Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:43

COVID-19: Seulda karantin yana kuchaydi, AQShda 3 bola o‘ldi, Germaniya kushxonalarida virus tarqala boshladi


Merilendda karantin choralari yumshatilishi ortidan sayrga chiqqan niqobli ayol
Merilendda karantin choralari yumshatilishi ortidan sayrga chiqqan niqobli ayol

Koronavirusdan eng ko‘p ziyon ko‘rgan Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlari, virus qaytadan tarqalishi oldini olgan holda, joriy qilingan cheklovlarni bekor qilish ustida bosh qotirmoqda.

9 may kuni Janubiy Koreya poytaxti Seulda koronavirus qaytadan tarqala boshlagani uchun 2100 dan oshiq bar, diskoteka va klublar yopildi.

Sababi virusga chalinish hollari asosan o‘tgan hafta dam olish kunlari sayr qilgan shaxslarda qayd etilgan.

Shahar meri Pak Vonsun yangi epidemiya o‘chog‘i o‘laroq ko‘rilayotgan uch klubga borgan 1 ming 940 dan oshiq odam izlanayotganini bildirdi.

Mer koronavirusga qarshi kurashda erishilgan yutuqlar «sanoqli ehtiyotsiz odam tufayli tahdid ostida qolayotganini» ta’kidladi.

Germaniyada esa kushxonalarda virus keng tarqala boshladi. Xabarlarga ko‘ra, mamlakatdagi kushxonalarning birida 180 nafar xodim virusni yuqtirgan.

Italiyada esa rasmiylar cheklovlar yumshatilgan ilk hafta davomida aholi ijtimoiy masofa saqlamayotganidan tashvish izhor qildi.

AQShda pandemiyaga qarshi kurash sa’y-harakatlariga yetakchilik qilgan ishchi guruhning uch nafar a’zosi keyinchalik virus yuqtirgani aniqlangan shaxs bilan muloqotda bo‘lgani uchun o‘zini izolyatsiya qilishga qaror qildi.

Bular AQShning Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish markazlarining (Centers for Disease Control and Prevention, CDC) 68 yoshdagi direktori Robert Redfild, AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasining (Food and Drug Administration, FDA) 60 yoshdagi komissari Stiven Han hamda AQShning yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh eksperti, Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy institutining 79 yoshdagi direktori Entoni Fauchidir. Ular keyingi ikki hafta davomida uydan ishlashi xabar qilindi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar jahon bo‘ylab yangi koronavirusni yuqtirganlar soni 4 milliondan oshdi, virus keltirib chiqaradigan COVID-19 infeksiyasi tufayli nobud bo‘lganlar soni 279 mingdan oshdi.

AQShning ayrim shtatlari pandemiya tufayli joriy qilingan iqtisodiy cheklovlarni asta-sekin bekor qilayotgan bo‘lsa-da, tadbirkorlar qator qiyinchiliklarga duchor bo‘lmoqda.

9 may kuni prezident Donald Tramp hukumat fermerlardan 3 milliard dollar qiymatga ega mahsulotlarni xarid qilishini e’lon qildi. Prezident o‘z Twitter sahifasida fermerlardan 3 milliard dollar qiymatga ega sut, go‘sht hamda oziq-ovqat mahsulotlari sotib olinishini yozdi.

Koronavirus pandemiyasi AQSh va ko‘plab mamlakatda ta’minot zanjirlarini izdan chiqardi. Natijada ayrim fermerlar yetishtirgan mahsulotlarini saqlay olmagani uchun yo‘q qilishga majbur bo‘lmoqda.

AQShda pandemiya o‘chog‘iga aylangan Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo shtatda shishib ketgan qon tomirlari va yurak xastaligi tufayli ikki nafar yosh bola va bir nafar o‘smir halok bo‘lganini bildirdi. Bu holatlar koronavirus tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Shtat bo‘ylab kamida 73 nafar yosh bolada Kavasaki kasalligi alomatlari aniqlandi. Kamdan-kam uchraydigan bu yallig‘lanish kasalligi koronavirus tufayli yuzaga kelayotgani hali tasdiqlangani yo‘q.

AQShning boshqa shtatlarida ham yosh bolalarda Kavasaki kasalligi hamda yuqumli-toksik shok sindromi aniqlandi. Nyu-Yorkda qayd etilgan o‘limlar virus ayrim bolalar tanasiga ulg‘aygan shaxslarga qiyoslaganda boshqacha hujum qilishi mumkinligidan dalolat beradi.

Bugunga qadar koronavirusning bolalarga ta’siri cheklangan, degan fikr keng tarqalgan edi. Koronavirus tufayli halok bo‘lganlarning juda oz qismi bolalar bo‘lib, nobud bo‘lgan bolalarning deyarli barchasida boshqa jiddiy kasallik bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG