Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:25

Andijon hokimi virus yuqqan 90 kishining 78i tibbiyotchi ekanini bildirdi. SSV bu bayonotni tasdiqlamadi (VIDEO)


Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov so‘kong‘ichligi bilan tanilgan hokimlardan biridir.
Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov so‘kong‘ichligi bilan tanilgan hokimlardan biridir.

12 aprelda viloyat aholisiga murojaatida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirgan Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Andijonda koronavirus yuqtirganlarning 90 nafarga yetgani va ulardan 78 nafari tibbiyot xodimi ekanini aytdi.

13 aprel kuni bu xabar tafsilotlariga oydinlik kiritishga uringan kun.uz nashri¸ 78 tibbiyotchidan 56 nafarining shifokor ekanini yozdi.

Koronavirusga chalinganlar saqlanayotgan Andijondagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining shaxsi sir qolishini so‘ragan xodimi Ozodlikka bu raqamlarni “noto‘g‘ri” deb atadi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Ozodlik gaplashgan mutasaddilaridan biri¸ Andijonda 78 nafar tibbiyot xodimining koronavirusga chalingani haqida ma’lumoti yo‘qligini aytdi va bu raqamlarga izohni ularni e’lon qilgan hokim Abdurahmonovning o‘zidan olishni tavsiya qildi.

14 aprel kuni Andijon viloyati hokimligi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Shuhrat Abdurahmonovning favqulodda bayonoti

12 aprel kuni mahalliy kanallar orqali andijonliklarga qilgan murojaatida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov¸ koronavirusga oid so‘nggi statistikaga to‘xtalib:

90 nafar koronavirus infektsiyasi aniqlangan kasallarimizning 78 tasi sog‘liqni saqlash xodimlari

- Eng alam qiladigani¸ 90 nafar koronavirus infeksiyasi aniqlangan kasallarimizning 78 tasi sog‘liqni saqlash xodimlari. Qolgan 12 tasiyam mana shular bilan aloqada bo‘lganlar bo‘lyapti¸ dedi jumladan.

Bu bayonoti bilan Shuhrat Abdurahmonov Andijonda aynan sog‘liqni saqlash xodimlari koronavirus infeksiyasi o‘chog‘i degan iddaoni o‘rtaga tashladi.

Bu bayonot ertasiga¸ kun.uz nashri shaxsi va aynan qaysi tizimda ishlashi ochiqlanmagan manbasiga tayanib¸“13 aprel holatiga ko‘ra, Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar soni 97 nafarni tashkil qilmoqda va ularning 78 nafari tibbiyot xodimlari, shundan 56 nafari shifokorlardir”¸ deb xabar tarqatdi.

Bu nashr ham nega buncha katta sondagi sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining koronavirusga chalinganiga oydinlik kiritmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Abdurahmonov statistikasidan xabari yo‘q!

14 aprel kuni Ozodlik Andijon viloyat hokimi keltirgan favqulodda raqamlarga aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining koronavirus vaziyatini monitoring qilishga aloqador mutasaddilaridan biri bilan bog‘landi.

Shaxsi ochiqlanishini istamagan mulozim¸ Abdurahmonov keltirgan raqamlarni tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot o‘z qo‘lida yo‘qligini bildirdi.

Bu raqamlarni SSV emas¸ Abdurahmonov beryapti. Qayerdan olganini uning o‘zidan so‘ranglar.

«Bu raqamlarni SSV emas¸ Abdurahmonov beryapti. Qaerdan olganini uning o‘zidan so‘ranglar. Vazirlik bir-ikki kun ichida bu bayonotni o‘rganib¸ unga munosabat bildiradi. Lekin hozircha jurnalistlar bizdanmas¸ bunaqa statistikani bergan Andijon hokimidan izoh so‘rashi kerak”.

O‘zbekistondagi koronavirus vaziyatiga oid muntazam rasmiy xabar berib boraëtgan Telegramdagi Koronavirus.Info kanalida Shuhrat Abdurahmonov keltirgan raqamlar qo‘yilmadi.

(Bu kanal tashkilotchilaridan biri Sog‘liqni saqlash vazirligidir.)

Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi¸ viloyat koronavirus shtabi mas’ullari Ozodlikning Shuhrat Abdurahmonov keltirgan raqamlarga izoh berish so‘rovini "bunday vakolati yo‘qligi" iddaosi bilan mutlaq rad qildi.

Andijon viloyat hokimligi rasmiy sayti 14 aprel kuni ishlamagani bois¸ hokimlik mulozimlari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Hokimlik telefon raqamlariga ham¸ kun davomida hech kim javob bermadi.

Abdurahmonov bu raqamlarni qayerdan oldi?

Ozodlik Andijonda 78 nafar sog‘liqni saqlash xodimining koronavirus yuqtirganiga oid ma’lumotga oydinlik kiritish maqsadida bu bemorlar saqlanayotgan Andijon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlaridan biri bilan gaplashdi.

Shaxsi sir tutilishini so‘ragan bu xodim 27 martdan 13 aprelga qadar mazkur kasalxonaga olib kelinib¸ davolanayotgan bemorlarga bevosita xizmat ko‘rsatgan tibbiyotchilardan biridir.

Ozodlik suhbatdoshi¸ Andijon viloyatidagi koronavirusga chalinganlarga oid birlamchi ma’lumotni o‘zi va hamkasblari tayyorlashini alohida ta’kidladi.

Shuhrat Abdurahmonovning 78 ta degan gapini men ham eshitib¸ hayron bo‘ldim¸ qayerdan oldiykin¸ deb.

