Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:42

Tojikiston. Muxolif partiya ishtiroki taqiqlangan saylovda hokimiyatdagi partiya g‘alaba qozonishi kutilmoqda


Prezident Imomali Rahmon ovoz bermoqda. Dushanbe, 2020, 1 mart.
Prezident Imomali Rahmon ovoz bermoqda. Dushanbe, 2020, 1 mart.

Tojikistonliklar 1 martda parlament saylovida ovoz berdi. Unda prezident Imomali Rahmon rahbarlik qilayotgan hokimiyatdagi partiya ishonchli g‘alaba qozonishi kutilmoqda. Saylovda faqat bitta muxolif partiya ishtirok etdi.

Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylov Markaziy Osiyoning avtoritar davlatida yetakchi muxolifat tashkiloti – Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi (TIUP) faoliyati besh yilcha oldin taqiqlangandan beri o‘tayotgan birinchi parlament saylovidir.

Saylov uchastkalari yopilishidan bir oz oldin Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) saylovchilarning 75 foizi – taxminan, 3,7 million kishi ovoz berganini ma’lum qildi. Tojikiston qonuniga ko‘ra, saylov haqiqiy deb topilishi uchun unda saylovchilarning kamida 50 foizi ovoz berishi kerak.

Hech qachon parlamentga o‘ta olmagan Sotsial-demokratik partiya (SDP) saylovda bellashgan yagona muxolif partiya bo‘ldi.

Saylov komissiyasi saylovning dastlabki natijalari 2 martda e’lon qilinishini bildirdi.

Saylov komissiyasi raisi Baxtiyor Xudoyorzoda oldinroq “shaffof va odil saylov o‘tkazish” uchun 3412 ta saylov uchastkasi tashkil etilganini xabar qilgan edi.

G‘arblik kuzatuvchilar so‘nggi 20 yilda Tojikistonda biror marta ham erkin va raqobatli deb atash mumkin bo‘lgan saylov o‘tkazilmaganini aytmoqda. Ular orasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Yevropadagi Demokratik institutlar va inson huquqi byurosi

“Ozodlik” muxbiri keng tarqalgan muammolardan biri sifatida o‘zi guvoh bo‘lgan holat, ya’ni bir kishining 22 ta byulletenni saylov qutisiga tashlaganini xabar qildi. Bunaqa holatlar aks etgan videolar Internetda tarqalib ketdi.

Prezident Rahmonning hokimiyatdagi partiyasi mamlakat parlamentining quyi palatasi – Majlisi Namoyandagonda ko‘pchilik o‘rin olishi kutilmoqda. Saylovda yana 6 ta kichik partiya ishtirok etdi.

SDP 5 nomzodni ro‘yxatga kiritdi. Har bir nomzod uchun 600 dollar to‘lanishi kerakligi va mablag‘ yetishmasligi sababli dastlabki 8 kishini ro‘yxatga kirita olmadi.

Partiya parlamentga o‘tish uchun 5 foizlik to‘siq qo‘yilgani uchun o‘tgan saylovlarda o‘rin ola bilmagan edi. U Tojikiston hokimiyat idoralarini erkin va halol saylov o‘tkazmayotganlikda, muxolif partiyalarga talabni juda qattiq qo‘yayotganlikda ayblab keladi.

Group 24 muxolifat harakati ekstremist tashkilot sifatida 2014 yilda taqiqlangan, oradan bir yil o‘tib esa, TIUP “terrorchilik tashkiloti” deb atalgan edi. Partiya rahbari Muhiddin Kabiriy tarafdorlarini SDPga ovoz berishga chaqirdi.

Tojikistonda parlament hokimiyatning nomigagina faoliyat yurituvchi organi hisoblanadi, asosiy hokimiyat prezident Rahmon qo‘lida jamlangan.

MSK saylovda qatnashish uchun 241 nafar nomzod ro‘yxatga olinganini aytdi. 41 deputat bir mandatli okruglardan, 22 nafari esa partiya ro‘yxati tizimi bo‘yicha saylanadi.

Bir mandatli okruglarda nomzodlar 50 foiz va bir ovoz olsa, deputat bo‘ladi. Hech bir nomzod bunaqa ovoz ola bilmasa, eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod saylovning ikkinchi bosqichida bellashadi.

MSK bildirishicha, Tojikistonda mehnat migrantlarini qo‘shib hisoblaganda, 4,793,282 nafar saylovchi bor.

Ishsizlik darajasi yuqoriligi sababli yuz minglab tojiklar Rossiyada migrant ishchi bo‘lib ishlamoqda. Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi tojik migrantlari uchun Rossiyada 5 ta saylov uchastkasi tashkil etganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG