Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:49

AQSh koronavirusga qarshi kurash uchun 1 trln. dollar iqtisodiy yordam ajratadi


AQSh senatidagi respublikachilar yetakchisi Mitch MakKonnell, 21 yanvar, 2020
AQSh senatidagi respublikachilar yetakchisi Mitch MakKonnell, 21 yanvar, 2020

AQSh senatidagi respublikachilar yetakchisi Mitch MakKonnell kongress muzokarachilari 1 trillion dollardan oshiq qiymatga ega iqtisodiy yordam paketi bo‘yicha kelishuvga erishish arafasida ekanligini aytdi.

Ushbu yordam koronavirus pandemiyasi fonida Amerika iqtisodini dastaklashni ko‘zlaydi.

Ikki kun davom etgan muzokaralar ortidan so‘zlagan respublikachi MakKonnell:

- Keyingi ikki kun ichida har ikki partiya ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralar yakuniga yetib qoldi. Ishonamanki, amerikaliklarni tez suratda yordam bilan ta’minlashimizga oz qoldi, — dedi.

Senatda respublikachilar yetakchi partiya bo‘lgani uchun u yerdagi kun tartibini MakKonnell belgilaydi

Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer ham kelishuvga erishilishiga ishonishini ta’kidladi.

- Sizning shirkatingiz yopilgani yoki boshqa ma’lum sabablarga ko‘ra ishlay olmayotgan bo‘lsangiz, federal hukumatdan maoshingizni to‘liq olasiz, — dedi Shumer.

22 mart kuni har ikki partiyaning kongressdagi yetakchilari AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin bilan uchrashadi. O‘sha kuni yakuniy kelishuv imzolanishi kutilmoqda.

Oq uy har ikki partiya a’zolarini favqulodda yordam chorasini ko‘rish masalasida kelishuvga erishishga chorlab keladi. Prezident Donald Tramp bu rejani zudlik bilan imzolashini bildirgan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, taklif qilinayotgan yordam chorasi qiymati 1,4 trillion dollar bo‘lib, Federal rezerv ko‘radigan choralar bilan yordam ko‘lamining umumiy qiymati 2 trillion dollarga yetishi mumkin.

Taklif qilinayotgan choralar orasida amerikaliklarga 1200 dollar qiymatga ega cheklarni berish hamda COVID-19 tarqala boshlashi ortidan ishsiz qolganlar va maoshini ololmayotganlarga ko‘maklashish kabi choralar bor.

Shuningdek, kongress a’zolari havo shirkatlari va koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekayotgan boshqa shirkatlarga beriladigan yordamni muhokama qilmoqda. Qolaversa, sog‘liqni saqlash muassasalariga yordam ko‘rsatish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar AQShda 26 ming 747 nafar odam koronavirusga chalindi, ularning 340 nafari COVID-19 infeksiyasi tufayli vafot etdi.

Kaliforniya, Nyu-York va Illinoys kabi yirik shaharlar karantinga olindi, mamlakat bo‘ylab maktab, universitetlar yopildi hamda sport va madaniy tadbirlar bekor qilindi.

Boshqa mamlakatlardagi kabi AQSh birjalari koronavirus pandemiyasi keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy bo‘hron xavotirlari tufayli quladi.

Kaliforniya va Nyu-Yorkda o‘n millionlab odam uyda o‘tirishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa tijoriy faoliyatlar deyarli butunlay to‘xtashiga sabab bo‘ldi.

Karantinga olingan shaharlarda oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘i kabi muhim mollarni xarid qilish uchungina ko‘chaga chiqishga izn beriladi.

Ammo hukumat tavsiyalariga hamma ham amal qilmayapti. Xususan, ayrim plyaj va parklar hanuz gavjum ekani xabar qilinmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, ayrim hududlarda virusni yuqtirganlar soni kun sayin ikki baravarga oshmoqda.

22 mart holatiga ko‘ra, Yeropa hanuz COVID-19 pandemiyasi markazidir, qit’aning aksar davlatlarida favqulodda vaziyat amalda.

Virus yuqtirganlar rasmiy soni 307 mingdan, o‘lganlar soni esa 13 ming, tuzalganlar soni esa 92 ming kishidan oshdi.

XS
SM
MD
LG