Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:25

O‘zbekiston xalqaro tashkilotni paxta boykotini bekor qilishga chaqirdi.


Cotton Campaign 2010 yildan beri O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berilishini talab qilib kelgan.
Cotton Campaign 2010 yildan beri O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berilishini talab qilib kelgan.

O‘zbekiston hukumati aholi majburiy mehnatga jalb etilmasligi borasida qo‘shimcha kafolatlar bergan taqdirdagina, xalqaro brendlar o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Cotton Campaign rasmiylari 15 aprel kuni O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning mazkur xalqaro tashkilotga qilgan murojaatiga mana shunday munosabat bildirdi.

Nozim Husanov Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining hammuassisi Bennet Friman, Ishchilar huquqlari bo‘yicha Xalqaro Forumning ijrochi direktori Judi Gerxard, Cotton Campaign koordinatori Ellison Gillga mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanish uchun boykotni olib tashlashni so‘rab murojaat qildi.

Vazirning aytishicha, koronavirus pandemiyasi sharoitida “O‘zbekiston mehnat bozori misli ko‘rilmagan bosimga duch kelmoqda”.

“Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keskin (choralar) izolyatsiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolarimiz doimiy daromadlaridan mahrum bo‘lishdi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida”, deyiladi murojaatda.

Nozim Husanov paxta boykotini olib tashlanishi O‘zbekistondagi minglab odamlarni qashshoqlikdan qutqarishi va millionlab odaimlarni ish bilan ta’minlashi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

“ O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati aholi bandligini ta’minlashda yetakchi tarmoqlardan biridir. Faqat ishlab chiqarishda qariyb 7 000 korxonada 200 mingdan ortiq aholi ish bilan band bo‘lganligi bois bir million aholi barqaror daromadga ega. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbek paxtasidan boykot olib tashlansa, to‘qimachilik mahsulotlarining umumiy eksport hajmi ikki barobarga ortishi mumkin. Bu esa xalqimiz uchun zarur ish o‘rinlarini yaratadi”, deyiladi murojaatda.

O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov murojaatida 6 mart kuni prezidentining «Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani va O‘zbekiston 2020 yildan boshlab paxta ishlab chiqarishni, narxni va majburiy sotishni davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechgani ta’kidlanadi.

Vazirga ko‘ra, bu majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan yana bir tarixiy hujjat bo‘lgan va O‘zbekiston paxtachilik sektorini isloh qilishda davom etadi.

“Yangi islohotlar davriga o‘tishda aholiga zarur o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun koalitsiya tomonidan imzolangan Uzbek Cotton Pledge majburiyati doirasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotni olib tashlashni so‘rayman”, deyiladi murojaatda.

Cotton Campaign a’zolaridan biri bo‘lgan Amerika kiyim va poyabzal ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Neyt Xerman murojaatga munosabat bildirar ekan, Ozod Yevropa-Ozodlik radiosiga mana bularni aytdi:

“Biz O‘zbekiston majburiy mehnatga barham berish yo‘lida erishgan tarixiy progressni tan olamiz. Lekin xalqaro brendlar majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga toqat qila olmasliklarini e’tiborga olish lozim. Xalqaro mehnat tashkiloti 2019 yilgi paxta terimida yuz mingdan ortiq odam majburiy mehnatga jalb qilinganini bildirgan. Shundan kelib chiqqan holda, brendlar O‘zbekiston hukumat aholi majburiy mehnatga jalb etilmasligi yuzasidan qo‘shimcha kafolatlar berishini istaydi”.

Cotton Campaign tashkiloti muvofiqlashtiruvchisi Ellison Gill ham O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatga barham berish yo‘nalishida katta ishlarni amalga oshirdi, deb hisoblaydi.

“Lekin fuqarolik jamiyati huquqlarini va imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, mustaqil nodavlat tashkilotlarini ro‘yxatga olish hamda mustaqil ishlashiga sharoitlarni yaratib berish masalasi oqsamoqda. Biz hukumatni erkin va faol fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga sharoit yaratishga chaqiramiz”, dedi Ellison Gill.

Cotton Campaign O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri murojaatiga yaqin soatlarda rasmiy bayonot bilan javob qaytarishi kutilmoqda.

G‘arb davlatlaridagi huquq himoyachilari¸ biznes va investitsiya guruhlaridan tuzilgan Cotton Campaign koalitsiyasi 2010 yili bolalar va majburiy mehnat evaziga terilgan o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan va bu boykotga umumiy kapitali 1 trillion dollarga teng bo‘lgan Nike, Zara, GAP, C&A, Levi's, H&M, UNIQLO kabi yetakchi kiyim-kechak va to‘qimachilik shirkatlari qo‘shilgan edi.

​O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlarining ixtiyoriga zid ravishda 2019 yilda ham paxtaga majburlangani haqida Ozodlik xabar bergan.

Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva rahbarligidagi delegatsiya xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykotni to‘xtatish masalasida muzokaralar olib borish uchun 2019 yil 4 fevralda AQShga borgan edi.

AQShda bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida hukumat xalqaro Cotton Campaign koalitsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston paxatasiga baykotni bekor qilish yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlardan iborat “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqqan. “Yo‘l xaritasi” Cotton Campaign koalitsiyasiga taqdim etilgan.

Cotton Campaign delegatsiyasi 2020 yilning fevralida O‘zbekistonda bo‘lgan va hukumat rasmiylari bilan uchrashgan edi. Cotton Campaign paxta yetishtirishda davlat yakka hokimligini tugatish O‘zbekiston hukumati oldiga ular qo‘ygan yo‘l xaritasi bo‘yicha talablardan biri ekanini bildirgan.

XS
SM
MD
LG