Rossiyaning Shimoliy Kavkaz mintaqasida joylashgan Checheniston Respublikasi avtoritar rahbari Ramzan Qodirov sochini oldirgach, qo‘l ostidagi amaldorlar ham unga ergashdi.
Qodirov buni koronavirus pandemiyasi sabab barcha sartaroshxonalari yopilishi bilan izohladi.
21 aprelda Qodirov sochini tagidan oldirganidan so‘ng suratini Instagramga qo‘ygach, boshqa amaldorlar ham shunday yo‘l tutdi.
‒ Men hammaga sochini tagidan oldirishni tavsiya qilaman, chunki go‘zallik salonlari yopiq, uylarda esa sartaroshlar yo‘q... Bobolarimiz, eng muhimi, payg‘ambarimiz Muhammad SAV ham seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi shunday qilgan, ‒ dedi Qodirov videoda.
Bir kun oldin koronavirusning oldini olish guruhi majlisida mahalliy aholi vakillaridan biri Qodirovdan sartaroshxonalarni ochishni iltimos qilgan, Checheniston rahbari esa: "Eng yaxshisi sochni tagidan oldirishi kerak", - deb javob qaytargan edi.
Qodirovning videosi Instagramda paydo bo‘lganidan so‘ng ko‘plab hukumat amaldorlari, huquq-tartibot idoralari xodimlari va boshqa mahalliy hokimiyat vakillari ushbu urfga amal qilib, sochini tagidan oldirib, suratlarini internetga joyladi.
Kreml qo‘llab keladigan 43 yashar Qodirov 2007 yildan beri vaziyat qaltis bo‘lgan Chechenistonni ijtimoiy erkinlik va fuqarolik huquqini toptash, muxoliflarini mamlakatda ham, chet ellarda ham ta’qib qilish yo‘li bilan boshqarib keladi. U “temir mushtli” rahbar sifatida nom qozongan.
Kreml tanqidchilari Putin Qodirovning xizmat vazifasini suiiste’mol qilayotgani va Rossiya Konstitutsiyasini buzayotgani haqidagi gap-so‘zlarga ko‘z yumib kelayotganini aytadi.
Tanqidchilarga ko‘ra, Putin Chechenistondagi ayirmachilik kayfiyati va zo‘ravonlikni nazorat qilish uchun sobiq isyonchilar komandiriga tayanadi.
Checheniston ikki marta postsovet hududidagi halokatli urush va islomiy qo‘zg‘olon ro‘y bergan joydir, keyinchalik ushbu qo‘zg‘olon va urush Shimoliy Kavkazdagi boshqa musulmon mintaqalarga ham tarqalgan edi.