Toshkent viloyat, Yangiyo‘l tumanidagi o‘rta maktabning 11- sinf o‘quvchisi 9 mart kuni o‘z uyi hammomida osilgan holatda topildi.
Sinfdoshlarining Ozodlikka aytishicha, o‘limidan oldin qizning noma’lum yigit bilan oral seks qilayotgani videosi tarmoqda tarqalib, ovoza bo‘lgan.
Tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisining 12 mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ N. qishlog‘ida 9 mart kuni yuz bergan voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bo‘yicha ish ochib surishtiruv olib borilmoqda.
Sinfdoshlarining iddaosicha¸ Yangiyo‘l tumanidagi o‘rta maktabning 11-sinf o‘quvchisi yuzi ko‘rinmagan noma’lum yigit bilan oral seks qilayotgani videosi ovoza bo‘lishi ortidan o‘zini osgan.
(17 yashar o‘quvchi qizning ismi va qaysi maktabda o‘qigani Ozodlikka ma’lum, lekin shaxsiy hayot daxlsizligi bois buni ochiqlamayotir -tahr.)
Marhumaning sinfdoshlaridan biri Ozodlikka voqea Yangiyo‘l tumanining N. qishlog‘ida 9 mart kuni bo‘lganini aytdi.
Video tarqab ketganidan keyin qiz uyi hammomiga kirib o‘zini osgan.
- U erkak kimligini bilmaymiz. Videoda u ko‘rinmaydi. Bizning maktabdan, deb aytishyapti u bolani. Shu bola bu qiz bilan seks qilayotganini videoga tushirib, tarqatib yuborgan. Hammasi shu 9 mart kuni maktabdan keyin bo‘layapti. Video tarqab ketganidan keyin qiz uyining hammomiga kirib o‘zini osgan. Hozir militsiya maktabda bolalarni birma-bir so‘roq qilayapti, - dedi marhumaning sinfdoshlaridan biri.
Marhumaning Ozodlik gaplashgan qo‘shnilari ham qiz seks videosi chiqib ketganidan so‘ng o‘zini osganini taxmin qiladi.
- Telefonidan haligi video chiqibdi. Shu videoni unga ham yuborishgan ekan, ko‘rib isnodga chiday olmagan bo‘lsa kerak, hammomda o‘zini osib qo‘yibdi. Seshanba kuni qizning janozasi bo‘ldi.
Marhumaning onasi qizining o‘limi haqida Ozodlikka gapirishni istamadi.
Qo‘shnilarining aytishicha, qiz oilada ikki farzandning biri bo‘lgan.
Shu videoni chiqib ketishi bir qizni o‘limiga sabab bo‘lyapti
- Yuvosh qiz edi. Bu yerda ayb kimdir shundan foydalanib videosini chiqarib yuborganida bo‘layapti. Shu videoni chiqib ketishi bir qizning o‘limiga sabab bo‘layapti.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Ichki ishlar bo‘limining Ozodlik bog‘langan navbatchisi uyida osilgan holda topilgan 17 yashar qizning o‘limi yuzasidan tuman prokuraturasi tergov olib borayotganini bildirdi.
- Bu bo‘yicha 103-modda bo‘yicha tergov olib borilayapti, sizga shundan ortiq ma’lumot berolmayman, - dedi IIB navbatchisi.
O‘zbekistonda seks mojaro yoki zo‘rlanishi ortidan qizlarning o‘z joniga qasd qilishi uchrab turadi.
2015 yilda Yangiyo‘l tumanining aynan Niyozboshi qishlog‘ida jinsiy zo‘rlangan ikki qiz o‘zini poyezd tagiga tashlab joniga qasd qilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.
2018 yilning 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.