Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:37

OzodDayjest: O‘zbekistonlik amaldor turk diplomati oldida ruscha gapirib millatni izza qildi


Turk diplomati o‘zbekcha gapirgan tadbirda o‘zbek amaldori ruscha ma’ruza qildi.Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

O‘zbekistonlik amaldor turk diplomati oldida ruscha gapirib millatni izza qildi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi lavozimiga tayinlangan Ravshan Izamov turk qardoshlarimiz oldida ruscha gapirib, butun bir millatni izza qildi, deb yozadi Telegramdagi Platforma.uz kanali.

Koronavirusga qarshi kurash uchun Turkiyadan yuborilgan ko‘mak mahsulotlarini topshirish marosimida Ravshan Izamov ruscha gapirgan. Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Mehmet Sureyya Er esa o‘zbek xalqi va tiliga hurmati yuzasidan sof o‘zbekcha gapirgan.

“Endi savol tug‘iladi: o‘z tili va millatiga hurmati yo‘q bunday amaldorchalar safi “tepa”da qancha? Hukumatning davlat tili bo‘yicha yuritayotgan siyosati samimiy va qat’iymi yoki jamoatchilik ko‘zini shamg‘alat qilishmi?

Nazarimda, Adliya vazirligi muhokamaga qo‘ygan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga qo‘shimcha kiritishga doir qonun loyihasi bandini yanayam kuchaytirish kerak.

Toki davlat tilida ish yuritishni bilmaydigan a’yonchalar, nari borsa, bir milliondan ziyodroq jarima to‘lab qutulib qolmasin! Aksincha, tili va millatiga bunday behurmatlik qiladiganlarga davlat va hukumat idoralarida o‘rin bo‘lmasin!” deb yozadi Platforma.uz kanali.

Andijonda 112,4 mlrd so‘m byudjet mablag‘i maqsadsiz sarflangani aniqlandi

Oliy Majlis Senati hamda Hisob palatasi 2020 yilning birinchi yarmida Andijon viloyatida byudjet mablag‘i sarfini o‘rganib, jiddiy qonunbuzilishlarni aniqladi (www.xabar.uz, 6 may).

O‘rganish jarayonida viloyatda qo‘shimcha manbalar hisobidan qariyb 112,4 mlrd so‘m maqsadsiz xarajat qilinishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Masalan, aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga ajratilgan 4,9 mlrd so‘m mablag‘ samarasiz sarflangani sabab 2018 yilda (!) foydalanishga topshirilishi belgilangan suv tarmoqlarini qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan va aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.

Shuningdek, 9 ta ijtimoiy soha ob’yektini qurish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun tuzilgan loyiha-smeta hujjatlarida ko‘zda tutilgan 1,2 mlrd so‘mlik jihoz va uskunalar o‘rniga boshqa turdagi jihoz va uskunalar o‘rnatilgan.

Eng yomoni, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rni yaratishga mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 40 foizi sarflanishi belgilangan bo‘lsa-da, bu maqsadda umuman mablag‘ ajratilmagan.

Ma’lum qilinishicha, byudjet mablag‘i sarfi bo‘yicha aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish yuzasidan to‘plangan materiallar Andijon viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan.

XS
SM
MD
LG