Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:39

Import shakarning bojdan ozod qilinishi ortidan mahalliy shakar zavodlari to‘xtash arafasida


 "Xorazm Shakar" zavodi.
"Xorazm Shakar" zavodi.

“Angren shakar” zavodi ishchilari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat bilan chiqdi.

Murojaatda zavod chiqargan shakarning sotilmay omborlarda qolayotganidan tashvish bildiriladi.

“Angren shakar” zavodining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi «chetdan olib kelingan katta miqdordagi arzon va sifatsiz shakar bozorni to‘ldirgani ortidan o‘z zavodidagi shakarga talab tushib ketgani"ni aytdi.

Mulozimga ko‘ra¸ “Angren shakar” va “Xorazm shakar” korxonalarining yopilishi oqibatida 2200 kishi ishsiz qolishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi maslahatchisi¸ Axborot xizmati rahbari Manzura Hasanova Ozodlik bilan suhbatda bu masalada shakar ishlab chiqaruvchilar tashvishi o‘rinsizligini bildirdi.

“Angren shakar” zavodining ismi aytilmasdan ovozi efirga ketishiga rozi bo‘lgan mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ «muammo 3 aprel kuni prezident farmoni bilan chetdan keladigan shakarni bojxona boji va aksiz solig‘isiz kirishiga» izn berilgani ortidan kelib chiqqan.

Bozor posangisini o‘ynatgan farmon

2020 yilning 3 aprel kuni prezident “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5986-sonli farmon imzoladi.

Farmon bilan 2020 yil oxiriga qadar O‘zbekistonga bojxona boji va aksiz solig‘isiz olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga tayyor shakar ham kiritilgan.

Bu qaror qabul qilinish ortidan juda ko‘p miqdordagi import shakar o‘zbek bozoriga kirib kelgan. “Angren shakar” zavodi mulozimiga ko‘ra¸ bu o‘z navbatida¸ bozor posangisini buzib yuborgan.

«Bir kunda O‘zbekistonning Qozog‘istondagi chegarasidan juda katta miqdordagi sifatsiz shakar olib kirildi. Bu shakarni Yevropa bozori olmaydi¸ chunki glyukoza¸ saxaroza va namlik darajalari bo‘yicha standartga javob bermaydi. “Angren shakar” va “Xorazm shakar” 2017 yildan boshlab Yevropa standartlari bo‘yicha sifatli shakar ishlab chiqaradi. Ammo yuzaga kelgan holatda xaridorlar mahalliy sifatli shakarni emas¸ balki savdogarlar olib kelgan arzon shakarni sotib olmoqda. Raqobat muhiti buzildi. Biz Lotin Amerikasidan shakar xom ashyosi sotib olamiz. 3 aprel kungi farmon O‘zbekistonga shakar olib keladiganlar manfaatini ko‘zlab qabul qilingan».

Shakar zavodi mulozimining aytishicha¸ shu kunda “Angren shakar” va “Xorazm shakar” zavodlarida ish to‘xtamagan va ishchilarga oylik berish uchun bankdan kredit olingan.

«Ishlab chiqarish to‘xtamadi. Lekin sotilmagan shakar omborlarga sig‘magani bois¸ ko‘chaga olib chiqib taxlayapmiz. Oylikni kredit olib berib turibmiz. Lekin chora ko‘rilmasa¸ zavod to‘xtaydi».

Ozodlik bilan suhbat davomida bu mulozim¸ "O‘zbekistondagi mavjud ikkita shakar zavodi shakarga bo‘lgan ehtiyojni bemalol ta’minlab bera oladi va chetdan shakar keltiradigan tujjorlarga imtiyoz berishning keragi yo‘q"¸ degan iddaoni ham tilga oldi.

Har yili bahor-yoz oylari - O‘zbekistonda to‘y va murabbo mavsumi boshlanishi bilan shakarning taqchillashib¸ narxi ko‘tarilishi kuzatiladi.

