Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:44

Alvido Fellini. Navro‘z kuni o‘lgan rassom do‘stim xotirasiga


Nozim Abbosov
Nozim Abbosov

Rassom do‘stim Nozim Abbosov o‘ldi. Bu xabar meni quvib yetganida Pragadagi uyimda koronavirus karantinida o‘tirgan edim. Nozim o‘lgani xabarini Moskvada ijod qiladigan kinochi yurtdoshim Ulug‘bek Yo‘ldosh xabar qildi.

- Qachon. Qayerda. Kasalmidi? Qachon dafn qilinadi?

- Yo‘q kasal emas edi, kecha gaplashgandim, bugun yuragi yomon bo‘lib qolibdi. Chig‘atoyga qo‘yiladi. Janoza 22 mart peshin namozidan keyin o‘qiladi.

- Necha yoshda edi?

- 58 yoshda.

.............

Negadir Nozimni yosh deb yurardim. Otasi rahmatli Shuhrat Abbosov tirikligida Nozim menga o‘yinqaroq bola kabi ko‘rinardi.

Shuhrat aka rahmatlik o‘g‘li Nozimni qattiqqo‘llik bilan tarbiyalashni istardi. Nozim esa erkinlik oshig‘i edi. Bu erkinlik unga kichik kulfatlar ham keltirardi. Bir marta qo‘lini sindirib olgandi. Doktorlar gipsga solishdi. 1993 yil edi. Toshkentda «Invariant» degan galereya ochilgandi Xalqlar do‘stligi metrosi yonida. O‘sha yerda birga ko‘rgazma qilgandik. Qo‘lidagi gipsga ham rasmlar chizib bezab ko‘rgazmaga kelgan edi.

Nozimning otasi Shuhrat aka o‘g‘li tug‘ilganida ulug‘ turk yozuvchisi Nozim Hikmatdan ta’sirlanib yurgan payti bo‘lganini eslagandi bir suhbatlashganimda.

"O‘g‘lim tug‘ilgan paytda Nozim Hikmat Moskvada yashardi. Uchrashib suhbatini olganman. Bitta multfilmga ssenariy ham yozgandi. Nozimning "Sen yonmasang" deb boshlanadigan she’rini yoddan bilardim. Shunday ulug‘ shoir bo‘lsin deb¸ niyat qilib ismini Nozim qo‘ygandim" ¸ degan edi marhum kinochi.

Rassomlik bo‘yicha bitta ustoz - Shavkat Abdusalomov shogirdlari edik. Har bir rassom¸ ayniqsa kino rassomi o‘zi kino suratga olishni istaydi.

Nozim Abbosov otasi Shuhrat Abbosov shonu shuhrati bois bu istagini tezroq amalga oshira olmadi. Boz ustiga rahmatli Shuhrat aka o‘sha vaqtda kino mulozimi edi. «O‘g‘liga kino oldirdi» degan gap so‘zni istamas edi.

Nozim Abbosovning so‘nggi suratlaridan biri
Nozim Abbosovning so‘nggi suratlaridan biri

Ammo orzu tosh ostidan o‘sib chiqqan chechakka o‘xshaydi. Nozim Abbosov rassomlik barobarida kino ola boshladi. Albatta¸ Nozim do‘stimning ilk filmi «Fellini» haqida edi. Juzeppa Tornatori filmiga taqlid kabi ko‘rinsa ham¸ bu filmning Nozimga xos tarovati bor edi.

"Fellini" filmi 2003 yilda Federiko Fellini ijodi retrospektivasi o‘tgan Lozanna shahridagi kinofestival boshlanishida namoyish qilingan va bundan Nozim juda sevingan edi.

Fellini kino olish bilan birga rasm ham chizgan ijodkor edi.

Qolaversa¸ ustoz Shavkat Abdusalomov o‘rnagi edi bu .

Shavkat aka ham rasm chizish bilan birga kino suratga oladi.

Umuman men bilgan tengqur ijodkorlar uchun kino olami bir magnit edi.

Yosh paytimizda shaharga tushib kelganimiz zahoti¸ atrofimizga tengqurlarimizni to‘plab¸ ko‘rgan kinomiz haqida gapirib berardik.

Kinolardagi o‘tda yonmas¸ suvda cho‘kmas qahramonlar biz uchun ibrat va o‘rnak¸ agar ta’bir joyiz bo‘lsa¸ bir maktab edi.

Federiko Fellini¸ Andrey Tarkovskiy¸ Elem Klimov¸ Sergey Parajanov suratga olgan kinolarni ko‘rib «Men ham kino olaman» deb orzu qilardim.

Biz tomosha qilgan filmni suratga olish uchun qancha vaqt va mablag‘ ketganini o‘ylamas ham edik.

