Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:31

Italiya koronavirusga immunitet hosil qilish maqsadida aksiltanacha testlarini o‘tkaza boshladi


Immuniteti bor deb hisoblanayotgan kishilarda yana virusni yuqtirib olishi va boshqalarga ham yuqtirishi xavfi saqlanib qolaverishi ehtimol.
Immuniteti bor deb hisoblanayotgan kishilarda yana virusni yuqtirib olishi va boshqalarga ham yuqtirishi xavfi saqlanib qolaverishi ehtimol.

Italiya o‘tgan haftada mamlakat shimolidagi Lombardiya viloyatida aksiltanacha testlarini o‘tkazishni boshladi. Bundan maqsad koronavirusga qarshi immunitet hosil qilishga oid zarur ma’lumotlarni olish hamda anchadan beri koronavirus tufayli karantinda qolgan mamlakatni qayta ochishda hokimiyat idoralariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdir.

Ekspertlar hisob-kitobicha, virus asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishi uchun aholining 60-70 foizida unga nisbatan immunitet hosil bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, koronavirusga immunitet qancha vaqt davom etishi noma’lum. Immuniteti bor deb hisoblanayotgan kishilarda yana virusni yuqtirib olishi va boshqalarga ham yuqtirishi xavfi saqlanib qolaverishi ehtimol.

Yevropadagi koronavirus keng tarqalgan mamlakat – Italiyaning Lombardiya viloyati ushbu inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘rgan edi. Bu yerda qon tahlili asosida “poda immuniteti” ni (yuqumli kasallikdan bilvosita himoya vositasi. Aholi vaksinatsiya (emlash) yohud avvalgi infeksiya natijasida ega bo‘lgan immunitetga ega bo‘lgan holatda paydo bo‘ladi - muharrir) hosil qilish sanoati rivojlangan mintaqa aholisining ishga tez va xavfsiz qaytishiga yordam beradi.

Aholi zich joylashgan Lombardiyada 13 mingga yaqin kishi koronavirusdan vafot etdi. Koronavirusdan o‘lgan italiyaliklarning yarmidan ko‘pi Lombardiya viloyati markazi Milandan edi.

Garchi Germaniyada mamlakat bo‘ylab aksiltanachalar sinovi boshlangan, Finlyandiya va Britaniya bunday sinovlarni o‘tkazajagini e’lon qilgan bo‘lsa-da, sinovlardan olingan ma’lumotlar qanchalik ishonchli bo‘lishiga oid ko‘plab savollar hozircha javobsiz qolmoqda.

Sog‘liqni saqlash idoralari Lombardiyada har kuni 20 mingta test o‘tkazilishini xabar qildi. Avvalo koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan viloyatlardagi tibbiyot xodimlari, karantin vaqtida koronavirus alomatlari ko‘zga tashlanayotgan hamda ular bilan muloqot qilgan, shuningdek, kasallikning yengil alomatlari bo‘lgan kishilar testdan o‘tadi.

Hokimiyat idoralari 29 apreldan so‘ng testni kengroq miqyosda o‘tkazishga umid qilmoqda.

Italiya Milliy sog‘liqni saqlash kengashi boshlig‘i Franko Lokatelli o‘tgan oyda aksiltanachalar testi hokimiyatga koronavirusning tarqalishini aniqlashda yordam berishini aytgan edi.

Ma’lumotlardan yana “poda immuniteti” haqidagi dolzarb axborot” olish mumkin, u mamlakat hayotini qayta ishga tushirishga, masalan, kimga ishga chiqishiga ruxsat etilishini aniqlashga yordam beradigan strategiyalarni ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin, dedi u.

Xatarlar saqlanib qolmoqda

Italiyaning DiaSorin biotexnologiya firmasi tayyorlayotgan to‘plamlar qonda aksiltanachalar mavjudligini qidiradi. Bunday aksiltanachalar odamga virus ta’sir ko‘rsatgan yoki ko‘rsatmaganini va uning tanasida immunitet qay darajada ekanini aniqlab beradi.

