Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:31

OzodDayjest: Munisa Rizayeva: Gulnora Karimova sabab o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘lganman


Munisa Rizayeva bir necha yil avval Gulnora Karimovaning topshirig‘i bilan “zapret”ga tushgani haqida gapirdi.
Munisa Rizayeva bir necha yil avval Gulnora Karimovaning topshirig‘i bilan “zapret”ga tushgani haqida gapirdi.

Deputat kambag‘allarga ko‘mak berish uchun farzandiga atab qurgan uyini sotdi. Koronavirusga qarshi kurash doirasida xayriya fondiga tushayotgan mablag‘ borasida onlayn hisobot berish so‘raldi.Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Bir deputat xayriya uchun uyini sotdi, boshqa biri maoshini to‘laligicha ehson qildi

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani kengashi deputati Abdullajon Isoqov sinov kunlarida qiynalgan oilalarga ko‘mak berish uchun farzandiga atab qurgan uyni sotdi (www.uza.uz, 6 aprel).

Imorat oldi-sotdisidan tushgan mablag‘ xayriya maqsadida sarflanmoqda. Qayd etilishicha, tuman kengashi a’zosi tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanadi. Deputat kamtarlik yuzasidan milliy agentlik muxbiridan qilayotgan savobli ishini ovoza qilmaslik, o‘z ismini oshkor etmaslikni so‘ragan.

“Xalqimizning bu kamtarin farzandi o‘zi haqida boshqalar bilishini qanchalik istamayotgan bo‘lmasin, menda bugungi kun qahramonini odamlarga tanitish istagi kuchlilik qilib, qo‘limga qalam oldim”, deb yozadi muxbir.

Bir necha kun avval Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev ham mamlakatda karantin davri rasman tugagunga qadar o‘z maoshini to‘laligicha koronavirus infeksiyasini yengishga hissa qo‘shayotgan “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazishini ma’lum qildi.

Munisa Rizayeva: “Gulnora menga “zapret” qo‘yganida o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘lganman”

Munisa Rizayeva MyDay stories loyihasiga bergan intervyusida bundan bir necha yil avval Gulnora Karimovaning topshirig‘i bilan “zapret”ga tushgani va bu holat unga qattiq ta’sir ko‘rsatgani haqida so‘zlab berdi (www.repost.uz, 6 aprel).

“Gulnora Karimovaga men haqimda turli asossiz gap-so‘zlar yetkazishgan. Meni uning nomini sotishda ayblashgan. Masalan, meni yo‘lda YPX xodimlari to‘xtatganida, men ularga “Guli Karimovaning dugonasiman” deb aytganmishman go‘yo. Bundan tashqari, o‘sha vaqtda unga yaqin bo‘lgan bir guruh ayol xonandalar Karimovaga men haqimda bo‘lmag‘ur gaplarni gapirgan... Bu gap-so‘zlar M&TVA taqdirlash marosimidan bir kun avval bo‘lgan. O‘shanda menga “Yil qo‘shig‘i” va “Yil xonandasi” nominatsiyalarida mukofot bermoqchi bo‘lishgan. Shuning uchun ushbu “intriga” atayin uyushtirilgan. Gulnora Karimova men haqimdagi gaplarga ishongan va “Bo‘ldi, unga hech qanday mukofot bermaysizlar. Hammayoqdan haydaysizlar!” deb ko‘rsatma bergan ”, deya o‘sha holatni eslaydi M.Rizayeva.

Xonandaga ko‘ra, qora ro‘yxatga tushgach, barcha undan yuz o‘girgan.

“Hamma o‘zidan qo‘rqib men bilan gaplashishga hadiksirardi. O‘zimni xuddi o‘lgandek his etardim. Hatto yurak xuruji bilan kasalxonaga ham tushib qolganman, ota-onam mendan ayrilishiga bir baxya qolgan. O‘zimni osib o‘ldirishga ham uringanman”, deydi M.Rizayeva.

Koronavirusga qarshi kurash doirasida xayriya fondiga tushayotgan mablag‘ borasida onlayn hisobot berish so‘raldi

O‘zbekistonda koronavirus xavfi bois karantin e’lon qilingach, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga tushayotgan xayriya pullari miqdori keskin ortdi, ammo jamg‘arma o‘z rasmiy saytida bu borada hisobot bermayapti (www.qalampir.uz, 6 aprel).

Jamg‘arma saytining “Hisobotlar” deb atalgan bo‘limida oxirgi marta 2018 yilga doir raqamlar keltirilgan.

Qalampir.uz nashriga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurash doirasida jamg‘armaga o‘tkazilayotgan mablag‘lar hisoboti (qancha mablag‘ tushdi, nimaga sarflandi, qoldiq summa) onlayn tarzda berib borilishi kerak. Qayd etilishicha, bu bir tarafdan shaffoflikni ta’minlasa, ikkinchi tarafdan mablag‘ o‘tkazayotgan shaxslarda ishonchni mustahkamlaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qisqa muddatda fuqarolar, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan “Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazildi.

XS
SM
MD
LG