Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:44

Qator davlatlar karantinni bekor qilishga hozirlik ko‘rmoqda


Millenium ko‘prigidan o‘tib borayotgan aholi, 25 aprel, 2020, Buyuk Britaniya
Millenium ko‘prigidan o‘tib borayotgan aholi, 25 aprel, 2020, Buyuk Britaniya

Jahon bo‘ylab rasmiylar koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan cheklovlarni bekor qilish rejasini tuzmoqda.

G‘arb davlatlarida o‘limlar soni ozaya boshlagan bo‘lsa-da, mutaxassislar ayrim davlatlar xastalik yoyilishining haqiqiy ko‘lami haqida aniq ma’lumot bermayotganini taxmin qilmoqda.​

26 aprel kuni Ispaniyada olti haftadan beri karantin tufayli uyda o‘tirgan bolalarga ko‘chaga chiqishga izn beriladi.

Bu haqda mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches ma’lum qildi. Vazir bolalar voyaga yetganlar nazoratida 1 soatga ko‘chaga chiqishi mumkinligini aytdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari joriy qilingan cheklovlarni muddatidan avval bekor qilish pandemiya yana avj olishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Ammo Ispaniyada virus keltirib chiqaradigan COVID-19 infeksiyasi tufayli nobud bo‘layotganlar soni ozaygani uchun mamlakat hukumati 14 yoshga to‘lmagan bolalarga yengillik berishga qaror qildi.

Belgiya ham karantin choralarini asta-sekin bekor qilish rejasini e’lon qildi. Mamlakatda 4 maydan boshlab shoshilinch bo‘lmagan tibbiy muolajalarni boshlashga ruxsat beriladi, niqob ishlab chiqarish uchun tikuv sexlari ochiladi.

4 maydan boshlab Italiyada ham ayrim cheklovlar bekor qilinadi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakat rasmiylari odamlarni ijtimoiy masofa saqlashda davom etishga chorladi. Italiya virus tufayli eng ko‘p odam halok bo‘lgan Yevropa davlatidir. Bugunga qadar virus 26 mingdan oshiq odam umriga zomin bo‘ldi.

Fransiya esa 11 maydan boshlab cheklovlarni yumshata boshlaydi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri ko‘proq test o‘tkazish rejasini taqdim etdi.

Virus 20 mingdan oshiq odam yostig‘ini quritgan Britaniya hukumati karantin choralarini bekor qilishga oshiqmayapti. Oy boshida COVID-19 infeksiyasiga chalinib, tuzalib ketgan bosh vazir Boris Jonson 27 aprel kuni ishga chiqishi kutilmoqda.

Jazoirda esa rasmiylar do‘konlar va sartaroshxonalarni ochishga hamda shaharlarda taksi xizmatlarini qayta yo‘lga qo‘yishga izn berdi.

Xitoyda 26 aprel kuni yana 11 nafar shaxs virusga chalingani xabar qilindi. Xitoy rasmiylarining ma’lum qilishicha, so‘nggi 11 kun ichida mamlakatda virus tufayli hech kim halok bo‘lmadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda bugunga qadar 82,727 nafar shaxs virusni yuqtirdi.

AQShda esa ayrim shtatlarda cheklovlar bekor qilinib, odamlarga sohil, mashq zali hamda soch salonlarga borishga ruxsat beriladi. AQShda koronavirusga chalinganlar soni 950 mingga yaqinlashdi, 55 mingdan ko‘proq bemor vafot etdi. Koronavirus oqibatida mamlakatda 33 million odam ishsiz qolgani aytilmoqda.

Hindistonda mahallalardagi do‘konlar ochildi, ammo virus keng tarqalgan shaharlarda karantin choralari davom etmoqda.

Jons Xopkins universiteti to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar jahon bo‘ylab infeksiyasi tufayli halok bo‘lganlar soni 200 mingdan oshdi, virusni yuqtirganlar soni esa 3 millionga yaqinlashdi.

Dunyoda 26 aprelga kelib, virus yuqtirganlar rasmiy soni 2 million 905 mingdan oshdi, o‘lganlar soni esa 203 mingdan ziyod, tuzalganlar 825 ming atrofida.

XS
SM
MD
LG