Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:48

Turkman prezidentining “hamyoni” Aleksandr Dadayevning keyingi laqabi “mahbus” bo‘lishi mumkin


Aleksandr Dadayev.
Aleksandr Dadayev.

Turkmaniston prezidentining eng ishonchli yordamchilaridan biri bo‘lgan Aleksandr Dadayev oradan 12 yil o‘tib, qo‘qqisdan lavozimidan ketgach, turli gap-so‘zlar bolalab ketdi.

Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasini boshqarib kelgan Dadayev Gurbanguli Berdimuhamedovning yaxshi ko‘rgan kishisi va moliya masalalarida ishongan yordamchisi bo‘lgan edi. Ishonch shu darajada bo‘lganki, u Turkmanistoni prezidentining “hamyoni” degan laqab ham ortirgan.

Garchi Dadayevning Orqadog‘ bilan ittifoqi Turkmanistonning tabiiy gaz va neftini sotishga qadar borib yetmagan bo‘lsa-da, ushbu mamlakatdan eksport qilinayotgan mahsulotlarning yarmidan ko‘pi uning qo‘lidan o‘tgan.

Odatda Turkmanistonda yuqori lavozimli amaldorning qo‘qqisdan ishdan ketishidan oldin uning hibsga olingani yoki og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblanayotgani haqida xabar tarqaladi.

72 yashar Dadayev esa 1 aprelda iste’foga chiqqanini xabar qildi, lekin u 2 hafta oldin nomi zikr etilgan uyushma rahbarligiga qayta saylangan edi.

Berdimuhamedov 2006 yilda Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurad Niyozov o‘limidan so‘ng rahbar bo‘lgan edi. U 2008 yilda Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasini tashkil etgan, unga Dadayevni rahbar etib tayinlagan edi.

Dadayevning tanlanishi g‘alati bo‘lgan.

Niyozov 2002 yili Dadayevni korrupsiyada ayblab, Ashxobod shahri meri o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatgan edi.

Niyozovning o‘limidan so‘ng Dadayevning omadi chopib qoldi.

Qochqindagi turkman faollari yuritadigan “Xronika Turkmenistana” saytida 2008 yilda chop qilingan hisobotga ko‘ra, Dadayev “Gush to‘plumu” parrandachilik fermasini kengaytirish uchun 2007 yilda Markaziy bankdan to‘lovni 2 yil kechiktirilgan holda to‘lash sharti bilan 5 foizlik aql bovar qilmaydigan (10 million dollar) kredit oladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Qishloq xo‘jalik vazirligining yer resurslari xizmati parrandachilik fermasi uchun 30 gektar joy va Axal viloyatidan 1500 gektar sug‘oriladigan yerni – va Dasho‘g‘iz viloyatidan yana 500 gektar yerni – parrandalarni boqish uchun ekin o‘stirishga ajratib beradi.

Energetika va sanoat vazirligi keyinchalik parrandachilik kompleksi uchun elektr quvvati va isitish tizimini qurib beradi.

Shundan so‘ng “Gush to‘plumu” Turkmaniston shaharlaridagi ko‘plab do‘konlarni parranda go‘shti bilan ta’minlay boshladi va Dadayev juda boyib ketdi.

Yana Dadayevning omadi yurishib, 2008 yilda Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasiga rahbar etib tayinlandi.

2010 yil oktabrida uyushma nomiga xususiy bo‘lgan “Risgal” tijorat bankini tashkil qildi. Mamlakatdagi ish odamlarining aksariyati “Risgal” bankidan qarz va kredit olib kelgani aytiladi.

Uyushmaning “Risgal” gazetasi va hatto Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi ham bor. Shu kunlarda unga 24 180 kishi a’zo. Uyushma davlatning asosiy pudratchisi ekani aytilmoqda.

Joriy yil fevralida Berdimuhamedov uyushmaga Axal viloyati markazini barpo qilish uchun 1,5 milliard dollar ajratdi. Prezidentning o‘g‘li Sardor Axal viloyati hokimidir.

Yana bir yorqin misol: uyushmaga Ashxobod bilan mamlakat sharqidagi Turkmanobod (oldingi Chorjo‘) shahri o‘rtasida 600 kilometrlik ko‘p qatorli avtomobil magistral yo‘li qurilishi uchun 2,3 millard dollar ajratilgan edi.

Dadayev boshliq uyushma ko‘pqavatli uylar, mol bozorlari, avtomobillar uchun turoqlar, shahar chekkasidagi kottejlar va hatto Bolqon viloyatida baliqchilik fermasi ham qurmoqda.

Uyushma 2017 yil sentabrida Turkmaniston mezbonlik qilgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlariga mablag‘ yig‘ishda ko‘p yordam berdi. O‘sha paytda Turkmanistonning asosiy eksport tovari – tabiiy gaz bahosi tushib ketgani sababli hukumat qiyin ahvolga tushib qolgan edi.

Dadayevning oilasi ham boyib ketdi, o‘g‘li Vitaliy bilan ukasi Aleksey Turkmanistondagi yirik korxonalarni boshqaradi.

Uning o‘zini 2020 yil martida 600 ta korxona rahbarlari yana 4 yilga uyushmaga rais etib sayladi.

Shuning uchun Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasida 1 aprelda majlis o‘tkazilib, Dadayevning pensiyaga chiqish to‘g‘risidagi iltimosi qondirilgani e’lon qilingani g‘alati bo‘ldi.

Agar Dadayev pensiyaga chiqishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, nega 17 martdan oldin buni aytib, vakillar boshqa birovni saylashiga imkon bermadi?

Iste’foga chiqishi ortidan u tez orada turli jinoyatlarda ayblanishi va butun boyligi tortib olinishi haqidagi mish-mishlar urchib ketdi.

Bunday gumonlar urchib ketishiga 2009 yildan beri ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va 2019 yil oktabrida jamoatchilik ko‘z o‘ngida kamsitilib, ishdan bo‘shatib yuborilgan Isgender Mulikov taqdiri sabab bo‘ldi.

Brus Pannier,

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi sharhlovchisi, ingliz tilidagi "Qishloq ovozi" blogi muallifi.

XS
SM
MD
LG