Yangi koronavirusdan (COVID-19) tuzalgan amerikalik ayol Elizabet Shnayder aholini sarosimaga tushmaslikka, ammo ayni paytda keksa yoshdagilar haqida qayg‘urishga va kasallik alomatlari paydo bo‘la boshlasa, uyda o‘tirishga chaqirdi.
Shnayder AQShning virus eng keng tarqalgan Sietl shahrida yashaydi. Biomuhandislik bo‘yicha PhD darajasiga ega bo‘lgan Shnayder odamlarga ozgina bo‘lsa-da umid bag‘ishlash maqsadida o‘z boshidan kechirganlarini so‘zlab berishga qaror qilganini aytdi.
- Tabiiyki, bu holatga beparvo munosabatda bo‘lish ham yaxshi emas, chunki yoshi keksa va sog‘lig‘i but bo‘lmagan shaxslar juda ko‘p, — dedi u.
AQSh rasmiylari Xitoydan olingan ma’lumotlarga tayangan holda virusga chalinganlarning 80 foizida kasallik og‘ir kechmaganini, qolgan 20 foizi esa shifoxonaga yotishga majbur bo‘lganini aytishdi. Kasallik qandli diabet, yurak va o‘pka xastaliklaridan aziyat chekib kelganlar uchun ayniqsa xavflidir.
Shnayder 25 fevral kuni o‘zida grippga o‘xshash simptomlar boshlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 fevral kuni o‘tkazilgan kechada qatnashgan yana besh kishi virusni yuqtirgani aniqlangan.
Shnayder boshida o‘zida charchoq his qilgan, ammo bunga e’tibor bermagan. Tushga yaqin esa boshi og‘riy boshlagan va tana harorati ko‘tarilgan. Shu sabab ishxonasini tark etib, uyiga qaytgan. Uyga borib mizg‘ib olganidan keyin tana harorati 39,4 darajaga yetgan.
Shnayder gripp simptomlarini davolashda qo‘llaniladigan dorilarni ichganini va do‘stidan mabodo ahvoli yanada og‘irlashsa, uni shifoxonaga olib borish uchun tayyor turishni iltimos qilganini aytdi. Ammo bir necha kun ichida uning tana harorati tusha boshlagan.
AQShda koronavirus ilk marotaba yanvar oyi oxirida Vashington shtatida aniqlangan edi. Bugunga qadar shtat AQSh bo‘ylab kasallik o‘chog‘iga aylandi.
Shnayder yo‘tal va nafas olishning qiyinlashishi kabi koronavirusga chalinganlarda eng ko‘p uchraydigan simptomlarni o‘zida kuzatmagani uchun virusni yuqtirmaganman, deya xulosa qilgan. Ammo bir necha kun o‘tib, Facebookda do‘stlaridan biri Shnayder qatnashgan kechaga borgan bir necha kishida undagiga o‘xshash simptomlar kuzatilgani haqida o‘qib, shubhalana boshlagan.
Kechada qatnashganlar shifokorga borgan, ammo ularda koronavirus simptomlari bo‘lmagani uchun, ularni faqat gripp virusi uchun tekshirishgan.
Shu sabab Shnayder Sietlda koronavirus bo‘yicha o‘tkazilayotgan izlanishda qatnashishga qaror qilgan. Tadqiqot mualliflari undan pochta orqali maxsus uskuna yordamida burun suyuqligidan namuna yuborishni so‘ragan.
Tadqiqotchilar 7 mart kuni unga qo‘ng‘iroq qilib, COVID-19 virusiga chalingani aniqlangani haqida xabar qilishgan. Bu paytga kelib Shnayder o‘zini ancha yaxshi his qila boshlaganini aytdi. Shunga qaramasdan, shifokorlar unga yana kamida 7 kun uyda o‘tirishni tavsiya qilgan.
Ayni damda Shnayder o‘zini juda yaxshi his qilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, shifokorlar tavsiyasiga amal qilgan holda uyda ishlashda davom etyapti.
- Aytmoqchi bo‘lganim, sarosimaga tushmang. Agar virus yuqtirib olganingiz haqida shubhalana boshlasangiz, demak, shunday ekanligi holi emas. Shuning uchun analiz topshirganingiz ma’qul, dedi Shnayder.