Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:50

O‘zbekistondan o‘g‘irlangan san’at asarlarining ba’zilarini qaytarish boshlandi


Farg‘ona muzeyidan o‘g‘irlanib Londonga olib ketilgan asar
Farg‘ona muzeyidan o‘g‘irlanib Londonga olib ketilgan asar

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi joriy haftada 1991 yildan to shu kunga qadar mamlakat muzeylaridan o‘g‘irlab ketilgan tasviriy san’at asarlari va me’moriy obidalar parchalarini mamlakatga qaytarish jarayonini boshladi.

Vazirlik matbuot xizmati rahbarining 3 mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ “san’at asarlarini qaytarish borasidagi xalqaro mexanizmlar va tuzilmalar asosida vazirlik O‘zbekistondan o‘g‘irlab ketilgan san’at asarlari restitutsiyasini boshlagan”

Mulozimga ko‘ra¸ asarlarni qaytarish eng avvalo Farg‘ona viloyat O‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanib Londondagi kim oshdi savdosiga qo‘yilgan rassom Volkov asaridan boshlanadi:

- Farg‘ona O‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanib, Londondagi MakDugalls auksioniga qo‘yilgan, Aleksandr Volkov 1932 yilda yaratgan “Jo‘xorizor shovqini” asari yuzasidan joriy yilning fevral oyi oxirida prokuratura jinoyat ishi ochdi va tergov ishlari shu kunda davom etmoqda.

Ozodlik bu asar o‘g‘irlangani haqida joriy yilning 18 fevral kuni yozgan edi.

"Turkiston avangardi" uslubidagi asarlar o‘g‘rilarga nishon bo‘lmoqda
"Turkiston avangardi" uslubidagi asarlar o‘g‘rilarga nishon bo‘lmoqda

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kanadadagi Alerte Héritage tashkiloti rahbari, tarix va me’morlik fanlari doktori Boris Chuxovichga 1 mart kuni yozgan rasmiy maktubida ham asarlarni xalqaro qoidalar asosida qaytarish jarayoni boshlanishi haqida va’da bergan edi.

Vazirlik mulozimi bu xat nusxasini Ozodlikka taqdim qildi.

So‘zana ham qaytariladi

Muzeydan o‘marilgan so‘zana
Muzeydan o‘marilgan so‘zana

Madaniyat vazirligi vakilining Ozodlikka bildirishicha, O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlanib AQShda savdoga qo‘yilgan XIX-XX asrlarga tegishli so‘zanani ham qaytarish jarayoni boshlangan.

Bu so‘zana almashtirib qo‘yilgani haqida Ozodlik 21 fevral kuni maqola e’lon qilgan edi.

O‘g‘irlangan san’at asarlarni qaytarish bo‘yicha Madaniyat vazirligi ilk bora tashabbus bilan chiqmoqda.

Xalqaro muzeylar kengashi ICOM (International Council of Museums) kodeksiga ko‘ra¸ muzeylardan o‘g‘irlangan yoki shubhali tarzda muzeyni tark etgan eksponatlarni boshqa muzeylar sotib olishi mumkin emas va eksponat o‘zining birlamchi joyiga qaytarilishi kerak.

Qaytarish oson emas

Shveysariyadagi Alerte Héritage tashkiloti Bosh kotibi¸ san’atshunoslik fanlari doktori¸ professor Svetlana Gorsheninaning Ozodlikka aytishicha¸ “asarning qaytarilishi ancha murakkab jarayondir”:

- Avvalo jabrlanuvchi taraf bo‘lishi kerak. Bu holatda madaniyat vazirligi tamsil qilgan O‘zbekiston davlati jabrlanuvchi hisoblanadi. Mabodo asar Londondagi auksionda savdoga qo‘yilgan bo‘lsa, bu shahardagi kriminal politsiyaga rasman shikoyat yoziladi. Jabrlanuvchi o‘z shikoyatiga isbot va dalillarni ilova qilishi ishni osonlashtiradi. Dunyodagi san’at oldi-sotdisining asosiy qismi amalga oshadigan Londonda shahar politsiyasining (Metropolitan Police Service) osori -atiqa bilan bog‘liq jinoyatlarni taftish qiladigan bo‘limi bor. Bu bo‘lim tergovchilari jinoyatni majvjudligini isbotlasa ish sudga oshadi. Sud qarori bilan asar O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin.

