m to‘lab qo‘yganlar ham bor.

XS
SM
MD
LG