Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:53

Bishkekda miting tartibsizlikka aylandi. 22 kishi jarohatlandi, 166 kishi qo‘lga olindi


Tartibsizliklar paytida qo‘lga olinganlarning 4 nafari hibsda qoldirildi.
Tartibsizliklar paytida qo‘lga olinganlarning 4 nafari hibsda qoldirildi.

Bishkekda 2 mart kuni o‘tgan miting paytida yuz bergan tartibsizliklarda turli jarohatlar olgan 22 kishi kasalxonalarga murojaat qildi. Ularning asosiy qismi militsiya xodimlaridir. Tartibsizlik paytida 166 odam qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi 3 mart kuni ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning 162 nafari shaxsi aniqlanganidan so‘ng qo‘yib yuborilgan, 4 nafari hibsga olingan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 264 -moddasi (ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish) asosida ayblov bildirilishi mumkin.

2 mart kuni 2017 yilda ozodlikdan mahrum qilingan sobiq parlament deputati Sadir Japarovning minglab tarafdorlari Bishkek bosh maydoniga yig‘ilib, uni ozod qilish talabi bilan miting o‘tkazdi. Miting militsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Miting tashkilotchilari sifatida Qirg‘iziston parlamenti sobiq deputati Qanibek O‘smonaliyev va qamoqdagi deputat Sadir Japarovning akasi Sabir Japarov qo‘lga olindi.

- Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga Qanibek O‘smo‘naliyev, Sabir Japarov va boshqalar olib kelindi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 39- moddasi, “Hokimiyatni kuch bilan bosib olishga harakat” bo‘yicha reestrga olindi. Hozir tergov ishlari ketmoqda – dedi MXDQ matbuot kotibi Raxat Sulaymanov.

Bishkekdagi Ala-Too (Olatog‘) maydonida 2 mart kuni Sadir Japarov tarafdorlariga mahalliy hokimiyat soat 17. 00 gacha miting o‘tkazishga ruxsat bergan edi. Ammo belgilangan vaqtda miting yakunlanmagani ortidan soat 18 da militsiya norozilarni tarqatishga uringan. Shu paytda militsiya va mitingchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan.

Militsiya maxsus vositalar, jumladan, yosh oqizuvchi gaz yordami bilan mitingchilarni maydondan chiqarib yuborishga urindi. Tartibsizliklar paytida mitingchilar militsiya xodimlarini toshbo‘ron qilgan. Militsiya maydon atrofidagi to‘rtta ko‘chadan mitingchilarni quva boshlaganidan so‘ng, mitingchilar mazkur ko‘chalarda turgan avtomashinalarni ham toshbo‘ron qilib, oynalarini va chiroqlarini sindirishgan.

Militsiya ko‘plab kafe va restoranlar joylashgan O‘ro‘zbekov ko‘chasida xo‘randalar va xodimlardan tashqariga chiqmaslik haqida ovoz kuchaytirgichlar orqali iltimos qilgan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ayni paytda Bishkekda vaziyat barqaror. 3 martga o‘tar kechasi tinch o‘tgan.

Sadir Japarov 2017 yilning 25 martida 2013 yilda Issiqko‘l viloyatida Qumtor oltin konini milliylashtirish talabi bilan tartibsizliklarga aylanib ketgan mitingni uyushtirganlikda ayblanib qamoqqa olingan edi.

Sadir Japarov Bishkek shahar Birinchi May tuman sudi hukmi bilan odam o‘ldirishga urinish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish, beboshlik va hokimiyat vakilini garovga olishda aybdor deb topilib, 11 yil 6 oyga qamalgan.

2 mart kungi militsiya ma’lumotiga ko‘ra, 800 kishi, uyushtiruvchilarga ko‘ra 5000 kishi qatnashgan miting ishtirokchilarini xavfsizlik kuchlari kuch ishlatib tarqatdi.

Qirg‘iziston poytaxtida sodir etilgan tartibbuzarliklar davomida avtomashinalar, korxona-tashkilotlar binolariga zarar yetdi.

XS
SM
MD
LG