O‘tmay qolgan shakar tog‘lari

“Angren shakar” zavodi ishchilari Ozodlikka yo‘llagan videotasvirlarda zavod hovlisiga taxlab qo‘yilgan shakar qoplaridan tashkil topgan tog‘ ko‘rinadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qilingan videomurojaatda zavod ishchilari «amaldorlar prezidentimizni aldash orqali o‘zlarining cho‘ntaklarini o‘ylamoqda» deyiladi.

«Bundan maqsad esa O‘zbekistonga shakar olib keladigan mashhur biznesmenning tegirmoniga suv qo‘yishdir. Bu o‘yinga juda ko‘pchilik amaldorlar bosh qo‘shgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sharipov Najmiddinxodja Shuxratovich necha yillardan buyon o‘zimizdagi shakar zavodlariga qarshi tish qayrab kelmoqda» ¸ deyiladi jumladan murojaatda.

Qo‘mita munosabati

Bu iddaolar ortidan Ozodlik O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi maslahatchisi Manzura Hasanova bilan suhbatlashdi. Mulozima shakar ishlab chiqaruvchilar tashvishi asossiz ekanligini ta’kidladi.

- Shakar ishlab chiqaruvchilarning tashvishiga asos yo‘q. Hozirgi kunda shakar bozori ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratilgan. Joriy yilning aprel oyiga qadar ishlab chiqaruvchilarda import qiluvchilarga nisbatan ko‘proq imtiyoz bo‘lgan, Ya’ni ishlab chiqaruvchilar shakar xom ashyosini import qilishda boj va aksiz to‘lamaydi, import qiluvchilar esa 20 foizlik aksiz to‘lovi to‘lar edilar (MDX davlatlar bojlarni to‘lashdan ozod etilganlar). “Xorazm shakar” va “Angren shakar” korxonalari shakarni chuqur qayta ishlash asosida ishlab chiqaruvchilari hisoblanmaydi. Ularning importdan keltiriladigan xom ashyosi – bu deyarli tayyor shakar hisoblanadi. Xalqaro birjalarda xom ashyoning narxi tayyor shakardan taxminan 7-10 foiz arzonroq. Shunga ko‘ra, bizning ishlab chiqaruvlarda import shakar xom ashyosining narxi tayyor shakarning tannarxida 95 foizni tashkil etadi¸ deya ta’kidlagan Xasanova prezident farmoni va qarorlariga ham to‘xtaldi:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 03.04.2020 yildagi PQ-5978-sonli qarori bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida tayyor shakar olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘ining nol stavkalari vaqtincha belgilandi. Ya’ni, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga teng bo‘lgan sharoit yaratildi. Import qiluvchilarda ishlab chiqaruvchilarga nisbatan hech qanday imtiyozlar mavjud emas. Hozirgi kunda “Xorazm shakar” va “Angren shakar” korxonalari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, aprel oyida birjaga qo‘yilgan 74 640 tonna hajmning 41,2 foizi, may oyida 15 sanasigacha birjaga qo‘yilgan 40 450 tonna shakarning 53 foizi sotilgan.

Qo‘mita raisi Vazirlar Mahkamasida shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar yopilishi haqida aytgan¸ degan gaplar mutlaqo asossiz¸ dedi qo‘mita raisi maslahatchisi Manzura Hasanova.

Shakar zavodlarini davlat qo‘llab kelgan

2017 yil sentabrida Mirziyoyev hukumati o‘zbek so‘mini devalvatsiya qilishi ortidan O‘zbekistondagi shakar ishlab chiqaruvchi ikkala zavod - «Xorazm-shakar» va «Angren-shakar» yil oxiriga borib ishdan to‘xtagan edi.

Buning ortidan shakar sanoatini saqlab qolish maqsadida 2018 yilning dekabrida prezident farmoni bilan import shakarga 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) joriy qilingan edi.

Prezidentning «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 16 yanvardagi 5303-sonli Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 5596-sonli yangi farmoni asosida shakar ishlab chiqaruvchilar import qilayotgan xom ashyoni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilingan edi.

Rasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ O‘zbekistonda bir yilda jon boshiga o‘rtacha 15-16 kilogramm shakar iste’mol qilinadi.

XS
SM
MD
LG