Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:50

Rus josuslarining uch chex rasmiysini zaharlash fitnasi bo‘yicha tergovda siljish yo‘q


Konchakov xorijda yashovchi rossiyaliklarga ko‘maklashuvchi «Rossotrudnichestvo» tashkilotining Pragadagi vakilidir.
Konchakov xorijda yashovchi rossiyaliklarga ko‘maklashuvchi «Rossotrudnichestvo» tashkilotining Pragadagi vakilidir.

Chexiyadagi nufuzli Respekt jurnali rus josuslari Praga shahar meri va uning hamkasblarini zaharlashni rejalagani rejasi haqida yozishi ortidan ochilgan tergov qiyinchiliklarga duchor bo‘ldi.

Mart oyida Respekt jurnali xavfsizlik xizmatidagi shaxsini oshkor qilmagan manbasiga tayanib, Chexiya poytaxtiga Rossiya razvedkasi zobiti diplomatik pasport bilan kelgani va jomadonida ritsin zahar moddasi bo‘lganini yozdi.

Keyinchalik bu shaxsning ismi Andrey Konchakov ekanligi oshkor bo‘ldi.

Bu xabarlar ortidan uch siyosatchi — Praga meri Zdenek Hrib hamda shahar tumanlari merlari Ondrjey Kolarj va Pavel Novotniy politsiya himoyasiga olindi.

Respekt jurnaliga ko‘ra, mer Hribning Pragadagi Rossiya elchixonasi oldidagi maydonni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy muxolifi va tanqidchisi bo‘lgan marhum Boris Nemsov nomi bilan atash haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatlagani Kremlni qattiq g‘azablantirdi.

Kolarj esa sovet marshali Konev haykalini o‘zi boshqaradigan tumandan oldirib tashlagani uchun Rossiya mediasi va siyosatchilari g‘azabiga duchor bo‘ldi.

Nihoyat, Novotniy o‘z boshqaruvidagi tumanda Kreml sotqin deb ataydigan general Vlasov diviziyasiga yodgorlik o‘rnattirgan.

G‘arb davlatlaridagi xavfsizlik mutaxassislari Rossiyaning chex siyosatchilarini o‘ldirish rejasi rost bo‘lsa, bu Putin 20 yil oldin hokimiyat tepasiga kelganidan beri NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat hududida amalga oshirmoqchi bo‘lgan eng mudhish rejalaridan biri ekanligini aytishdi.

Rossiya chex siyosatchilarni zaharlashni rejalashtirgani haqidagi iddaolarni rad etib, bu ayblovlarni Rossiyani yomonotliq qilish urinishlari doirasida o‘ylab topilgan uydirma deb atadi.

Rossiya bundan oldin bir necha marta xorijda o‘z dushmanlariga hujum qilishda ayblangan.

Xususan, 2018 yilda Buyuk Britaniyada Rossiya maxfiy xizmatining sobiq xodimi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanishi ortidan Rossiyaga qarshi qator mamlakatlar sanksiya joriy qildi.

Aftidan, Pragaga zahar olib borishda ayblanayotgan Konchakov shahardagi Rossiya elchixonasida qolmoqda.

Chexiya rasmiylarni uni badarg‘a qilishga qaror qilgani yo‘q. Rossiya esa Konchakov hayotiga tahdid mavjudligini aytib, uni politsiya himoyasiga olishni so‘ragan.

Chexiya rasmiylari Respekt maqolasida hamda boshqa nashrlarda e’lon qilingan ma’lumotlar ko‘rib chiqilayotganini bildirishdi. Chexiya tashqi ishlar vaziri Tomas Petrichek Rossiya diplomatlariga qarshi har qanday chora tergov natijalari asosida ko‘rilishini aytdi.

Tergov davom etar ekan, tahlilchilar bir necha omil, jumladan, diplomatlarga beriladigan daxlsizlik, chex rasmiylari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar hamda Rossiya bilan munosabatlar haqidagi xavotirlar tufayli tergov qiyinchiliklarga duchor bo‘lishini aytishmoqda.

Kremlga eng do‘stona munosabatda bo‘lgan Yevropa yetakchilaridan biri bo‘lmish Chexiya rezidenti Milos Zeman chex matbuoti xabarlarini shubha ostiga olib keladi.

Ayrim xavfsizlik mutaxassislari esa Kreml siyosatchilarni chindan zaharlashni rejalashtirmaganini, shunchaki Pragaga o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yishni istaganini taxmin qilishmoqda.

Konchakov xorijda yashovchi rossiyaliklarga ko‘maklashuvchi «Rossotrudnichestvo» tashkilotining Pragadagi vakili ekanligi aytildi. Shuningdek, u Pragadagi Rossiya fan va madaniyat markazi direktoridir. Chexiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, u 2019 yilda diplomatik status olgan.

Diplomatlar 1961 yilda qabul qilingan Vena konvensiyasiga binoan mahalliy qonunlardan daxlsizlikka ega. Ularga politsiya tekshira olmaydigan yoki musodara qila olmaydigan diplomatik sumka olib yurishga izn beriladi.

Mutaxassislar diplomatik to‘siqlar hamda turli qarashlar fonida aynan nima sodir bo‘lgani haqida aniq ma’lumot qo‘lga kiritish juda muhim ekanligini aytishmoqda.

Ayrim mutaxassislar Rossiya hozirgi kunda o‘z dushmanlariga qarshi nisbatan kuchsiz bo‘lgan ritsin zahari o‘rniga boshqa uslublarni afzal ko‘rishini, Konchakov ishi Rossiya Chexiya xalqini qo‘rqitish uchun o‘ylab topgan taktika bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi.

XS
SM
MD
LG