Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:30

OzodDayjest: Senat hokimlarning noqonuniy qarorlari ko‘payib ketgani yuzasidan hukumatdan izoh so‘radi


Senat yig‘ilishlaridan biri.
Senat yig‘ilishlaridan biri.

Bosh prokuror fuqaroni ayovsiz kaltaklab o‘ldirgan IIB xodimlari haqida gapirdi. Sardoba fojiasini hukumat emas, parlament komissiyasi taftish etishi kerak. Joriy hafta matbuot kabi voqealar haqida xabar berdi.

Bosh prokuror tergovda kimlar qiynoq qo‘llashiga oydinlik kiritdi

Oliy Majlis Senatining 4-yalpi majlisida qatnashgan bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tergov jarayonlarida qiynoqqa solish holatlari haqida ham gapirdi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi.

Uning fikricha, qiynoqqa solish holatlari o‘z kasbida yetarli malakaga ega bo‘lmagan xodimlar tomonidan sodir etiladi.

“Tergovda qiynoqqa solish bo‘yicha qonun buzilish hollari o‘z kasbida yetarli tajriba, malakaga ega bo‘lmagan, saviyasi past xodimlar tomonidan sodir etilishini ham alohida ta’kidlash kerak. Ular qonuniy yo‘l bilan jinoyatni fosh qilish yo‘lini bilmagani uchun shunga qo‘l urishadi” dedi u.

N.Yo‘ldoshev misol sifatida joriy yil boshida Qashqadaryo viloyatida ro‘y bergan voqeani tilga oldi.

“Chiroqchi tumanida tuman ichki ishlar bo‘limining ikki nafar xodimi – Jonqobilov va Oblayevlar o‘g‘rilikda gumon qilingan fuqaroni ichki ishlar binosida ayovsiz kaltaklab, shafqatsizlarcha tan jarohati yetkazib o‘ldirishgan. Oqibatda uning 4 nafar farzandi yetim bo‘lib qoldi. Ular jazosini oladi, lekin bu bilan nima o‘nglanib qoladi?” degan bosh prokuror.

Eslatib o‘tamiz, shu yil yanvar oyida Chiroqchi tumanida mol o‘g‘irlashda gumon qilingan 32 yoshli fuqaro IIB binosida kaltaklanib vafot etgan edi. Shundan so‘ng ikki nafar ichki ishlar xodimi qamoqqa olinib, bir necha kundan keyin Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Samad Turdiyev iste’fo bergandi. Mart oyiga kelib, Chiroqchi tuman IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari ishdan olindi. Hodisa yuzasidan tergov tafsilotlari ma’lum emas.

Deputat: Sardoba fojiasini hukumat emas, parlament komissiyasi taftish etishi kerak

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Obidjon Latipov Sardobadagi fojianing yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillar va tizimli muammolar haqida so‘z yuritdi (www.kun.uz, 14 may).

“Sardoba fojiasi juda ko‘p, shu paytgacha bo‘lib kelgan kasallik, illatlarning belgisi, tibbiyot tili bilan aytganda, isitmasi, deyishimiz mumkin. U kasallik qanchalik chuqur ildiz otganligini yaqqol isbotlab, ko‘rsatib bergan belgi sifatida namoyon bo‘ldi” deydi O.Latipov.

U Sardoba fojiasi xalq boyligi talon-toroj qilingan holatlarning ko‘p ekanini ko‘rsatib berganini qayd etar ekan, xalq ishonchini oqlamagan mansabdorlardan tezroq voz kechish lozimligini urg‘ulagan.

Deputat fojia sabablarini o‘rganish uchun hukumat emas, balki parlament komissiyasi tuzilishi lozimligini ta’kidlagan va Yunusoboddagi metro qurilishida ro‘y bergan fojia ortidan tuzilgan komissiya faoliyatini yodgan olgan.

“Yunusoboddagi fojia bo‘yicha hukumat komissiyasi ishi qanday ekanligiga shu paytgacha baho bera olganimiz yo‘q. Chunki ochiqlikni ko‘rmadik va bu ikkinchi shubhani tug‘diradiki, bu jarayonda ham hukumat komissiyasi qanchalik samarali ishlashi mavhumligicha qoladi” degan u.

Senat: Hokimlarning noqonuniy qarorlari ko‘paymoqda

Oliy Majlis Senati hokimlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiq qarorlar qabul qilinishi holatini o‘rgandi (www.xabar.uz, 11 may).

Tahlillarga ko‘ra, birgina 2019 yilning o‘zida hokimlarning 3400 dan ortiq qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.

Tuman, shahar hokimlari vakolatga ega bo‘lmasa-da, qonunga zid ravishda bino-inshootlarni balansga olish va yer ajratish yuzasidan qarorlar qabul qilgan.

Senat xulosasiga ko‘ra, mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqida ogohlantirishning olti oylik muddatiga rioya qilmaslik, kompensatsiya mablag‘larini to‘lamay yoki qiymati bo‘yicha teng mol-mulkni taqdim etmay majburan chiqarib yuborish odatiy holga aylangan. Mavjud qonunbuzarlik holati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan o‘z vaqtida e’tibor berilmagan.

Ta’kidlanishicha, mahalliy hokimiyat organlari vakillarining mulk egalariga ko‘p holatda qo‘pol munosabatda bo‘lishi aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur yetkazmoqda. Shunga asosan, mazkur masala yuzasidan Senatning bosh vazirga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha qarori qabul qilindi.

XS
SM
MD
LG