Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:47

O‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilgan o‘zbekistonliklar davlatdan himoya kutmoqda


Pandemiya sabab O‘zbekiston bo‘ylab jamoat transporti qatnovi to‘xtatilib, haydovchilar o‘z hisobidan ta’tilga chiqarildi.
Pandemiya sabab O‘zbekiston bo‘ylab jamoat transporti qatnovi to‘xtatilib, haydovchilar o‘z hisobidan ta’tilga chiqarildi.

22 martdan boshlab koronavirus sabab jamoat transportlari haydovchi va chiptachilari o‘z hisobidan ta’tilga chiqarildi.

Shuningdek, ayrim tashkilotlar aksar ishchilaridan o‘z hisobidan ta’tilga chiqishi borasida ariza yozdirib oldi.

Oilasini faqat maosh hisobiga boqadiganlar majburiy ta’til uzoqroq cho‘zilsa, nochor ahvolga tushishdan qo‘rqmoqda.

"Haydovchilar odammasmi?"

Besh yildan buyon avtobus haydovchisi bo‘lib ishlaydigan toshkentlik 31 yashar Anvar uch kundan beri uyida - majburiy ta’tilda o‘tiribdi.

U ham hamkasblari singari o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilgan.

“Ariza yozib, qo‘l qo‘yib berdik. “O‘z xohishimga ko‘ra ta’tilga chiqyapman”¸ deb. Hammamiz yozdik. Ko‘pchilik tashkilotlar ishchilarini pul to‘lab ta’tilga chiqardi. Nima haydovchilar odammasmi?”, deydi Anvar.

Transport vazirligi koronavirus tarqashi oldini olish maqsadida jamoat transporti qatnovini vaqtincha to‘xtagani sababli haydovchilar va boshqa transport xodimlari ta’tilga o‘z hisobidan chiqarilishini rasman e’lon qilgan.

Anvar agar majburiy ta’til uzoqqa cho‘zilsa, muammolar girdobida qolib ketishidan qo‘rqmoqda.

“O‘zi oladigan oyligim dollarga aylantirsangiz 200 dollarga yaqin. Yashirmayman¸ kundalik chipta pulidan ham ozgina qoladi. Shuni hisobiga ro‘zg‘or boqamiz. Ikkita bolam bor. Xotinim uyda o‘tiradi. Bilmadim agar tez orada ishga chiqmasak, ahvolimiz nima kechadi?”

Transport vazirligi majburiy ta’tilning vaziyat barqarorlashgunga qadar davom etishini bildirgan.

“Vatanparvar” rahbariyati xodimlarini og‘ir vaziyatda ko‘chaga tashlab ketaveradimi?”

Haydovchi va chiptachilardan tashqari boshqa ayrim tashkilotlar, jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti ham pandemiya davrida o‘z xodimlariga berilgan majburiy ta’til uchun pul to‘lanmasligini bildirgan.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Farg‘ona viloyat kengashi ishchi-xodimlari o‘n kundan beri majburiy ta’tilda.

Ushbu idora xodimlaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan aytishicha, ulardan majburiy ravishda o‘z xohishiga ko‘ra, ta’tilga chiqishi borasida ariza olingan.

“Viloyat bo‘yicha 16-17 mart kunlari hamma vatanparvarchilardan “o‘z hisobimdan ta’tilga chiqaman”, deb ariza yozdirib olishdi. Qo‘pol qilib aytganda ketimizga tepishdi. Amaliy mashg‘ulot soatiga qarab, 900-950 ming so‘mdan oylik yoziladi. Boshqa daromad yo‘q. Xo‘sh, biz endi ro‘zg‘orni qanday tebratamiz? Kreditlarimizni qanday to‘laymiz? “Vatanparvar” rahbariyati o‘z xodimlarini og‘ir vaziyatda ko‘chaga tashlab ketaveradimi?”.

“Vatanparvar” tashkilotining Toshkentdagi markaziy idorasi xodimlaridan biri ishchilarning o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilganini tasdiqladi.