Ular ayni paytda keng tarqalgan va odam tanasida virus bor-yo‘qligini aniqlash uchun burun sekretsiyalaridagi molekulalar tekshiriladigan surtma testlaridan farq qiladi.

Lombardiyadagi surtma testlaridan o‘tkazilganlarning 24 foizida virus borligi aniqlandi.

Virusga immunitet mavjudligi kam o‘rganilgan va uning samaradorligiga umid qilish bo‘rttirilgan ko‘rinadi. Virusologlar va epidemiologlar bashorat qilish uchun 2002-2003 yillarda tarqalgan SARS – atipik zotiljam singari oldingi koronaviruslar vaqtida to‘plangan ma’lumotlardan foydalanishi kerak bo‘ladi.

Ekspertlar hisob-kitobicha, virus asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishi uchun aholining 60-70 foizida unga nisbatan immunitet hosil bo‘lishi kerak. Biroq Fransiyaning Paster nomidagi instituti mart va aprelda o‘tkazgani singari so‘nggi tadqiqotlar “poda immuniteti”ni orttirish taxmin qilinganidan ko‘ra qiyin ekanini ko‘rsatdi.

Fransiyaning koronavirus birinchilardan bo‘lib tarqalgan joylaridan biri – Uaza departamentidagi o‘rta maktabda tadqiqotchilar o‘quvchilar, o‘qituvchilar va oilalarining 26 foizida aksiltanachalar mavjudligini aniqladi.

Bundan tashqari, koronavirusga immunitet qancha vaqt davom etishi noma’lum, buning ma’nosi shuki, immuniteti bor deb hisoblanayotgan kishilarda yana virusni yuqtirib olishi va boshqalarga ham yuqtirishi xavfi saqlanib qolaveradi.

“Kafolat yo‘q”

‒ Ushbu aksiltanachalar yangi infeksiyadan himoya qilishiga kafolat yo‘q. Biz bunga faqat ayni lahzalarda umid qilishimiz mumkin. Buni kelajakda bilib olamiz, ‒ dedi Bergamo jarrohlik va stomatologiya uyushmasi prezidenti Gvido Marinoni Frans-Press agentligiga payshanbada.

Koronavirus eng ko‘r zarar yetkazgan Bergamo viloyatidagi mahalliy test o‘tkazish ishlarini tashkil qilgan va uning natijalarini o‘rganayotgan Marinoni ogohlantirishicha, aksiltanachalar yo‘qligi kasallik hali boshlang‘ich bosqichlarda ekanini va aksiltanachalar hali paydo bo‘lmaganini anglatadi.

Undan ham xavfliroq jihati shuki, tanasida aksiltanachalar paydo bo‘lgan kishida hali ham virus bo‘lishi va boshqalarga uni yuqtirishi mumkin. Shuning uchun italiyalik Lokatelli singari ekspertlar aksiltanachalarni aniqlash bo‘yicha testlar surtma testlari bilan ko‘shib olib borilishi kerakligini aytmoqda.

Fransiyaning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy kengashi rahbari, immunolog Jan-Fransua Delfraissi ko‘plab shubhalar solayotganini ma’lum qildi.

− Ayni paytda COVID-19 bilan og‘rib tuzalgan kishilar... biz o‘ylaganchalik himoyalanganmi, degan savolni o‘rtaga tashlayapmiz, − dedi u.

Olimlar ishonchliroq ma’lumotlar paydo bo‘lguncha kutib turishi kerak, dedi Yeyl Global salomatlik instituti direktori Sa’d Umar.

− Hali juda erta, − dedi Umar. – Biz ikki oydan so‘ng aksiltanachalarni aniqlash uchun sezgirligi va o‘ziga xosligi bo‘lgan ishonchli testlar o‘tkazilgach, aniqroq ma’lumotlarni olishimiz kerak.

XS
SM
MD
LG