Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:51

Xorazmdagi avtozavodda ishchilar karantin paytida yotog‘i bilan ishlatilmoqda (VIDEO)


Pitnakdagi avtozavod ishchilari ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib korxona hududiga kirmoqda. 15 aprelda olingan surat.
Pitnakdagi avtozavod ishchilari ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib korxona hududiga kirmoqda. 15 aprelda olingan surat.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish uchun tashkil qilingan maxsus komissiya uch nafardan ortiq odamning to‘planishini taqiqlagan bo‘lsa-da​, mingdan ziyod odam ishlaydigan Xorazm avtomobil zavodida xodimlar 15 kunlik smenada yotog‘i bilan ishlatilmoqda.

15 aprel kuni Ozodlikka kelgan videotasvirlarda Hazorasp tumanining Pitnak shahridagi zavod oldida yuzlab odam ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib ishga kirib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan zavod xodimlari 15 kun uyga bormasdan, korxonaning beton polida yotib ishlatilayotganliklarini aytishdi.

Ozodlik bilan telefon suhbatida o‘zini Xorazm avtomobil zavodi rahbari yordamchisi deb tanishtirgan mulozim koronavirus karantini sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani, ularga uch mahal ovqat berilayotgani, xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha talablarga amal qilinayotganini aytdi.

"Damas" va "Labo" mashinalari ishlab chiqariladigan Xorazmdagi avtozavodning ismi oshkor etilishini istamagan ishchisi Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yuzlab hamkasbi aprel oyi boshidan uyga bormasdan korxona hududida yotib ishlatilayotganini aytdi:

15 kun besh yuz ishchi uyga bormasdan, yotib qolib bir smenada ishladik. Kecha 15 aprelda smenadan chiqdik. O‘rnimizga boshqa smena ko‘rpa-to‘shagini olib 15 kunga kirdi. Hech kimni chiqarmaydi. Smena boshliqlari divanda, biz esa beton polga to‘shakni yoyib hammamiz bir joyda uxlaymiz.

- 15 kun 500 ishchi uyga bormasdan, yotib qolib bir smenada ishladik. Kecha 15 aprelda smenadan chiqdik. O‘rnimizga boshqa smena ko‘rpa-to‘shagini olib 15 kunga kirdi. Hech kimni chiqarmaydi. Smena boshliqlari divanda, biz esa beton polga to‘shakni yoyib hammamiz bir joyda uxlaymiz. Yuz foiz antisanitariya. Kimdir koronavirusni olib kirsa hammamizga yuqadi, chunki hamma bir joyda yotib-turyapmiz.

15 aprel kuni ertalab soat 7 larda olingan videotasvirlarda Xazorasp tumanining Pitnak shahridagi zavod oldida yuzlab odam ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib ishga kirib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Хоразм Автомобиль заводи ишчилари кўрпа-тўшаги билан ишга келмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:20 0:00

"Mana mashina zavodi. Yigitlar ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib kelishdi, mana, ko‘ring. Mana bu yerda "Xush kelibsiz!", deb yozilgan. Beton polga ko‘rpasini to‘shab yotishadi endi", - deydi kadr ortidan gapirgan erkak.

Tonggi 7 dan 22 ga qadar ish​

Zavodning Ozodlik suhbatlashgan boshqa xodimi ishchilar kuniga 12 soatdan ishlatilib, korxonada mehnat qonunchiligi ham buzilayotganini aytdi.

Har kuni ertalab 7dan kechki 10gacha ish. 12 ba’zida 13-14 soat ishlaymiz, tabelga 8 soatdan to‘ldirilib, maosh yoziladi.

- Har kuni ertalab 7 dan kechki 10 gacha ish. 12 ba’zida 13-14 soat ishlaymiz, tabelga 8 soatdan to‘ldirilib, maosh yoziladi. "Yotib ishlashga rozi bo‘lmasang arizangni yoz", deydi. Har xolda 2 yarim million maosh olamiz, agar ishdan haydalsak shu pul ham yo‘q. Shunga hamma qo‘rqqanidan, boshliqlarga hech narsa aytolmaydi, - deydi zavodning bo'yoq sexi xodimi.

Ozodlik bilan telefon suhbatida o‘zini Xorazm avtomobil zavodi rahbari yordamchisi deb tanishtirgan mulozim "koronavirus karantini sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani, ularga uch mahal ovqat berilayotgani, xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha talablarga amal qilinayotganini" aytdi.

Zavod mulozimi ishchilar qo‘yilgan vaqt me’yoridan ortiqcha ishlatilayotganini rad etdi.