“Kimning ta’til kunlari bo‘lsa, ta’tilga chiqarildi. Boshqalar o‘z hisobidan ta’tilga chiqishdi. Hech kim majburlangani yo‘q. Hammasi ariza yozib bergan. Qonun buzilish holati bo‘lgani yo‘q”, dedi o‘zini tanishtirmagan xodim.

Temiryo‘lchilar: ariza yozmaganga tahdid qilishdi

Ozodlikka murojaat qilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkati xodimlaridan biri ham pandemiya sabab o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilganini bildirdi.

Ishdan haydalish xavfi sabab anonim qolishni so‘ragan toshkentlik ayol iddaosiga ko‘ra, o‘z xohishi bilan ariza yozishni istamaganlarga ishdan haydash bilan tahdid qilingan.

“Ishdan haydash bilan qo‘rqitishib, "o‘z hisobimdan ta’tilga chiqaman", deb yozdirib olishdi. Birortasi o‘yladimikan, oyligi bir million so‘mga ham yetmaydigan yuzlab bechoralar qanday qilib oila tebratadi? Axir ozgina bo‘lsa ham insof bormi? Vaziyat og‘irlashayotgan bir paytda o‘z xodimlarini pulsiz, ishsiz ko‘chaga chiqarib qo‘ygan rahbarlarning fashistlardan nima farqi bor?”, deydi toshkentlik ayol.

Ozodlik muxbiri “O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkatiga 26 mart kuni telefon orqali bog‘landi. Go‘shakni ko‘targan xodima ta’til bilan bog‘liq savollarga hisoblash bo‘limidan javob olish mumkinligini aytish bilan cheklandi. Hisoblash bo‘limi bilan kun davomida bog‘lanib bo‘lmadi.

"Mehnat qonunchiligi buzilyapti"

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyrv ishchilarning o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilishini "mehnat qonunchiligining qo‘pol ravishda buzilishidir" deb qoraladi.

“Hurmatli, hukumat vakillari! Haydovchi va konduktorlarga ham ish haqi saqlanadigan ta’til berish chorasini ko‘rishlaringizni so‘rayman. Davlat shunaqa og‘ir paytda davlatligini qilishi kerak”, deya yozdi huquqshunos Xudoyberdiev o‘zining Telegram kanalida.

Vazirlar mahkamasining koronavirusga qarshi kurashga oid 23 mart kungi qarorida barcha turdagi tashkilotlar xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ta’tilga chiqarilishi qayd qilingan.

Mehnat kodeksining 150-moddasiga ko‘ra, xodimga o‘z hisobidan majburiy ta’til berish mumkin emas, bunga faqat o‘zi rozi bo‘lishi shart.

159-moddaga ko‘ra, xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqtda uning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Pandemiya sabab dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarda aksar ishchi-xodimlar uydan - onlayn rejimda ishlashga o‘tkazildi yoki ta’tilga chiqarildi.

Ayrim mamlakatlar, jumladan, Rossiya majburiy ta’til paytida oylik maoshlarning saqlanishini va’da qildi.

Italiya bir oydan ziyod vaqtdan buyon uyida qolayotgan ishchilarga tovon puli berilishini ma’lum qildi.

Ushbu mamlakat koronavirus sabab ishini yo‘qotgan xodimlar yoki bankrotlikka yuz tutgan firmalar uchun byudjetdan 25 milliard yevro ajratdi.

Shveysariya va Janubiy Koreya buning uchun 10 milliard dollardan sarflamoqchi.

26 mart kuni kechqurun koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga oid qator hujjatga qo‘l qo‘yib¸ bu haqda xalqqa hisob bergan prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatga aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Jumladan, karantin tufayli majburiy ta’tilga chiqarilgan davlat va nodavlat sektori ishchilariga¸ prezident belgilagan topshiriqqa ko‘ra¸ ish haqining kamida 50 foizi miqdorida haq to‘lanadi, qolganlar masofadan ishlashga o‘tkaziladi.

XS
SM
MD
LG