Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:49

Tojikistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi


Tojikistonda muxolif partiya - Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi (TIUP) ekstremistik partiya sifatida taqiqlanganidan beri ilk parlament saylovlari o‘tkazildi.

TIUP 1992-97 yillarda ro‘y bergan fuqarolar urushi vaqtida Tojikiston hukumatiga qarshi koalitsiyaga qo‘shilgan edi.

Tojikiston Adliya vazirligi 2015 yil avgustida partiyani davlat ro‘yxatidan chiqardi va oradan bir oy o‘tib, u ekstremistik tashkilot deb e’lon qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi ovoz beruvchilarning 75 foizi saylovda qatnashganini ma’lum qildi.

Tojikiston qonunchiligiga binoan saylovchilarning yarmi ovoz bersa, saylov bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi.

Komissiya rahbari Baxtiyor Xudoyorzodaga ko‘ra, "shaffof va haqqoniy saylov o‘tkazish uchun" 3 ming 412 ta ovoz berish uchastkasi ishlagan.

Joriy prezident Emomali Rahmon bosh bo‘lgan Xalq demokratik partiyasi bugungi saylovda eng ko‘p ovozi to‘plashi kutilmoqda.

Nomzodlar Majlisi Namoyandagon – mamlakat parlamenti quyi palatasidagi 63 o‘rin uchun bellashdi.

Ozodlik radiosi tojik xizmati mamlakatni 1992 yildan beri boshqarib kelayotgan prezident Rahmon ertalabdanoq ovoz berganini xabar qildi.

Prezident Rahmon ovoz bermoqda, 1 mart, 2020
Prezident Rahmon ovoz bermoqda, 1 mart, 2020

Saylovda 6 partiyadan nomzodlar qatnashdi. Ular orasida faqat Sotsial-demokratik partiyasi - muxolif partiyadir.

Sotsial-demokratik partiya har bir nomzod to‘lashi kerak bo‘lgan 600 dollar mablag‘ni to‘liq bera olmagani uchun partiya nomzodlari soni 8 tadan 5 taga ozaytirildi.

Avvalgi saylovlarda partiya minimal 5 foiz ovozni to‘play olmagani uchun parlamentda o‘rin ololmagan.

Mamlakatda o‘tkazilgan avvalgi saylovlar davomida qator qonunbuzarliklar, jumladan, soxta saylov qog‘ozlarini to‘ldirish, bir necha marta ovoz berish hamda saylov qog‘ozlarini sanash qoidalariga amal qilmaslik holatlari qayd etilgan.

Shuningdek, tanqidchilar hukumatni muxolifat guruhlarini va tanqidchilarni siquvga olishda ayblab keladi.

Jumladan, «Guruh 24» muxolifat harakati 2014 yilda ekstremistik tashkilot deb topilib, taqiqlandi.

«Guruh 24» ham, TIUP ham hukumat ayblovlarini keskin rad etib keladi.

TIUP yetakchisi Muhiddin Kabiriy saylovga qo‘yilgan muxolif partiyani tojikistonliklarni saylovda qatnashishdan bosh tortish o‘rniga sotsial-demokratlarga ovoz berishga chorlamoqda, deb ayblaydi.

Tojikiston parlamenti vakolatlari amalda cheklangan bo‘lib, hokimiyat boshqaruvi mamlakatga 1992 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan prezident Rahmon qo‘lidadir.

Markaziy saylov komissiyasi saylovda 241 nafar nomzod bellashayotganini ma’lum qildi. Komissiyaga ko‘ra, xorij davlatlarida ishlayotgan muhojirlarni hisobga olganda 4,793,282 nafar odam saylash huquqiga ega.

Tojikistonda chuqur ildiz otgan ishsizlik tufayli yuz minglab odam Rossiyada ishlaydi. Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi muhojirlar ovoz berishi uchun 5ta saylov uchastkasi tayyorlaganini ma’lum qilgan.

Saylov natijalari tan olinishi uchun saylovchilarning kamida 50 foizi ovoz berishi lozim. Agar saylovchilarning yarmi ovoz bermasa, qaytadan saylov o‘tkaziladi. Biroq, Tojikistonda hali biror marta bunday holat kuzatilmagan.

XS
SM
MD
LG