Men 13 aprelgacha o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan ma’lumotga ko‘ra¸ viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida saqlanayotgan bemorlarning faqat 4 nafari shifokor¸ qolganlari hamshira va sanitarkalar. Tibbiyotchilarning jami soni¸ adashmasam¸ 56 nafar. Shuhrat Abdurahmonovning 78 ta degan gapini men ham eshitib¸ hayron bo‘ldim¸ qaerdan oldiykin¸ deb. Televizorda ertayu kech koronavirus haqida vahima tarqatmanglar¸ noto‘g‘ri xabar tarqatmanglar deyapti¸ bu yoqda hokimimizning o‘zi bunaqa gap qilyapti”.

Ozodlik suhbatdoshi¸ koronavirusga chalingan bemorlarga oid o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini ta’kidlagan ma’lumotnoma nusxasini taqdim qilmadi. Ayni paytda¸ to‘rt vrach va qolgan tibbiyot xodimlarining shaxsi va qaysi muassasada ishlaganini aniqlashtirdi.

(Ozodlik bu ma’lumotlarni oshkor qilmayotir.)

Ko‘pchiligi viloyat Tez tibbiy yordamdan keldi. Hamshiralar ko‘p. Furqatdagi detskiy bolnitsadan ham bitta vrach bor. Hammasining ahvoli yaxshi. Ko‘rgan bo‘lsangiz¸ kecha to‘rt kasal¸ tuzalib kasalxonadan chiqdi¸ biz ularni kuzatib qo‘ydik”.

Andijonda koronavirusga chalingan sog‘liqni saqlash xodimlarining respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filiali xizmatchilari ekanini bu markaz xodimlari ham bevosita tasdiqladi.

14 aprel kuni Ozodlik gaplashgan markaz hamshira va vrachlari qariyb ikki haftadan beri markazning butunlay yopilib¸ uning ichkarisidagi barchaning karantinga olinganini bildirdi.

Koronavirus chiqqanlarimizni infeksionniyda davolashyapti. Unaqa juda ko‘pmas lekin¸ anig‘ini bilmayman biz xonadan chiqmay karantinda o‘tirganimiz uchun. Tashqarida qo‘riqchilar”¸ dedi tibbiy yordam markazining karantindagi hamshiralaridan biri.

Andijon viloyat bolalar kasalxonasi vrachining koronavirusga chalingani aniqlanishi ortidan¸ bu kasalxona ham¸ uning mas’ullariga ko‘ra¸ to‘liq karantinga olingan.

“Abdurahmonov koronavirus bahonasida SSVga hujumga o‘tdi”

Andijon tibbiyot tizimida ishlovchi vrachlardan biri Ozodlikka hokimning 12 aprel kungi bayonoti shunday talqin qildi.

Hokim bu raqamni ushlab olib¸ uni SSV¸ birinchi o‘rinda¸ viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariga qarshi kompromat qilib ishlatmoqchi.

Ko‘rib turibsiz¸ dunyoning eng rivojlangan davlatlaridayam tibbiyot xodimlari virus yuqtiryapti. Andijonda birlamchi infeksiya o‘chog‘i sog‘liqni saqlash xodimlari emas¸ chetdan kelib¸ karantinga olinganlar. Ana shularga qaragan vrach va hamshiralarga yuqib¸ so‘ngra tarqagan. Hokim bu raqamni ushlab olib¸ uni SSV¸ birinchi o‘rinda¸ viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariga qarshi kompromat qilib ishlatmoqchi. Hokim o‘sha kuniyoq boshqama boshlig‘iga seni ishdan haydayman¸ deb ochiq aytdiyam. Sababi¸ o‘tgan yili SSB rahbari Avazbek Abdurahmonov¸ hokim yaqinlariga qarashli korxonalarda tayyorlangan shprits va qo‘lqoplar sifatsizligi haqida vazirlikka shikoyat qilgandi. O‘shanda Ozodlik bergan audioda aytgan gaplarini eslang. Hozirgi koronavirus bahona hokim SSB boshlig‘ini yo‘q qilish uchun raqamlarni atayin bo‘rttiryapti”¸ deb iddao qildi andijonlik tibbiyot tizimi vakili.

Ozodlik 2019 yil iyun oyida Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Avazbek Abdurahmonovni katta majlisda tahqirlagani haqida yozgan va unga hokim so‘kinishlari audiosini ham ilova qilgan edi.

O‘shanda hokim Abdurahmonov familiyadoshiga qarata jumladan:

Sen o‘ynashyapsan men bilan, hezalak! Lekin eshitib ol. Bugun mening qo‘limda vlast! Ikkovingni so‘yaman, sen ifloslarni hali!”¸ degan edi.

Sog‘liqni saqlash xodimlarining koronavirusga chalinishi davlatga qimmatga tushadi

O‘zbekiston prezidenti joriy yilning 26 mart kuni “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi.

Qaror bilan koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki ularning og‘ir ahvolga tushishi va sog‘lig‘i tiklanmaganligi munosabati bilan ularga bir yo‘la beriladigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdori tasdiqlandi.

Unga ko‘ra¸ koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi uchun – 100 million so‘m yoki ularning og‘ir ahvolga tushishi va sog‘lig‘i tiklanmaganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan – 250 million so‘m miqdoridagi qo‘shimcha to‘lovlar joriy etildi.

Agar Andijon viloyat hokimi tilga olgan raqamlar to‘g‘ri va koronavirusga chalingan sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari tuzalib ketgan taqdirda¸ davlat g‘aznasidan 78 nafar sog‘liqni saqlash xodimiga berilishi lozim bir martalik kompensatsiya¸ boshqa qo‘shimcha to‘lovlarni mustasno qilganda¸ 7 milliard 800 million so‘mni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG