Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:45

Manbalar: Asakaga yangi hokim kelganidan 6 kun o‘tib¸ DXX pora olganlikda gumonlanayotgan 7 amaldorni hibsga oldi


Mulozimlardan 2 nafari 12 ming dollar pora olayotganda ushlangan.
Mulozimlardan 2 nafari 12 ming dollar pora olayotganda ushlangan.

Andijon viloyati Asaka tumanida pora olish va pora oldi-berdisida ishtirok etganlikda gumonlanib tuman kadastr bo‘limining 2 xodimi va boshqa idoralarda ishlovchi 5 nafar yuqori mulozimli amaldor, jami 7 kishi qo‘lga olingan.

Ozodlikka kelgan bu xabarni tuman davlat tizimlarida ishlovchi bir-biridan mustaqil uch manba va mahalliy bloger tasdiqladi. Ayni paytda tuman hokimiyati, ichki ishlar bo‘limi va prokuraturasining Ozodlik bog‘langan rasmiylari bu xabarni na tasdiqladi¸ na inkor qildi.

Hokimiyat tizimida ishlovchilardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu voqeani eski va yangi hokim komandasining “tumandagi ta’sir doirasi uchun kurashi ifodasi”, deb atadi.

"12 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushgan kadastr xodimlari boshqalarni ham o‘zi bilan tortib ketdi"

10 mart kuni Asaka tuman DXX xodimlari kadastr bo‘limining ikki xodimini 12 ming dollar pora olayotgan paytda qo‘lga olgan.

Voqea tafsilotlaridan xabardor mahalliy mulozim shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka bu voqea ortidan tuman bosh arxitektori, hokimlik qurilish bo‘limi boshlig‘i va mutaxassisi, uy-joy kommunal shirkati boshlig‘i, tumandagi aholi yashovchi massiv raislaridan birining ishdan olinganini iddao qildi.

Boshqa yana ikki mahalliy mulozim tomonidan tasdiqlangan bu ma’lumotga Asaka tuman hokimi yordamchisi, tuman IIB boshlig‘i, prokuratura tergovchisi ma’lumot berishdan bosh tortdi. Bu rasmiylar Ozodlik muxbiri savolini eshitish bilan¸ telefonlarini o‘chirib qo‘ydi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor asakalik mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ 10 mart kungi amaliyot tumandagi noqonuniy yer oldi-sotdisiga aloqador qator mulozimlarning hibsga olinishi yoki ishdan ketishiga asos bo‘lgan:

“Hozir kadastrning pora bilan qo‘lga tushgan 2 xodimi, bosh arxitektor bilan qurilish bo‘limi boshlig‘i hibsga olingan. Bu ish zanjirga o‘xshaydi, ular o‘zlari bilan bog‘liq qolgan odamlarni ham tortib ketishayapti. DXX kadastrning 2 xodimini 10 mart kuni noqonuniy yer oldi-sottisini qonuniylashtirish uchun 12 ming dollar pora olayotganida qo‘lga olgan. O‘sha kuniyoq, dastlabki tergov paytida ular o‘zlariga sherik bo‘lgan qolgan amaldorlarning ismlarini aytishgan”.

Ozodlik hozircha DXX amaliyoti davomida nechta mulozimning hibsga olingani¸ ularga rasman ayb qo‘yilgan-qo‘yilmaganiga oid hujjatlarga ega emas.

Asaka tuman hokimiyatining mas’ul xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda qo‘lga olinganlarning tuman yangi hokimiga yaqin shaxslar ekanini aytadi.

“10 mart kuni qo‘lga olingan va ishdan bo‘shatilgan amaldorlar yangi hokim Inomjon Mamadaliyevga yaqin bo‘lgan odamlar edi. Inomjon Mamadaliyev asli asakalik. Qo‘lga olinganlardan biri, kimligini aytmayman, uning ustozi bo‘ladi. Yana biri esa mahalladoshi”,- dedi hokimlik mas’ul xodimi.

Bir voqeaning ikki qarama-qarshi talqini

Bundan avval Bo‘ston(avvalgi nomi Bo‘z - tahr.) tuman hokimi lavozimida ishlagan Inomjon Mamadaliyev 4 mart kuni Asaka tumani kengashi sessiyasida Erkin Yaqubov o‘rniga tayinlandi.

Ozodlik gaplashgan Asaka hokimligining shaxsi ochiqlanishini istamagan mas’ul xodimi yangi hokim kelishidan besh kun o‘tib¸ 10 mart kungi pora bilan qo‘lga olish va bu ishga aloqadorlikda gumonlanib ishdan olinishlarni “tumandagi ta’sir doirasi uchun kurash”, deb atadi:

"Inomjon Mamadaliyev 4 mart kuni hokim bo‘lib keldi. 5 martdan boshlab eski kadrlarni ishdan bo‘shatib, ularning o‘rniga o‘z odamlarini olib kela boshladi. U asosan pulli “tochka”lardagi rahbarlarni o‘zgartirdi. Masalan, shu bir hafta ichida u tuman Obodonlashtirish bo‘limi, Toza hudud bo‘limi boshliqlari va Fermerlar kengashi raisini ishdan olib, o‘rniga Bo‘ston tumanidan odamlarni olib keldi. Eski hokimning yordamchisini ham ishdan olib, o‘rniga o‘zinikini qo‘ydi. Undan keyin yangi hokim tumandagi hamma rahbarlardan "o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash" to‘g‘risida sanasi qo‘yilmagan arizalarni yozdirib olgan. Asosan¸ pulli idoralar rahbarlarining ishdan olinayotgani eski hokim komandasiga yoqmayapti. Shuning uchun bu yangi hokimga bir ogohlantirish bo‘ldi”.

Asakalik bloger Otabek Nuritdinov 10 mart kungi qamoqqa olishlarni "yangi hokimning tumandagi korrupsiyaga qarshi kurash boshlagani belgisi" sifatida talqin qildi.

Nuritdinov¸ Asaka tumanidagi korrupsiya haqidagi bloglari ortidan avvalgi hokim Erkin Yaqubovning Ichki ishlar vazirligiga qilgan shaxsiy so‘rovi asosida “odamlarni haqorat qilganlikda” ayblanib¸ o‘tgan yil 31 dekabrida ​ 15 sutkaga qamalgan edi.

“Yangi hokim aholi bilan uchrashib, qilinadigan ishlar rejasi bilan o‘rtoqlashgandi. O‘shanda u juda yaxshi rejalarni aytgandi. Korrupsiyaga qarshi kurash doirasida u hokimiyat tizimini, tumandagi korxona va tashkilotlarni tozalay boshladi. 10 mart kungi voqea ham bunga bir dalil bo‘layapti”¸ deb iddao qildi Nuritdinov.

Hozirga qadar Asaka tumanining avvalgi hokimi Erkin Yaqubovning ishdan olinish sabablari¸ qolaversa uning keyingi taqdiriga oid rasmiy izoh berilmadi.

XS
SM
MD
LG