Toshkent bosqinida o‘lgan rus askarlari sharafiga butxona tiklangani ajdodlar xotirasiga haqorat deb baholandi. Deputat karantin davrida talabalarning shartnoma puli qisqartirilishi kerak, deb hisoblaydi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Deputat: Karantin davrida talabalarning shartnoma puli qisqartirilishi kerak
O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida onlayn ta’lim tizimiga o‘tilgan bir paytda talabalar shartnoma puli qisqartirilishi kerak, deb hisoblaydi xalq deputatlari Arnasoy tuman kengashi deputati, “Adolat” partiyasi vakili Farrux Abduhamidov.
“O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasi talabalarining 90,2 foizi to‘lov shartnomasi asosida tahsil oladi. Shartnoma pulini to‘lovchilarning aksari esa oddiy ishchi xalqimiz bo‘lsa ajabmas. Bugun 1,5 million ishsiz bo‘lgan (aslida bu raqam 5-6 milliondan kam emas) oilalar farzandlarining to‘lov shartnoma pullarini to‘lashda turli muammoga duch kelayotganlari tabiiy” deydi deputat.
“Adolat” partiyasi saylovchilar fikrini inobatga olgan holda, 2019-2020 o‘quv yili ikkinchi yarmi uchun to‘lanadigan kontrakt summasidan 2 oyni qisqartirishni taklif etadi.
Ta’kidlanishicha, shartnoma puli qisqartirilmasa, ishsiz ota-onalar battar qarzga botadi. Natijada pandemiya tugasa ham, muammo yakun topmaydi.
Deputat hozirda amalda bo‘lgan masofaviy ta’lim sharoitida oliy ta’lim muassasalarining xarajatlari ham qisqarganini eslatib o‘tgan.
Shifokorning Senat raisiga arzini ijtimoiy tarmoqdan kim o‘chirtirdi?
Andijon viloyati Shahrixon tumani markaziy poliklinikasi bo‘lim mudiri O. A. ijtimoiy tarmoq orqali Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga issiq ovqatsiz ishlashayotgani, sifatli himoya vositalarini o‘z maoshlaridan sotib olishga majbur bo‘layotganlaridan arz qilgan (www.xabar.uz, 19 aprel).
Ammo oradan ko‘p o‘tmay, shifokorning murojaati internetdan o‘chirtirilgan. Shifokor Xabar.uz jurnalisti bilan muloqotda murojaatni o‘chirish borasida kim topshiriq berganini ochiqlamagan.
Ammo xalatu qalpoqlar , hatto ish jarayonida zarur bo‘ladigan daftar-qog‘oz-qalamgacha maoshdan sotib olish odat tusiga aylanganini og‘riq bilan aytgan.
Yaqinda Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat bo‘yicha koronavirusga chalingan 90 bemorning 78 nafari tibbiyot xodimi ekanini ma’lum qilgan edi.
“Endi oddiy mantiq taroziga qo‘ying: yetarlicha himoya vositalari bilan ta’minlangan ekan, nega viloyatda koronavirus infeksiyasi yuqtirgan shifokor ko‘p?! Haddan ziyod ko‘p?! Bemorlar hayoti uchun jon olib-jon berayotgan shifokorlarni yetarlicha himoya qilmay turib, bu baloni daf qilish mumkinmi o‘zi?!” deb yozadi internet nashr.
Shifokor arzi holining internetdan o‘chirtirib tashlangani yuzasidan na Senat raisi, na sog‘liqni saqlash vaziri va na boshqa vakolatli idoralar munosabat bildirgan.
Toshkent bosqinida o‘lgan rus askarlari sharafiga butxona tiklangani ajdodlar xotirasiga haqorat deb baholandi
Toshkentni bosib olishda halok bo‘lgan 25 rus askari sharafiga Kamolon mahallasida 1865 yilda qurilgan va vaqt o‘tib yemirilgan butxona to‘liq restavratsiyadan chiqarilib, atrofi yodgorlik majmuasiga aylantirildi. Mazkur hodisa blogerlar tomonidan tanqidiy baholandi.
“Bu butxonani ta’mirlash, nazarimda, O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda qilishi shart bo‘lgan ishlardan biri emasdi. Avvalo, birinchi galda restavratsiyaga muhtoj milliy me’moriy obidalarimiz tiqilib yotibdi”, deb yozdi bloger Muhrim A’zamxo‘jayev.
Qayd etilishicha, Toshkent mudofaasida shahid bo‘lganlar xotirasiga bir lavhacha ham yo‘q bir paytda bosqinchilarga atab butun boshli yodgorlik majmuasi tiklangani ajdodlarga haqoratdir.
“O‘sha bosqinchilar ta’siridan mustaqil bo‘lganimizga qariyb 30 yil bo‘ldi. Bosqinchilar hanuz hurmatda. Himoya qilgan o‘zbek o‘g‘lonlarini esa tarix darsliklarida ham eslashmaydi. G‘alati. Juda g‘alati. Ishqilib tarixga nisbatan bunday munosabatimizni kelajak kechirsa bo‘ldi”, deb yozdi bloger Nozim Safari.
Butxona tiklangan kunlarda “Kremlning O‘zbekistondagi propaganda karnayi” deb ataladigan vesti.uz saytida chor generali Chernyayevga Toshkentni bosib olish kerak bo‘lmagani haqida tarixiy fakt buzib ko‘rsatilgan maqola chop etildi.
“Rahmatli Tog‘ay Murod aytganidek, bularga qo‘ysa, Leninni otam, Krupskayani onam dedirtiradi va tarixni bulg‘ab, Toshkent o‘z ixtiyori bilan o‘ris imperiyasiga qo‘shilgan, degan qo‘shiqni qayta kuylay boshlaydi. Albatta, biz tarixiy obidalar va haykallarga qarshi kurashadigan mayda millat emasmiz. Lekin milliy tariximizni bosqinchilar buzib, qayta ishlab berishiga ham ko‘nmasligimiz lozim”, deya ushbu holatga munosabat bildirdi bloger Otabek Bakirov.