- Belgilangan vaqtda ishlashadi, belgilangan vaqtda dam olishadi. Bizning maqsadimiz xavfli virus yoyilishining oldini olgan holda ishni tashkil qilish. Har kuni ishchilar kirib-chiqaversa kimdir kasallikni olib kelib, boshqalarga yuqtirishi mumkin. Hozir ishchilar huddi karantindagiday o‘z ixtiyorlari bilan smenada qolib ishlayapti. Qolaversa, transport ham qiyinku hozir. Avtobuslarda olib kelyapmiz. Hamma sharoit bor, uch marta ovqat. Mening o‘zim ham shu yerda yotib qolib ishlayapman. Bu vaqtincha, karantin tugaganidan keyin hammasi avvalgiday bo‘ladi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan Xorazm avtomobil zavodi rahbari yordamchisi.

Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Pitnak shahridagi avtomobil zavodi 2014 yilda ochilgan.

Mingdan ziyod odam ishlaydigan va "O‘zavtosanot" aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvichi ushbu zavodda yiliga 50-60 ming "Damas" va "Labo" mashinalari ishlab chiqariladi.

Хоразм автомобиль заводи ишчилари ётоғи билан ишга сафарбар этилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:47 0:00

Ishchilar virus tashuvchi bo‘lib qolishi mumkin

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi tuzilgan maxsus hukumat komissiyasi 30 martdan boshlab 3 nafardan oshiq odamning to‘planishini taqiqladi va odamlar orasida 2 metrlik masofa saqlanishi lozimligini bildirdi.

Hukumatning bunday ko‘rsatmasiga qaramay, "O‘zavtosanoat" tarkibiga kiruvchi barcha korxonalarda ish to‘liq rejimda davom etmoqda.

Ozodlik "minglab odam ishlaydigan korxonalarda ish to‘xtamagani, minglab ishchi har kuni bir joyda ovqatlanib¸ bir joyda to‘planishi koronavirusga qarshi hukumat komissiyasi joriy qilgan talablarga qanchalik to‘g‘ri keladi?" degan savol bilan "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi raisining maslahatchisi va matbuot kotibi Zumrad Shojalilovaga murojaat etdi.

Shojalilova Ozodlik savoliga: - O‘zbekistonda koronavirus boshqa davlatlardagi kabi keng tarqalmagan. Eng avvalo hudo saqlasin, lekin bizda kam. Shuning uchun korxonalar ishini to‘xtatishga zarurat yo‘q, - deb javob qildi.

Germaniya, Italiya va AQShda shu kunlarda yirik korxonalar koronavirus pandemiyasi bois faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.

"O‘zavtosanoat" Pitnakdagi zavoddagi xolatdan xabarsiz

"O‘zavtosanoat" matbuot kotibi Zumrad Shojalilova Xazorasp tumanining Pitnak shahridagi avtomobil zavodida ishchilar yotog‘i bilan 15 kunlik smenada ishlatilayotganidan xabari yo‘qligini aytdi.

- Men oldin u yerda nimalar bo‘layotganini bir o‘rganay, keyin sizga bu haqda biron narsa aytishim mumkin, - dedi Shojalilova.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 16 aprelga kelib mamlakatda koronavirus yuqtirgani tasdiqlanganlar soni 1300 nafardan ortganini ma’lum qildi.

Koronavirus aniqlangan hududlar orasida Xorazm viloyati ham bor.

O‘zbekistondagi boshqa yirik korxonalar, jumladan Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqariladigan zavod qurayotgan Enter Engineering kompaniyasi ham koronavirus xavfiga qaramay ishlarini to‘xtatmagan.

Enter Engineering ishchilari Qarshida. 1 aprelda olingan surat.
Enter Engineering ishchilari Qarshida. 1 aprelda olingan surat.

Ozodlik Enter Engineering kompaniyasi ishchilari karantinga qaramay G‘uzorda zavod qurilishida ishlatilayotgani haqida 1 aprel kuni xabar bergan edi.

Nega virus xavfiga qaramay qurilish ishlari to‘xtatilmagani haqida Ozodlik o‘shanda shirkat matbuot kotibi Maksim Nosovga savollar bilan yozma murojaat qilgan, lekin hozirgacha javob olmadi.

O‘tgan yil dekabr oyida Enter Engineering kompaniyasining G‘uzorda ishlayotgan xodimlari ovqatdan ommaviy zaharlangan, ulardan 65 nafari kasalxonaga yotqizilgan edi.

Shuningdek, "Farg‘onaazot", "Navoiy tog‘-kon metallurgiya komibinati"da ham ish to‘rt smenada davom etayotgani haqda Ozodlik shu oy boshida xabar bergan edi.

Ozodlik "o‘n minglab odam ishlaydigan korxonalarda ish to‘xtamagani, minglab ishchining har kuni bir joyda to‘planishi koronavirusga qarshi hukumat komissiyasi joriy qilgan talablarga qanchalik to‘g‘ri keladi?" degan savolga mutasaddi idoralardan javob olishga urindi.

Ammo 16 aprel kuni na hukumat komissiyasi¸ na O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot uchun mutasaddilari bilan bog‘lanib bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG