O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi yordami bilan Sankt-Peterburg shahridan Toshkentga 29 aprel kuni charter reys orqali olib kelingan to‘rtko‘llik Salomat Yuldasheva surunkali buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekadi.
27 yoshli Salomat Yuldashevaning Ozodlikka aytishicha, u ikki haftalik karantinga olinishi bilan hayot-mamotini belgilovchi muolajasiz qolgan.
Xasta ayolga ko‘ra¸ u Moskvadan kelishi bilan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida tashkil etilgan O‘rtasaroy karantin hududiga joylashtirilgan.
Salomat Yuldasheva Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidan Sankt-Peterburg shahriga borgan va O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ko‘magi bilan charter reys orqali 29 aprel kuni soat 01.00da Toshkentga olib kelingan.
Bu reysda kelgan yo‘lovchilarning bari Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin maskaniga joylashtirilgan.
Salomat Yuldashevaning aytishicha, ertalab u vrachlarga surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigani, gemodializsiz yashay olmasligi, oyoqlari shishayotganini aytgan:
“Hamma qog‘ozlarimni ko‘rsatdim, u yerda hammasi yozilgan. Davleniyamni o‘lchadi, 180 ga chiqibdi. Dori berdilarda, chiqib ketdilar. Mening ikki buyragim ham ishlamaydi, agar bugun gemodializ quydirmasam bo‘lmaydi, oyoqlarim shishib ketyapti, deb bularga tushuntirib aytib turibman, bular esa Tez yordamga telefon qildik, hozir keladi, deb 6 soatdan beri aldab o‘tirishibdi. Rossiyadan 4-5 ming rublga olgan boshqa dorilarim ham bor, ularni xolodilnikka qo‘ymasam bo‘lmaydi. Sumkamda yotibdi, kelganimdan beri, ahvolim og‘irlashib boryapti”.
Ozodlik Salomat Yuldasheva bilan 29 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 15.00.da gaplashdi.
Ayolning aytishicha¸ u Rossiyada 27 aprel kuni koronavirus bor-yo‘qligiga test ham topshirgan va test unda bu virus yo‘qligini ko‘rsatgan.
Ozodlik Yuldasheva kabi maxsus muolajaga muhtojlarga karantinda ko‘rsatiladigan tibbiy yordam haqida ma’lumot olish maqsadida 29 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo kun davomida SSV matbuot kotibi bilan bog‘lana olmadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida e’lon qilingan 239 47 95 raqamli ishonch telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga ham kun davomida hech kim javob bermadi.