O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda un taqchillashib, ba’zi viloyat bozorlarida mojarolar yuzaga kelayotganiga oid xabarlar ortidan bosh vazir Abdulla Aripov 16 aprel kuni un va un maxsulotlarini iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha maxsus yig‘ilish o‘tkazdi.
Ozodlik qo‘lga kiritgan yig‘ilish bayonnomasidan ma’lum bo‘lishicha, Aripov "O‘zdonmahsulot" va boshqa idora rahbarlariga un va un mahsulotlarini davlat resurslari hisobidan 7 aprel kungi birja narxlarida (1 kg. oliy navli un - 3619 so‘m, 1-navli un - 2485 so‘m, 2-navli un - 2550 so‘m) birja savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib berish bo‘yicha topshiriq bergan.
15 aprel kuni Ozodlik O‘zbekistonning aksar viloyatlarida un taqchillashgani, bori esa bozor va do‘konlarda talash bo‘layotgani haqda xabar bergan edi.
16 aprelda onlayn rejimida o‘tkazilgan hukumat majlisida bosh vazir Abdulla Aripov koronavirus pandemiyasi sharoitida odamlar un harid qilish uchun bir joyga to‘planayotganidan tashvish bildirgan.
Ozodlik qo‘lga kiritgan majlis bayonnomasidan ma’lum bo‘lishicha, bosh vazir Aripov mahalla va ovullarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfi bois, ichki ishlar bo‘limlari, mahalla posbonlari va raislari aholini bir vaqtda un harid qilish uchun bir joyga to‘planishining oldini olishga vazifalantirgan.
Hukumat majlisi bayonnomasida un ustida talash yuzaga kelishi oldini olish uchun shu mahsulotga ehtiyoji bor xonadonlar ro‘yxati tuzilib, ularni savdo do‘konlariga kelish grafigini ishlab chiqish va bu haqda har bir xonadon xabardor qilinishi kerakligi aytilgan.
Savdogarlar esa pul operatsiyalarini faqat plastik kartalarda amalga oshirishi, Markaziy bank buning uchun un chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va savdo do‘konlarini to‘lov terminallari bilan ta’minlashi kerakligi majlis bayonnomasida ta’kidlangan.
Hukumat majlisida ba’zi joylarda un narxining sun’iy ravishda oshirilishi va chayqovchilik holatlari ham tilga olindi.
Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatdagi barcha mas’ul rahbarlarga, asosiy oziq-ovqat mahsuloti hisoblangan un narxlarining ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha lozim choralarni ko‘rishlarini so‘ragan.
16 aprel kuni majlis bayonnomasida huquq tizimlari un narxining sun’iy ravishda oshirilishining oldini olish choralarini ko‘rishi, mahsulotning iste’molchilarga avtoulovlar orqali talon-torojliklarga yo‘l qo‘yilmasdan yetkazib berilishini nazorat qilishi kerakligi aytilgan.
Eng arzon unning kilosi 4400 so‘mga chiqdi
Ayni kunlarda, xabarlarga qaraganda, bozorlarda un va yog‘ kabi mahsulotlar talash bo‘lmoqda. Koronavirus karantini davrida chetdan keltiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari kamayib qolgan.
Bir hafta avval bir qopi 170-180 ming so‘mdan sotilgan Qozog‘iston uni narxi 17 aprelda 210 ming so‘mdan oshdi.
Narxi chetdan keluvchi qozoq unidan qariyb ikki baravar arzon bo‘lgan mahalliy un esa do‘konlarda taqchillashgan.
- Ellik kilolik bir qop qozoq uni 110 ming so‘m bo‘ldi bugun. 25 kilolik qopdagisi 108 ming so‘m. Eng arzon mahalliy unning kilosi 4400 so‘m, - dedi Andijon shahar Dehqon bozoridan 17 aprel kuni xabar bergan Ozodlik mobil muxbiri.
Ba’zi viloyatlarda mahalliy un talash bo‘layotgani haqida Ozodlikka 17 aprel kuni ham xabarlar keldi.
Jizzaxning Paxtakor tumanidan olingan suratlarda yuzlab kishilarning mahalliy un uchun bir joyga to‘planib turganini ko‘rish mumkin.
Paxtakor tuman Dehqon bozoridagi savdogarlardan biri aholi orasida narx-navo yana osharmish, degan vahima sabab bozorlarda un va yog‘ kabi mahsulotlar talash bo‘layotganini aytdi:
- Bugun 15 tonna un olib kelindi. Bu un ham talash bo‘ldi. Oziq-ovqat do‘konlarida o‘simlik yog‘iga ham navbatlar ko‘paydi. Shuning uchun uchtadan ko‘p yog‘ berilmayapti. Unni ham har oilaga bir qopdan sotyapmiz, tugab qolyapti.
Bundan oldin Ozodlik un Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlarida talash bo‘lgani haqda xabar bergandi.
Jizzaxlik qandolatchi Sharifboy un qimmatlagani un mahsulotlariga ham ta’sir qilayotganini aytdi:
- Biz olayotgan unlar 150-160 ming so‘m edi. Ya’ni bir qopi. Hozir qozoq unini 200 mingdan olib keldim. O‘zimizni Jizzaxda chiqadigan mahalliy un yo‘q. Bo‘lka nonlar ham 1500 so‘m edi, 1750 so‘mga chiqib ketdi. Mahsulotlarning narxini oshirmasak harajatimiz qoplamaydi. Ba’zi novvoylar narxni oshirmay, gramini kamaytiryapti, gramidan olib qolishyapti. Nonlar kichkina bo‘lib qolyapti. Hali un va oziq-ovqat yana oshadi, deyishyapti. Ko‘ramiz buyog‘iga.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar narxlar oshishiga koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli import qisqargani, O‘zbekiston ichki valyuta bozorida so‘mning qadrsizlanganini sabab sifatida keltirishdi.
O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi oy boshiga nisbatan 5,5 foizga oshib, 17 aprel kuni 10 121 so‘mni tashkil etdi.
Ozodlik koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan mahalliy bozorlarda yuzaga chiqqan vaziyatni kuzatishda davom etadi. Oziq-ovqat savdosi¸ ta’minoti bilan bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor¸ xususan¸ joriy vaziyatda narxlar oshish jarayonni nazorat qilishga mas’ul ishchi guruhga aloqador bo‘lsangiz¸ vaziyatga oid fakt va ma’lumotlarni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.
Buning uchun Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga xabar yuboring.