Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:47

Koreyaga o‘qishga ketishi kerak bo‘lgan talabalar Mirziyoyevdan yordam so‘radi (VIDEO)


"O‘zbekiston havo yo‘llari" 1 martdan Janubiy Koreyaga qatnovni vaqtincha to‘xtatgan edi.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" 1 martdan Janubiy Koreyaga qatnovni vaqtincha to‘xtatgan edi.

Janubiy Koreyada o‘qishga qabul qilingan yoki o‘qishini davom ettirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalar, Seul shahriga maxsus reys tashkillashtirib berishni so‘rab, O‘zbekiston prezidentiga videomurojaat bilan chiqdi.

O‘z murojaatida talabalar Toshkent va Seul o‘rtasida aviaqatnovlar to‘xtagani sabab o‘qishga borolmayotganliklari va o‘qishdan haydalish xavfi ostida qolganliklarini aytishadi.

Ammo, Koreyadagi universitet mutasaddilari xavotirga o‘rin yo‘qligi, o‘z mamlakatidagi koronavirus bilan bog‘liq sharoit tufayli vaqtida kelolmagan talabalar o‘qishdan haydalmasligi, ular o‘qishni keyingi semestrga ko‘chirishlari mumkinligini aytishmoqda.

Janubiy Koreyada koronavirusga chalinish holatlari kamayishi ortidan ayrim universitetlar talabalarni qaytadan bag‘riga ola boshlagan.

Qashqadaryoning Qarshi shahridan bo‘lgan 21 yoshli talaba Ozodlik bilan suhbatda Janubiy Koreyada o‘qish uchun 6 ming AQSh dollariga yaqin pulni to‘lab qo‘ygani, ammo Toshkent va Seul o‘rtasida parvozlar 1 martdan to‘xtatib qo‘yilgani sabab ushbu davlat universitetlarida ta’lim olish imkonidan maxrum qolishi mumkinligini aytdi:

10 maydan yozgi semestr boshlanadi.  Lekin aviareyslar yo‘qligi sabab ta’lim olishga jo‘nab ketolmayapmiz.

- Men Seul universitetiga qabul qilinganman. 6 oy uchun o‘qish, yotar-turar, ovqat hammasi ichida, 5800 AQSh dollarini to‘lab ham qo‘yganman. 10 maydan yozgi semestr boshlanadi. Koronavirus kamaygani uchun universitetlar qayta ochilyapti. Lekin aviareyslar yo‘qligi sabab ta’lim olishga jo‘nab ketolmayapmiz. Agar 10 may kunigacha Koreyaga bormasak otchisleniyaga tushamiz, to‘lagan pulimiz ham qaytarib berilmas ekan.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidan bo‘lgan 22 yoshli talaba ham Seul shahridagi Kvanvun universitetiga qabul qilingani, ammo parvozlar to‘xtatilgani sabab Koreyada o‘qish imkonidan mosuvo qolayotganini aytdi:

- O‘qishga qaytib ketolmayapmiz. Aviaqatnovlar to‘xtagan. Viza muddatimiz ham tugamoqda. Qaytadan viza olish murakkab. O‘qishga vaqtida yetib bormasak o‘qishdan chetlatishadi.

4 may kuni ayrim talabalar Seul shahriga maxsus reys tashkillashtirib berishni so‘rab O‘zbekiston prezidentiga videomurojaat bilan ham chiqdi.

Кореяга ўқишга кетиши керак бўлган талабалар Мирзиёевга мурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:04 0:00

Videomurojaatda talabalardan biri bunday deydi:

"Biz 400 dan ortiq talaba Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlariga qabul qilinganmiz, ammo aviareys yo‘qligi sabab uchib ketolmayapmiz. Vizamiz muddati ham tugayapti. Keyin vizani tiklab bo‘lmas ekan. Hurmatli yurtboshimiz, avvalam bor koronavirus tarqalishi oldini olishga qaratilgan jonkuyarliklaringiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Hozirgi vaziyatda yordam beradigan odam faqat sizsiz. Chet ellarda o‘qib, ishonchingizni oqlashga va’da beramiz,", - deydi videomurojaatda talabalardan biri.

Talabalarning murojaatiga rasmiy izoh olish uchun O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga bog‘lanib bo‘lmadi.

Ozodlik mazkur masala yuzasidan izoh olish maqsadida Janubiy Koreyadagi Kvanvun universitetiga ham telefon qildi.

Talabalarni o‘qishga qabul qilish bo‘limi boshlig‘i Kvang Choy Li koronavirus sabab hozircha o‘qish masofali, ya’ni onlayn rejimida bo‘layotgani, yozgi semestrda o‘qish avvalgi xolatiga qaytgan taqdirda ham uzrli sabablarga ko‘ra kelmay qolgan talabalarga o‘qishni keyingi semestrga surish imkoni berilishini aytdi.

- Ayrim oliygohlar ochilyapti, lekin kelolmasa o‘qishdan haydaladi, degan gap yo‘q. Hozircha bizda o‘qish onlayn bo‘lyapti. Yozgi va kuzgi o‘qish qanday bo‘lishini hali bilmaymiz. Agar onlaynda davom etadigan bo‘lsa kelishni umuman hojati yo‘q bo‘ladi. Yuzma-yuz o‘qishga qaytiladigan bo‘lsa va talaba o‘z mamlakatidagi sharoit tufayli kelolmasa ham ular keyingi semestrga o‘qishni ko‘chirishlari mumkin bo‘ladi, to‘lagan puli kuymaydi, - dedi Kvang Choy Li.

Ammo, Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalar onlayn o‘qishga norozi ekanliklarini aytishadi.

- Biz shuncha pulni onlaynda o‘qish uchun to‘laganimiz yo‘q, - deydi yangiyo‘llik talaba.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" aviashirkati koronavirus xavfi sabab 1 martdan Janubiy Koreyaga parvozlarni vaqtincha to‘xtatishini ma’lum qilgan.

5 may kuni Ozodlik bilan suhbatda shirkat xodimi parvozlarning qachon tiklanishi noma’lum ekanini aytdi.

51 milliondan ortiq aholi yashovchi Janubiy Koreyada koronavirus 10 mingdan ziyod odamda aniqlangan.

Koronavirusga chalinish holatlari kamayishi va tuzalayotganlar ko‘payishi ortidan ayrim universitetlar o‘qish jarayonini qayta tiklay boshlagan.

Ozodlik koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan yuzaga chiqqan vaziyatni kuzatishda davom etadi. Vaziyatga oid fakt va ma’lumotlarni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Buning uchun Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga xabar yuboring.

XS
SM
MD
LG