Светлана Горшенина билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:44 0:00
Бевосита линк


Qaytarilgan koshin izidan

Toshkentlik san’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ 1991 yildan beri o‘g‘irlangan asarlardan faqat bittasi qaytarilgan:

- 2017 yilning avgustida Buxoroning Vobkent tumanidagi «Chashmai Ayub» maqbarasi peshtoqidan o‘g‘irlab ketilgan noyob koshin britaniyalik olim harakatlari bilan o‘z joyiga qaytarilgan edi. Maqbarani ta’mirlagan ustalar tarafidan o‘g‘irlangani sudda tasdig‘ini topgan bu koshin Londondagi antikvar galereyada paydo bo‘lganida Oksford universitetining professori Jeyms Allan nazariga tushdi. Allan koshinning Buxorodagi “Chashmai Ayub” maqbarasidan o‘g‘irlanganini isbot qilib, asarni O‘zbekistonga qaytarish ishlarini o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirgani e’tiborga molik”.

Turdiyev Buxorodagi koshin o‘g‘rilari ustidan 2017 yili o‘tkazilgan sudda ekspert sifatida qatnashganini aytdi.

Uning sud materiallariga tayanib aytishicha, koshinni o‘g‘irlagan ustalar “Chashmai Ayub” maqbarasini ta’mir qilishga Madaniyat vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasidan izn olgan.

Faqat bu “ta’mirchilar” koshinlarning Qur’on suralari yozilgan qismini o‘g‘irlagan. Yarim metr kattalikdagi koshin parchasi O‘zbekiston havo yo‘llariga tegishli uchoq bort kuzatuvchisi tarafidan oldin Turkiyaga, keyin esa Germaniya orqali Londonga yetkazilgan. Sud koshin parchasini o‘margan 4 kishini aybli deb topib ozodlikdan mahrum qilgan edi” deya eslaydi san’atshunos Turdiyev.

Muzeyni xodimlardan himoya qilish kerak

Turdiyevga ko‘ra¸ me’moriy obidalarga oid parchalar ko‘p holatda obidani ta’mirlagan “ustalar” tarafidan amalga oshiriladi:

- Xivadagi “Nurillaboy” saroyini ta’mirlash chog‘ida osori atiqalarni o‘margan o‘nga yaqin usta ustidan 2016-17 yillarda uchta sud majlisi bo‘lgan edi. Ustalar saroy ichidagi qadimiy koshinli kamin¸ qadimiy parket va eng muhimi Nurmat usta¸ Ro‘zmat va Bobojon ustalar yasagan qadimiy eshikni o‘g‘irlagan. Aybdor eshikni o‘g‘irlaganini bo‘yniga oldi, ammo eshik sotilib ketgani bois izini topishning iloji bo‘lmadi. Sud saroy eshigini 229 million so‘m deb belgiladi va aybdor bu pulni davlatga to‘ladi.

San’atshunosning aytishicha, O‘zbekistonda muzeylardan kartina o‘g‘irlash ham asosan shu muzey xodimlari tarafidan amalga oshiriladi:

- Masalan, shu kunda Madaniyat vazirligi AQShdan qaytarmoqchi bo‘lgan so‘zanani O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi bosh muxofizi o‘marib T.T ismli sobiq diplomatga (to‘la ismi Ozodlkikda mavjud-tahr) sotgan. Bosh muxofiz Mirfayz Usmonov muzeydan asar o‘g‘irlashda ayblanib qamalib ketdi. Lekin asar ham joyiga qaytmadi. Inventarizatsiya paytida tarixiy eksponat soxtasiga almashtirilgani aniqlangan. Bu haqdagi 4-sonli dalolatnoma nusxasini ko‘rganman. Gapning qisqasi muzeylarni muzey xodimlaridan himoya qilish kerak.

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustdagi 678-I-sonli “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida” gi qonunining 8-moddasida “Ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar hamda davlat tomonidan muhofaza ro‘yxatlari va reestriga kiritilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas”, deb ko‘rsatilgan.

P.S.

Maqola yozilayotgan paytda Shotlandiyadagi xususiy kolleksioner tarafidan Samarqanddagi temuriylar davriga oid deya taqdim qilingan zangori koshinlar savdoga qo‘yildi.

Shunigdek, Surxondaryoning “Dalvarzintepa” yodgorligiga oid terrakot haykal Internetda savdoga qo‘yilgani haqida “Madaniy meros” boshqarmasining Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari Sundar Qoraboyev Ozodlikka ma’lum qildi.

Ozodlik O‘zbekistondagi osori-atiqalar talon-toroji borasida o‘z surishtiruvini davom ettiradi.

XS
SM
MD
LG