Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:50

Prezident qarori: Paxta yetishtirish rejasi, uning xarid narxini belgilash amaliyoti bekor qilinadi


Qarorga binoan paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang‘ich birja narxida erkin sotiladi.
Qarorga binoan paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang‘ich birja narxida erkin sotiladi.

6 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror qabul qildi. Bu haqda bir qator mahalliy nashrlar, jumladan qalampir.uz xabar qildi.

O‘zbekistonda paxta va g‘alla yetishtirishda davlat rejasini bosqichma-bosqich bekor qilish ko‘zda tutilayotgani to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bildirgan edi.

6 martda imzolangan qarorga binoan:

birinchidan, 2020 yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi va paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi. Shu bilan birga sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi;

ikkinchidan, Paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyasi tashkil etiladi;

uchinchidan, paxta xom ashyosi yetishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi. 2020 yil 15 martdan boshlab, paxta xom ashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 12 oy muddatgacha yetishtiriladigan paxta umumiy qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 8 foiz, 60 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan mikdorda kreditlar ajratiladi;

to‘rtinchidan, “O‘zpaxtasanoat” AJni tugatish choralari ko‘riladi. Bunda kooperatsiya tashkil etiladigan hududlarda paxta tozalash zavodlaridagi “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari aksiya (ulush) paketlarini belgilangan tartibda kooperatsiyalarga yoki tadbirkorlik sub’ektlariga sotish nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik” birlashmalarining paxta tozalash zavodlaridagi aksiya (ulush) paketlari sotilishiga qadar, ushbu zavodlar tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash xizmati (tegirmon usulida) ko‘rsatish nazarda tutiladi.

Beshinchidan, jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan (indikativ) narxlar e’lon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritish amaliyoti joriy etiladi.

Oltinchidan, paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang‘ich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlang‘ich narx shakllanishida 10 foiz chegirma qo‘yish bekor qilinadi.

O‘zbekistonda paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat rejasini bosqichma-bosqich bekor qilish ko‘zda tutilayotgani to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan yig‘ilishda bildirgan edi.

"Paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo‘lmaydi, ular o‘zlari kutganlaridek manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi”, deya iqtibos keltirgan edi Sh. Mirziyoyev so‘zlaridan prezident matbuot xizmati.

Bu, qayd etilishicha, sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish bilan birga hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yadi.

Yig‘ilishda paxta va g‘alla bo‘yicha davlat rejasini bekor qilish, ekinlarni majburiy joylashtirish tartibidan 2023 yilgacha bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha joriy va kelgusi yilda amalga oshiriladigan tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekistonda paxta va g‘alla yetishtirishda sovet davrida bo‘lgani kabi hali ham davlat rejasi mavjudligi va fermerlardan plan bajarish talab qilinishi ko‘p yillardan beri tanqid qilib kelinadi.

XS
SM
MD
LG