Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:32

Talabalarning 30-40 foizi Internet sustligi bois onlayn darslarda qatnasha olmayapti


Karantin sabab uylariga jo‘natilgan talabalar onlayn darslarda to‘liq qatnasha olmayotir.

Ozodlikka bog‘langan talabalarga ko‘ra, Internet muammosi sabab onlayn darslarda qatnashish va berilgan topshiriqlarni bajarish imkonsiz qolmoqda.

Ayrim oliygohlarda onlayn darslarda to‘liq qatnashmagan talabalarga kursda qoldirish bilan tahdid qilingan.

Toshkentdagi Moliya institutining xorazmlik talabasi onlayn darslarda to‘liq qatnasha olmayotganlardan biri.

Ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan xorazmlik talaba Internet bilan bog‘liq muammo sabab onlayn darslarda qatnashish uchun tomga chiqishga majbur bo‘layotganini aytadi.

“Men yashaydigan qishloqda Internet tezligi juda past. Oddiy yozishmani o‘qish uchun hovliga chiqib Internet izlayman. Agar video aloqaga chiqish kerak bo‘lsa, tomga chiqishga to‘g‘ri keladi. Ba’zida tomda ham yaxshi ishlamaydi. 5-10 minutdan keyin Internet qotib qoladi. Onlayn darslarni umuman o‘zlashtira olmayapman. Berilgan topshiriqlarni bajarish uchun ham Internet kerakku. Nima qilishni bilmayapman. Ishqilib kursda qolib ketmasam bo‘ldi bu ketishda. Domlalar onlayn darslarni o‘zlashtirishimizga qaralishini aytgan”.

Aytilishicha¸ talabalar darslarga Moodle va Zoom onlayn dasturlari orqali qatnashmoqda¸ bunday darslar 40 daqiqadan 1,5 soatgacha davom etmoqda.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining namanganlik talabasi, darslarda ishtirok etish uchun Internetga avvalgiga nisbatan 5-6 barabar ko‘proq xarajat qilayotganini aytadi.

“Internet tezligi juda rasvo. 30 minutga 50 megabayt ketyapti. Oldin har oy 15 ming so‘mlik ta’rif ishlatardim. Hozir shu ta’rifni 5-6 marta qayta ulattirdim. Darslarda to‘liq qatnashish imkoni mutlaqo yo‘q. Zoom orqali videokonferensiya leksiyalarida faqat audiosini yoqib qo‘yaman. Shunda ham Internet kuchi yetmaydi. Domlalar topshiriqlar bilan ko‘mib tashlayapti. Internet bo‘lmasa, topshiriqni qanday bajaramiz? Buni hech kim inobatga olmayapti. Muammo bitta menda emas, ko‘plab kursdoshlarim ham darslarda qatnasha olmayapti. Masalan, Zoom orqali videokonferensiyalarda 30-40 foiz talaba qatnasha olmayapti”.

Ozodlikka Telegram orqali bo‘lgan murojaatlardan birida shundoq ham karantin sabab iqtisodiy muammolar qarshisida qolgan oilalarga videodarslar uchun Internetga ortiqcha pul sarflash og‘irlik qilayotgani aytilgan.

Talabalar bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, ayrim oliygohlarda onlayn darsda to‘liq qatnashmagan talabalarni kursda qoldirish bilan tahdid qilingan. Xususan¸ Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbarlaridan birining talabalarga shunday tahdid qilingan yozishmasi nusxasi Ozodlikda mavjud.

Ushbu yozishmada Internet muammosi sabab videodarslarda qatnashmagan talabalarning kursda qoldirilishi aytilgan.

“Buning asosida semestr yopiladi. O‘tsa o‘tdi, o‘tmasa yangi o‘quv yilida qaytadan o‘qishadi. Bizda juda trafikka ham puli yo‘qlar o‘qishmaydi. Ertagini yosh bolalarga aytsin. Semestr shunday yopiladi. Trafigi yo‘q bo‘lsa, sentabrdan boshqatdan o‘qiydi”¸ deyiladi ogohlantiruv xabarida.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Ozodlik 27 aprel kuni bog‘langan mulozimi oliygoh o‘qituvchilaridan biri tomonidan shunday tahdid qilinganini inkor qilmadi. Biroq rasmiy talabalarga imkon berilishini qo‘shimcha qildi.

