O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi va boshqa diplomatik vakolatxonalari ta’sis etgan “Mehr” xayriya loyihasi Rossiyada og‘ir ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonliklar, shu jumladan talabalarga 12130 rubldan bir martalik moliyaviy yordam ko‘rsatishini e’lon qilgan edi.
Ozodlikka bildirishicha, talabalarga yordam miqdori 50% ga qisqargan va bunday qaror qabul qilinishi Rossiyada talabalarga beriladigan stipendiya miqdori bilan bog‘liq.
Elchixona rasmiylari xayriya yordamining nega Rossiyada qabul qilingan me’yorlarga bog‘lab qo‘yilganini tushuntira olmadi.
Kuni kecha O‘zbekistonning Rossiyadagi bosh vakolatxonasi tomonidan Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning 5 toifasi - nogironlar, qaramog‘ida 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollar, homilasi 7 oylikdan oshgan ayollar, koronavirus bilan kasallanganlar va talabalarga moddiy yordam ko‘rsatishini e’lon qilgan edi.
Yekaterinburgda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talaba Ozodlikka bunday dedi:
“Mehr” fondi Rossiyadagi talabalarga 12130 rubl yordam qiladi, deb rasmiy xabar berildi. Lekin O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi konsullik xizmati “talabalarga 5600 rubl beramiz”, deb aytishyapti. Rasmiy hujjat so‘rasak, Moskvadagi elchixonadan ma’lumot olasizlar, deyishdi. Elchixona bilan umuman bog‘lanib bo‘lmayapti. Elchixonani rasmiy saytida hammaga bir xil 12130 rubl beriladi deb yozilgan".
Ozodlikka kelib tushgan videoyozuvlardan birida O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulligining 1-kotibi Bekjon Quvonov oldin e’lon qilingan rasmiy xabarnoma matnida “talabalarga 5660 rubl beriladi” degan joy tushib qolganini tushuntirishga urinadi:
- Yangiliklarda ko‘rsatilgan pul miqdori bizlarning elchixonamiz ma’lumotlariga tayangan holda olingan. Elchixonamizda talabalar uchun ko‘rsatilgan miqdor qolib ketgan, ya’ni “talabalarga 5660 rubl beriladi” degan joy tushib qolgan matnda. Shu uchun, alohida ko‘rsatilmagan. Lekin, o‘rnatilgan tartib bo‘yicha hukumat tomonidan tasdiqlangan me’yor asosida talabalarga 5660 rubl miqdorida pul belgilangan. Agar hukumat tomonidan 12130 rubl belgilanganda edi, men uni ortiqchasini kissamga olib, yarmini berish mening rejamda, maqsadimda yo‘q.
Ozodlik so‘rovidan keyin Bosh Konsullikning rasmiy sahifasida bu masalaga oid qo‘shimcha tushuntirish berildi. Unda nogiron, homilador va bolali ayollar, koronavirus yuqtirgan o‘zbekistonliklar - 12130 rubl, talabalar esa 5660 rubldan olishi aniq belgilab qo‘yildi.
Biroq, konsullik rahbari nima sababdan xabarnomada aynan talabalarga avval ko‘rsatilgan summaning yarmi berilishi rejalashtirilayotgani masalasida aniq javob bera olmadi.
Talabalar savolini Ozodlik O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi matbuot xizmatiga ham berdi.
Elchixona matbuot xizmati rahbari Shahriyor Turg‘unboyev ham Rossiyada tahsil olayotgan talabalar 5660 rubldan olishini tasdiqlab, bunday dedi:
- Talabalarga konsullikda qanaqa summa aytilgan bo‘lsa, o‘sha summa belgilangan. Demak, o‘sha 5660 rubl belgilangan. Minimalkaning 50 foizi ularga belgilangan summa.
Nima sababdan talabalarga aytilgan summaning yarmi berilmoqda, degan savol hozircha ochiqligicha qoldi.
Rossiya qonunchiligiga muvofiq, Moskva, Moskva viloyati, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatidan tashqari Rossiya Federatsiyasining qolgan subyektlaridagi minimal ish haqi darhaqiqat 12130 rubl qilib belgilangan.
O‘zbekiston elchixonasi Rossiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga 2020 yil 14 maydan moddiy yordam berilishini e’lon qilgan edi.
“Mehr” xayriya loyihasi doirasida ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam bir martalik ekani bildirilgan.
“Mazkur yordam Rossiyada belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan (12130 rubl) kelib chiqqan holda bir martalik pul mablag‘ini fuqaroning bank kartasiga o‘tkazib berish shaklida amalga oshiriladi”, deyilgan bayonotda.
Shuningdek, rasmiy xabarnomada bir martalik moddiy yordam Rossiya Federatsiyasidagi quyidagi toifadagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga to‘lab berilishi aytildi:
1.Nogironlar – tegishli tasdiqlovchi hujjat (ma’lumotnoma) taqdim etilgan taqdirda;
2.Qaramog‘ida 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollar – zarur tasdiqlovchi hujjatlar (bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma) taqdim etgilgan holda;
3.Homilasi 7 oylikdan oshgan ayollar – zarur tasdiqlovchi hujjatlar (tibbiyot muassasidan ma’lumotnoma) taqdim etilgan holda;
4.COVID-19 virusi tasdiqlangan shaxslar – tegishli tasdiqlovchi hujjat asosida;
5.Rossiya oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalar – o‘qish joyidan tegishli ma’lumotnoma asosida.
Moliyaviy yordamni olish huquqi borlar (ya’ni yuqoridagi toifalardan biriga kiruvchilar) elchixona tomonidan maxsus ishga tushirilgan o‘zbek va rus tillaridagi “Mexr.rf” elektron sayti orqali murojaat yuborish lozim.
Moliyaviy mablag‘larni ajratish jarayoni shaffofligini ta’minlash maqsadida, elchixona har hafta o‘z rasmiy saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tegishli hisobotlar e’lon qilib borishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston elchixonasi "Mehr" xayriya aksiyasi qator homiylar va hamkorlar, jumladan tadbirkor Alisher Usmonov ko‘magida amalga oshirilayotganini ham bildirdi.