Xarajati kattaligi bois¸ mutlaqo badiiy filmlar suratga olinmaydigan mamlakatlar ham bor.

O‘zbekiston esa yiliga o‘nlab kino suratga olinayotgan mamlakatlar qatorida.

O‘zbek kinochilari ishlagan ishq-muhabbat va oilaviy mojaro haqidagi yig‘loqi filmlar Markaziy Osiyo kinoteatrlarini tomoshabin bilan to‘ldirmoqda.

Bu kinolarning saviyasi pastligiga ishora qilgan munaqqidlar O‘zbekistonda ora-sira yuksak san’at mezonlariga to‘g‘ri keladigan filmlar ham suratga olinayotganini e’tirof qilishadi.

Marhum deb aytishga tilim bormayotgan do‘stim Nozim Abbosov suratga olgan “Oydinoy” filmi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lganida ilk sevinganlar qatorida men ham bor edim.

“Oydinoy” filmi Avstriyaning Insbruk shahrida 2009 yili o‘tkazilgan Osiyo¸ Afrika va Lotin Amerikasi filmlari kinofestivali sovrinini olgan edi.

Mukofot sohibi¸ taniqli rassom va kino ustasi do‘stim Nozim Abbosovga telefon qilganimda bo‘g‘iq ovoz bilan “Men hozirgina uchqichdan tushdim. Men suratga olgan filьm sovrin olganidan xursandman” ¸ deganini hanuz eslayman.

- Yutdik. Kichkina qizcha to‘g‘risidagi kino. Nima deyman endi. Men xursandman. Mening qizim yutdi. Men bir tiyinsiz bordim. Qo‘limda bir tiyin ham yo‘q edi.

Yuzimga tabassum yoyildi. O‘tgan asrning 90-yillarini esladim. Nozim doimo bir tiyinsiz yuradigan darvesh.

- Meksikadan¸ Afrikadan¸ Lotin Amerikasidan delagatsiyalar kelishdi. Men bu qizni yuragimda ushlab borib keldim. Endi shu qizning yo‘li ochilsin. Ajoyib qiz¸ degan edi bugun marhumga aylangan rassom do‘stim Nozim Abbosov.

Nozim Abbosov bilan sal keyinroq suhbatimizni davom ettirdim. Shu o‘rinda marhum do‘stim suratga olgan va Avstriyadagi obro‘li festivalda sovrin olgan “Oydinoy” filmi haqida ikki og‘iz gapirsam.

Afsona janrida yaratilgan “Oydinoy” filmi maktabda o‘qishni istagan qiz haqida.

“Oydinoy” filmi festivalning birdaniga ikki mukofotini qozondi.

Nozim Abbosov festival rivojiga katta hissa qo‘shgan kinochi deb topildi va “Oydinoy” filmida bosh rolni ijro qilgan Marjonoy Shavkatova festival hakamlarining maxsus sovriniga sazovor bo‘ldi.

Kino mazmunini ikki og‘iz kalima bilan bayon qilish mumkin. Olti yashar qizaloq o‘qishni istaydi va bunga kattalar qarshilik qiladi. Qiz uchun bu holat haqiqiy fojiaga aylanadi.

Qiz o‘zini o‘rab olgan bu tor muhitni tark qilib¸ tog‘ cho‘qqilariga chiqib ketadi.

Filmda opera hofizi Pavarotti surati zamonaviy O‘zbekistondagi targ‘ibiy plakatlar fonida ko‘zga tashlanadi va qishloqning tashlandiq kinoteatrida Charli Chaplin filmlari namoyish qilinadi.

Kino mavzusi «hilolga oshiq» postkolonial O‘zbekiston uchun dolzarb edi. Juldurvoqi kavaklaridan chiqib kelgan qadimchilar «qizlar o‘qimasin¸ ularni erga berish kerak» degan safsata so‘qa boshlashgan bir davr.

Kinorejissyor ardoqlagan ideallar bir nur to‘pi bo‘lib bugungi O‘zbekiston voqeligini kesib o‘tadi.

"Buni qilishim zarur edi"¸ degan edi Nozim Abbosov.

- Charli Chaplin kinoda Xudo. Baribir qandaydir kontrast bo‘lishi kerak edi. Charli Chaplin va qattiqqo‘l maktab direktori o‘rtasida kontrast bo‘lishi kerak edi. Men shuning uchun mana shunday yurish qildim¸ deydi Nozim Abbosov.

Nozimning san’at va kino haqidagi estetik tasavvurlarini shakllantirishda uning ustozi¸ taniqli kino ustasi va rassom Shavkat Abdusalomov katta hissa qo‘shdi.

Shavkat aka doimo o‘z shogirdlari piligini ko‘tarib gapiradigan mehribon ustoz.