“Biz onlayn ta’limni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining maxsus buyrug‘i asosida yo‘lga qo‘yganmiz. O‘quv yilini 1 iyulgacha masofaviy ta’lim asosida yakunlashimiz kerak. Ba’zi domlalar qizishib ketib, talabalarga ortiqcha gap qilgan holatlar ham bo‘ldi. Qaysi domla haqida gap ketayotgani ham bizga ma’lum. Lekin talabalarga¸ albatta¸ imkon beriladi. Onlayn darslarni o‘zlashtira olmaganlar iyul oyida universitetga kelib, topshirishlari mumkin. Umid qilamiz iyulgacha karantin tugaydi va talabalarga erkin harakatlanishga ham ruxsat beriladi”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismini ochiqlamaslikni so‘ragan oliygoh mulozimi.

Ozodlik muxbiri 27 aprel kuni mamlakatning turli burchaklarida yashovchi talabalar bilan bog‘lanib, Internet muammosi sabab onlayn darslarda qatnasha olmayotganlar nafaqat chekka qishloqlar, hatto tuman markazlariga yaqin hududlarda ham borligini aniqladi.

Shaharda yashovchi talabalar Internet tezligi yaxshiligi va videodarslarda qatnashishda muammo yo‘qligini aytishdi.

“Men Buxoro shahrida yashayman. Bizda Internet yomonmas. Videodarslarda bemalol qatnashish mumkin. Hali biror marta Internet bilan bog‘liq muammo bo‘lmadi”, dedi Buxoro Muhandislik texnologiyalari instituti talabasi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi talabalarning onlayn darslarda ishtirokini ta’minlash uchun vazirlik tomonidan imkoniyatlar yaratilayotganini aytdi.

“Internet muammosidan¸ albatta¸ xabarimiz bor. To‘g‘ri¸ chekka qishloqlarda Internet tezligi yaxshi emas. Masofaviy ta’limga kech o‘tilgani sababi ham Internet bilan bog‘liq. Lekin biz vaziyatdan chiqish yo‘llarini qilyapmiz. O‘tgan haftadan dist.edu.uz portalidan mobil Internetda foydalanishni bepul qildik. Keyin aytib qo‘yay, hech kim asossiz kursda qoldirilmaydi”, dedi o‘zini tanishtirmagan vazirlik mulozimi.

Ozodlik gaplashgan talabalar vazirlik mulozimi tilga olgan bepul sayt talabalar uchun mutlaqo qulaylik yaratmaganini aytishdi.

“To‘g‘ri dist.edu.uz saytiga kirish bepul. Lekin saytga kirib, institutingiz joylashgan linkni bossangiz, sizni to‘g‘ri Moodle saytiga o‘tkazib yuboradi. Moodledan foydalanish uchun esa Internet kerak. Ular aytgan sayt¸ kak spravochnik. Talabalar nimaning¸ qayerda ekanini yaxshi bilishadiku. Men shaxsan dist.edu.uz saytidan foydalanmayman. Chunki onlayn darslar Moodle va Zoom orqali bo‘ladi. Yana domlalar bilan Telegram orqali gaplashamiz. Bularning hammasi Internet bo‘lmasa ishlamaydi”, dedi namanganlik talaba yigit.

O‘zbekistonda dastlab Internet tezligining pastligi¸ tuman va qishloqlarda esa¸ Internetga muntazam ulanish imkoni yo‘qligi sabab o‘rta va oliy ta’limni pandemiya davrida¸ rivojlangan davlatlardagi kabi¸ onlayn rejimiga o‘tkazish rejasi yo‘q edi.

Karantin boshlanganidan qariyb ikki hafta o‘tgachgina, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2019-2020 yilgi o‘quv yilini masofaviy ta’lim orqali yakunlash qaroriga keldi.

Vazirlikning 10 aprel kungi buyrug‘iga ko‘ra, o‘quv yili masofaviy ta’lim asosida 1 iyulgacha yakunlanishi lozim.

O‘zbekiston yillardan beri Internet ko‘rsatkichlari bois tanqid qilinib kelinadi.

Ookla kompaniyasining Speedtest.net xizmati e’lon qilgan so‘nggi natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston hozirgi kunda Internet tezligi bo‘yicha dunyoda 102-pog‘onani egallab turibdi.

XS
SM
MD
LG