Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:46

MIB xodimlari: Bizni 1 iyungacha haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarib, endi oyliksiz ishlatishyapti!


MIB xodimlari profilaktik tadbirda.
MIB xodimlari profilaktik tadbirda.

Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Majburiy ijro byurosining Ozodlikka bog‘langan xodimlari koronavirus karantini bois o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilganlar ish haqi to‘lanmagan holda yakshanba kunlari ham ishlashga majburlanayotganini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan MIB xodimlari iddaosiga ko‘ra, ularga bu ta’til davrida ishlaganliklari uchun oylik yozilmasligi og‘zaki tarzda ochiq aytilgan.

Kitob tuman Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Serob Alamov 20 may kuni o‘z xodimlarining bu iddaolariga javob berishni istamadi va telefonni o‘chirib qo‘ydi.

MIB matbuot xizmati esa¸ bu jarayonning qonunchilik asosida bo‘layotgani¸ kitoblik mibchilar e’tirozi o‘rganilishini bildirdi.

21 may kuni Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan Kitob tuman MIB xodimiga ko‘ra, o‘zi va hamkasblari 24 martdan ish haqi saqlanmagan holda o‘z hisobidan ta’tilga chiqarilgan.

Aytilishicha¸ joriy oy boshidan ta’til 1 iyungacha uzaytirilgan¸ ammo 15 may kuni ular qayta ishga chaqirtirilib, kommunal qarzlarni yig‘ishga jalb etilgan.

Ishdan haydalish tahlikasi bois anonim qolishni istagan Kitob tuman MIB xodimining aytishicha, ularga ta’til davrida ishlaganliklari uchun oylik yozilmasligi og‘zaki tarzda aytilgan:

- Ta’til 1 iyungacha kuchida qolyapti, ishlaganimizga oylik yozilmaydi, boshliq 15 may kunidan ishga chaqirtirib, kommunal qarzlarni yig‘ishga jo‘natyapti.

Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Majburiy ijro byurosining Ozodlik suhbatlashgan boshqa xodimi koronavirus karantini sharoitida qarzdorlikni undirish bo‘yicha "bajarib bo‘lmaydigan" reja qo‘yilganini ham aytadi.

- Hozir svetni to‘lamasa peniya yo‘q, svetni o‘chirib ham qo‘ya olmaysiz. Bekorga uyma-uy yuribmiz. Boshliq esa 41 million so‘mlik plan qo‘yib, bizni yakshanba kunlari ham ishlashga majburlayapti, hujjatda esa hammamiz 1 iyungacha o‘z hisobimizdan o‘z ixtiyorimizga ko‘ra mehnat ta’tiliga chiqarilganmiz.

Ozodlik MIB xodimlarining bu iddaolari yuzasidan Kitob tumani Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Serob Alamovga bog‘landi.

Alamov Ozodlik savolini eshitishi bilan aloqani uzib qo‘ydi.

Kitob MIBning kommunal to‘lovlar bo‘yicha boshlig‘i Baxtiyor Meyliyev esa ishchilarga koronavirus sharoitida o‘z ixtiyoriga ko‘ra, o‘z hisobidan ta’tilga chiqishlari tavsiya etilganini bildirdi.

15 maydan karantin choralari yumshagani sabab ayrim xodimlari ishga qaytadan chaqirtirilganini e’tirof qilgan bu mulozim¸ ularga oylik to‘lanish-to‘lanmasligi haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

- Buni katta boshliqdan so‘raysiz, - dedi Meyliyev.

"Hammasi mehnat qonunchiligi asosida bo‘lyapti"

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Ozodlik 21 may kuni suhbatlashgan mulozimi, hozirda, bo‘limlardagi xodimlarning o‘z hisobidan ta’tilga chiqishi bilan bog‘liq vaziyat¸ shuningdek ishga qaytish istagini bildirayotgan xodimlar murojaatlari o‘rganilayotganini bildirdi.

- Hammasi O‘zbekiston mehnat qonunchiligiga to‘liq amal qilingan xolda bo‘lyapti. Kitob tumanidagi siz aytayotgan xolatlarni esa o‘rganib, keyin ma’lumot beramiz, - dedi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xodimi.

Haq to‘lanmaydigan "majburiy ta’til"

Majburiy ijro byurosi koronavirus infeksiyasini tarqalashi oldini olish va uning ehtimoliy oqibatlarini kamaytirish maqsadida joriy yilning 24 martdan boshlab ayrim xodimlarga o‘z hisobidan ta’tilga chiqish tavsiya etilgani va bu jarayonning ixtiyoriy ariza asosida bo‘lganini ma’lum qilgan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan inspektorlar esa¸ ishdan haydalish tahdidi ostida majburiy ta’tilga chiqishga majbur bo‘lganini bildirgan.

“Bizni 30 mart kuni majburlab ariza yozdirib, o‘z hisobimizdan 1 oylik ta’tilga chiqarishdi. To‘rt kun avval yana ta’tilimizni 1 oyga cho‘zdirish haqida ariza yozdik. Ariza yozmaganlarga “ishdan bo‘shaysan”, deb tahdid qilishdi, - degan edi MIBning Toshkentdagi bo‘limlaridan biri xodimi 30 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlikka mamlakatdagi boshqa mibchilardan ham shu mazmundagi xabarlar kelgan.

Xususan¸ aprel oyi boshida Majburiy ijro byurosining Chirchiq shahar bo‘limida xodimlari o‘z hisobidan majburiy mehnat ta’tiliga chiqarilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Chinozlik MIB xodimining Ozodlikka yo‘llagan murojaati.
Chinozlik MIB xodimining Ozodlikka yo‘llagan murojaati.

Ozodlik xabari ortidan Majburiy ijro byurosi ushbu holat yuzasidan Chirchiq tumani MIB rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilganinini bildirgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasining birinchi qismiga binoan, xodimning arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin u o‘n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG