Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:32

Samarqandlik vrach ayblanishi ortidan ikki oydan beri stressda ishlayotgan vrachlar sarosimaga tushib qoldi


Patronaj hamshira uyida karantinda bo‘lganga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda, mart, 2020, Namangan
Patronaj hamshira uyida karantinda bo‘lganga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda, mart, 2020, Namangan

Namangan, Sirdaryo, Samarqand viloyatlaridagi bir necha Qishloq vrachlik punkti (QVP), Qishloq oilaviy poliklinikasi (QOP) va shifoxona xodimlari, Ozodlik bilan muloqotda, Samarqanddagi voqea ularni qattiq cho‘chitib qo‘yganini tan oldi.

12 may kuni Samarqand viloyat prokuraturasi 34 kishiga koronavirus yuqtirdi, degan ayblov bilan shifokor ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Bu xabar ortidan vrach va hamshiralar bilan gaplashgan Ozodlik ba’zi tumanlarda tibbiyot xodimlari isitmasi baland bemorlarni, hatto himoya kombinezonisiz qabul qilayotganini aniqladi.

Bundan tashqari, Ozodlik gaplashgan QVP va QOP mudirlari o‘zlari ham, xodimlari ham shu kunga qadar biror marta COVID-19 uchun tekshiruvdan o‘tkazilmaganini aytdi.

Samarqandda ayblangan vrach shaxsi sir tutilmoqda

Viloyat prokuraturasi rasmiy bayonotiga ko‘ra, Samarqand viloyatida tibbiyot xodimi 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi bo‘lgan.

12 may kuni berilgan bayonotga ko‘ra, viloyatdagi tumanlardan birida bo‘lim mudiri vazifasida ishlagan X.D. shu yil 20 apreldan sog‘ligi yomonlashib, yo‘talishi va 39 darajagacha isitma chiqishiga qaramay, uyida davolangan va bu muddatda 34 kishiga virus yuqtirgan.

Natijada, 12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257−1-moddasi 1-qismida ko‘zda tutilgan ayblov (sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov borayotgani ma’lum qilindi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxsning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Ayni paytda, shifokor bu virusni qayerda yuqtirib olgan, qanday yuqtirib olgan, u virus yuqtirgan shaxslar zanjiri 34 kishi bilan to‘xtaganmi yoki yo‘qmi – prokuratura bayonotida bu haqda boshqa ma’lumot berilmagan.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan ham bu borada biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Tibbiyot xodimlaridan test topshirish so‘ralmoqda

Samarqand viloyatidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalaridan birida ishlaydigan hamshira bu xabar ortidan butun viloyatdagi tibbiyot muassasalari oyoqqa turg‘izilganini aytdi:

“Hozir hamma medpersonalga haftada bir marta qon topshirasizlar COVID-19 ga, deyishyapti. U vrach haqidagi ma’lumot, aholi orasida vahima qo‘zg‘atmaslik uchun, deb qat’iy sir saqlanyapti. Ikki hafta bo‘lib qolgandi, bu gapni paydo bo‘lganiga. Lekin, ish ochilganidan keyin hammani oyoqqa turgizishdi”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz hamshira.

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi shifoxonada ishlaydigan hamshira Gulnoraning aytishicha, bu hodisadan so‘ng tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyatidan, barcha xodimlar virusni aniqlash uchun qon tahlili topshirish haqida ko‘rsatma kelgan:

“Mening yoshim kattaroq bo‘lgani uchun men haftasi 3 marta, ba’zida 4 martadan qon topshirib turgandim o‘zi. To‘g‘risi, shu kasalni yuqtirib olishdan qo‘rqaman. Lekin, u vrach uyida davolanaman, deb juda xato ish qilibdi. Bizga rahbariyatdan topshiriq keldi, hozir hamma yoppasiga tekshirilib tursin, degan. Bu vaqtgacha, unaqa qattiq talab yo‘q edi, lekin ko‘pchilik o‘zidan qo‘rqib tekshirilib yurgan edi”.

"Tibbiyotchilarni COVID-19​ uchun tekshiruvdan o‘tkazib turish tartibi yo‘q"

Tibbiyot xodimlari bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, COVID-19 infeksiyasiga chalinish ehtimoli katta bo‘lgan – shifokor, hamshira, sanitarka va boshqa personalni vaqti-vaqti bilan tekshiruvdan o‘tkazib turish amaliyoti – tuman, qishloqlar darajasidagi tibbiyot muassasalarida yo‘lga qo‘yilmagan.

Misol uchun, Samarqand viloyatidagi har ikki tibbiyot xodimi shu vaqtgacha ulardan COVID-19 infeksiyasini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tib turish talab qilinmaganini aytmoqda.

Bundan tashqari, Namangan viloyatining Chust tumanida 15 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan QVPda 12 yildan beri ishlashini aytgan umumiy amaliyoti vrachi shu kunga qadar na o‘zi, na xodimlari COVID-19 uchun tekshiruvdan o‘tganini aytdi.