- Men Nozimning muvaffaqiyatidan juda sevindim. Bilasizmi¸ u oddiy san’atkor emas¸ balki ichida o‘t yonayotgan¸ boshqalarga o‘xshamaydigan san’atkor. U suratga olgan tasvirlarda mahorat barobarida o‘ta hassos¸ nozik tarzda ifoda qilingan his-tuyg‘ular yotadi.Nozim mahalla kinochisi emas. U Fellini¸ Antonioni kabi kurrasal fikr yurituvchi ulkan ijodkor. Men Nozimning san’at deb atalgan narvonning eng so‘nggi martabasigacha ko‘tarilishini tilayman¸ degan edi Shavkat Abdusalomov.

Ammo kino san’ati narvonining so‘nggi martabasi do‘stimga nasib qilmadi. Endi uning so‘nggi manzili «Chig‘atoy» qabristoni. Ayni qabristonda o‘zbek kinosi otaxoni Komil Yormatov yotibdi.

Marhum Nozim Abbosovning asl kasbi rassom edi. Ammo u kino suratga ola boshladi.

U tirikligida “Nega”¸ deya bergan savolimizga Nozim Abbosov “Ustozlarim Shavkat Abdusalomov ham Rustam Hamdamov ham rassom¸ ammo ularning xayol dunyosi bo‘z tortilgan chorcho‘pga sig‘magani uchun ham kino olishdi” deb javob bergandi.

- Rassomlikda bir ish qilasiz¸ ikki ish qilasiz¸ uch ish qilasiz. Kinoda kino bilan million ish qilasiz. Kinoda juda katta imkoniyatlar bor. Rustam Hamdamov nima uchun kinoga kirdi? Faqatgina mana shu sabab tufayli. Rassom ustaxonada ishlaydi¸ ko‘rgazma qiladi . Ammo kam. Makro kontakt yo‘q. Kinoda esa million ish qilish millionlarga ta’sir qilish mumkin¸ degan edi marhum Nozim Abbosov men bilan suhbatda.

Shuxrat va Nozim Abbosovlar. Marhumga aylangan ota-bola kinochilar.
Shuxrat va Nozim Abbosovlar. Marhumga aylangan ota-bola kinochilar.

Nozim Abbosov taniqli kino ustasi marhum Shuhrat Abbosovning (1931 — 2018) o‘g‘li. Ko‘pincha taniqli kishilarning farzandlari ularning soyasida ko‘rinmay qolishadi.

“Mahallada duv-duv gap”¸ “Olovli yo‘llar” kabi filmlarni suratga olgan kino ustasining o‘g‘li sifatida otasi panjasiga panja urish mashaqqati haqida so‘ragandim Nozimdan.

- Men otamning soyasidan hech qachon chiqmayman. Chunki u mening otam bo‘ladi. Ota bitta bo‘ladi¸ ona bitta bo‘ladi¸ degan edi Nozim Abbosov.

Nozim o‘zi haqida uchinchi shaxs tarzida ham gapiraverdi:

«Nozim Abbosov oylab¸ yillab xayol surib yotadigan san’atkor emas. U hozir yangi film ustida ishlamoqda. Film loyga shakl beradigan Xorazm kuloli haqida¸» degan edi Abbosov bundan 11 yil oldingi suhbatda.

- Birinchi iyuldan Xorazmga katta loyiha va katta komanda bilan ketyapman. Avgust¸ sentabr oylari Xorazmning eng jannat paytlari. O‘sha paytda suratga olaman. Xorazmni ko‘rsatishim kerak¸ degan edi Nozim Abbosov 2009 yilda.

Nozim Abbosov o‘zbek kinochilarining nafaqat ishq-muhabbat va oila mojarosi haqida¸ balki hayot haqiqati haqidagi cho‘pchaknoma bo‘lsa ham falsafiy filmlar olishga qodirligiga ishonardi.

Nozim suratga olmoqchi bo‘lgan kulol ishlagan ko‘za ustiga esa “Kadrlar har ishga qodirlar” degan yozuv yozig‘liq turganiga e’tiborimni qaratgan edim.

Nozim uchun kadr degan so‘z kinokadr¸ ya’ni kinotasvir ma’nosini tashirdi.

Rahmatli rassom do‘stim Umar Xayyom ruboiylarini sevardi.

Yoshdir-qaridir, jahonga yuz tutgaylar,

Bu nuktani to ko‘ngilga jo etgaylar.

Hech kimsaga qolmagay abad mulki jahon,

Keldik, ketamiz, boz kelib-ketgaylar...

Shuhrat Bobojon. 21 mart¸ 2020 yil. Praga shahri

XS
SM
MD
LG