Karantin davrida advokatlar “oyoqsiz” qoldirilgani e’tirozga sabab bo‘ldi. Hokim Ortiqxo‘jayev ehson qilgan-qilmagani borasida savolga tutildi. Joriy hafta mahalliy matbuot mana shular haqida yozdi.
Advokatlar shaxsiy avtoulovida harakatlana olmayotgani sabab fuqarolar yuridik ko‘maksiz qolmoqda
Karantin choralari doirasida advokatlar shaxsiy avtoulovlarida harakatlana olmayotgani sabab fuqarolar yuridik ko‘maksiz qolib ketmoqda, deydi Black Swan Consulting huquqiy maslahat firmasi vakili Amir Ahmedov (www.anhor.uz, 18 aprel).
Oqibatda fuqarolar Konstitutsiyada belgilangan himoya huquqidan foydalana olmayotirlar.
Ayni choqda, Respublika komissiyasi DXX, IIV hamda prokuratura tizimining surishtiruvchi va tergovchilariga shaxsiy va xizmat mashinalarida harakatlanishi uchun ruxsat bergan.
Advokatlar palatasining bu boradagi murojaatiga javoban Adliya vazirligi advokatlarga surishtiruv-tergov jarayonida ishtirok etish zarurati tug‘ilsa, ularga adliya, sud va tergov idoralari tomonidan transport berilishini ma’lum qilgan.
Amir Ahmedovga ko‘ra, advokat zikr etilgan davlat tashkilotlari taqdim etgan avtoulovdan foydangudek bo‘lsa, uning mustaqilligi xavf ostida qoladi.
Har kuni karantin tartibini buzgani bois jazolangan shaxslar haqida ma’lumotlar e’lon qilinmoqda. Qayd etilishicha, advokatlar ishtirok etmas ekan, ushbu holatlarning qonuniyligi shubha ostida qolishi tayin.
Black Swan Consulting huquqiy maslahat firmasi vakiliga ko‘ra, har qanday sharoitda, jumladan, karantin davrida ham fuqarolarning konsititutsiyaviy huquqlari ta’min etilishi shart.
Hokim Ortiqxo‘jayev ham muhtojlarga ehson qilmoqdami?
“Bugun dunyoning yetakchi iqtisodchilari va olimlari koronavirus pandemiyasi katta yo‘qotishlar, jumladan, iqtisodiy inqirozlarga ham sabab bo‘lishi haqida ko‘p gapirmoqda. Albatta, rivojlanib borayotgan mamlakatimiz, jumladan, poytaxtimiz uchun ham bu tashvishli holat”, deydi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev (www.uza.uz, 21 aprel).
Qayd etilishicha, ayni paytda barcha tumanlar kesimida korxona va tashkilotlarning ishlarni qayta tashkil etish imkoniyati o‘rganilmoqda. Sanitariya-gigiyena bo‘yicha qo‘yilgan talablarni to‘liq bajara olgan korxonalar tez kunda ish faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Poytaxt rahbari “Siz ham hokim, ham tadbirkorsiz. O‘zingiz ham xayriya qildingizmi?” degan savolga “Bugun barchamizning boshimizga tushgan og‘ir sharoitda hech kim chetda qarab turgani yo‘q, deb o‘ylayman. Ammo qilgan amallarni ochiqlash, ta’kidlash tabiatim va ko‘rgan tarbiyamga to‘g‘ri kelmaydi” deya javob qaytargan.
Taniqli bokchsi Isroil Madrimov havaskor boksdan ketishi sababini ochiqladi
2018 yildan buyon professional boksda faoliyat yuritayotan kelayotgan taniqli bokschi Isroil Madrimov havaskor sportni tark etgani sababini ochiqladi (www.daryo.uz, 23 aprel).
“Havaskor boksda hakamlarning xatoliklari uchrab turadi va asosan menda ko‘proq takrorlanib, shijoatimning so‘nishiga sabab bo‘lgan. Professionalga o‘tishimning asosiy sabablaridan biri ham shu. Ochig‘i, bu muammoni hal qilishning iloji bormi, yo‘qmi degan savolga javob berish qiyin. Chunki bu holat oldin ham bo‘lgan va, menimcha, bundan keyin ham bo‘ladi” degan sportchi.
I.Madrimov AQShdagi hayot tarzi xususida ham o‘z fikri bilan o‘rtoqlashgan.
“Amerika... judayam rivojlangan davlat va yashash uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Har qanday yumushingizni uydan chiqmasdan turib hal etishingiz mumkin. Mahalliy aholi ham bir-biriga hurmat bilan muomala qiladi. Qo‘shningiz yoki biror boshqa insonda qandaydir xusumatingiz bo‘lsa ham unga yaxshi munosabatda bo‘lishingiz kerak. Mana shu tomonlari meni hayron qoldirdi” deydi u.
Havaskor boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan I.Madrimov 2018 yildan buyon professional bokschi sifatida jang qilib kelmoqda. U hozirga qadar 5 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida nokaut evaziga g‘alabaga erishdi. Sportchi WBA Intercontinental kamari sohibi hamdir.