“Aslida biz mart oyi boshlarida chet eldan kelganlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishladik. Na maska, na qo‘lqop, na kombinezon bor edi. Kombinezonlar hozir ham berilmayapti. Qo‘lqop bilan maska ta’minoti 15 apreldan yaxshilandi. Lekin, shu kungacha biror marta o‘zimiz tekshiruvdan o‘tmadik. Faqat karantinga olinganlar va virusni yuqtirganlar bilan ishlaganlar tekshirilyapti, deb eshitdik”, deydi ismini oshkor qilishimizni istamagan vrach.

Uning aytishicha, QVP va QOPlarda ishlayotgan yuzlab tibbiyot xodimida infeksiyani yuqtirib olish xavfi katta:

“Misol uchun isitmasi chiqqan odamlar to‘g‘ri QVP yoki QOPga keladi. Issig‘ini o‘lchaymiz, o‘pkasini eshitamiz. Hamshira ancha-munchasiga ukol qiladi. Masalan, bosh sanitar vrachni o‘zi Toshkentdan aytib turibdi, tashqarida yurganlarda virus yo‘qligiga hech kim kafolat berolmaydi, deb. Birortasidan yuqqan bo‘lsayu, bizda virus chiqsa, yana vrach aybdor bo‘ladimi? Bu adolatdanmi?!”

Shu kabi xavotirlarni Xovos tumanidagi QVP mudiri ham ta’kidladi.

35 yildan beri oq xalat kiyib yurganini aytgan bu shifokor ham shu kungacha na o‘zi, na biror xodimi COVID-19 uchun tekshiruvdan o‘tganini aytdi:

“5 yarim ming aholiga bitta Tez yordam mashinamiz bor, 3 kishilik guruh isitma bilan chaqirgan bemorni uyiga birinchi bo‘lib yetib boradi. Agar ahvoli og‘ir bo‘lsa, keyin infeksionniyga ketadi. Mart-aprel oylarida shunaqa ishladik. Yoshim 65 dan oshgan, menda ham xavotir bo‘ldi. Lekin, shukr hozir chetdan kelganlar to‘g‘ri karantin zonaga ketyapti. Tashqarida virusni yuqtirganlar yo‘qdir, bo‘lsa ham kamaygandir. Lekin, bizda himoya rostdan ham zaif”.

"Tuman va qishloq tibbiyotchilari haftada bir COVID-19 ga tekshirilsin"

Ozodlik gaplashgan shifokorlar va hamshiralar har bir tuman darajasida tibbiyot xodimlarini haftada bir, uzog‘i bilan 10 kunda bir COVID-19 uchun tekshiruvdan o‘tish tartibini o‘rnatish zarur, degan fikrni ilgari surdilar.

Jumladan, Xovosdagi QVP mudirining aytishicha, bu tumanda jami 6 ta vrachlik punkti, 3 ta oilaviy poliklinika bor:

“Bizda to‘xtovsiz bemor bo‘ladi. Misol uchun, bitta Tez yordam mashinasida ko‘chma laboratoriya qilib, hamma QVP yoki QOP xodimlaridan tahlil olib chiqish mumkin. Shunda, Samarqanddagi vrachni boshiga tushgan kun bizga kelmasligi mumkin. To‘g‘ri, u vrach sovuqqonlik qilgan, qo‘pol xato qilgan. Lekin, bu qishloq yoki tuman sharoitida ishlayotgan istalgan vrach boshiga tushishi mumkin, ehtiyotini qilmasak. Eng yomoni, odamlarga virus yuqishi mumkin”, deydi xovoslik vrach.

Rasmiy ma’lumot berilmadi

Ozodlik qishloq sharoitida ishlayotgan tibbiyot xodimlarining COVID-19 infeksiyadan himoyasi qanchalik ta’minlangani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligidan biror ma’lumot ololmadi. Matbuot kotibi Furqat Sanayev Ozodlik murojaatiga hozircha javob bermadi.

Jumladan, Namangan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Koronavirusga qarshi kurash shtabi vakiliman, deb tanishtirgan rasmiy bu boradagi ma’lumotni yuqori turuvchi rahbarlardan olish mumkinligini aytdi, ammo u rahbarlar bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Ammo, Namangan viloyati hokimligi Moliya bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Ozodlik suhbatlashgan Chust tumanidagi tibbiyot xodimlariga himoya vositalarini olish uchun atigi 200 million so‘m ajratilgan va bu summa birinchi galda karantin zonalari va shifoxonalarda ishlayotgan personal uchun himoya vositalarini olishga yo‘naltirilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2400 dan ortiq QVP va QOP bor, 441 ta punkt "103" raqamiga ulangan Shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasidir.

Belgilangan tartibga ko‘ra, qishloq va posyolkalarda yashayotgan aholi isitma, yo‘tal yoki koronavirus infeksiyaga oid boshqa simptomlarni sezgan taqdirda "103" raqamiga murojaat qilishi lozim.

XS
SM
MD
LG