Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:49

Qirg‘iziston rasmiylari “O‘zbekiston 150 gektar yerni tortib olgani”ni rad etdi. Bu yerdan qirg‘izistonliklar ruxsatsiz foydalanib kelgan


Ikki davlatni o‘rtadagi Qoradaryo daryosi ajratib turadi.
Ikki davlatni o‘rtadagi Qoradaryo daryosi ajratib turadi.

Qirg‘iziston hukumatning Jalolobod viloyatidagi muxtor vakili birinchi o‘rinbosari Mamasoli Akmatov 26 may kuni ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz kontentida tarqalgan “O‘zbekiston qirg‘izlarning 150 gektar yerini tortib oldi” sarlavhasi bilan tarqatilgan videolar “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi”ni bildirdi.

25 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda O‘zbekiston Jalolobod viloyati Suzoq tumanidagi Qoradaryo qishlog‘ida sholi ekilgan 150 gektar yerni buzayotgani va chegara simlarini tortayotgani iddao qilingan edi. Bu video qirg‘iz jamoatchiligining qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lgan.

Qirg‘iz rasmiylarining bildirishicha, mazkur hudud aslida 150 gektar emas, 25 gektardir va bu yerning 17 gektaridan qirg‘iz qishlog‘i aholisi uzoq yillardan beri noqonuniy foydalanib kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 25 may kuni “Qirg‘iziston yerlariga O‘zbekiston chegarachilari kirib kelgani va chegara to‘siqlarini o‘rnatayotgani” to‘g‘risida video tarqalgan edi.

“Mana ko‘ringlar, bizning 150 gektar yerimizni o‘zbek chegarachilari kelib, to‘sib olishdi. Bu Qoradaryo qishlog‘ining Oq masjid uchastkasi. Qirg‘iziston yerini tortib olishdi. Davlat hech qanday yordam qilmadi. O‘zbekiston tomoni hech qanday ogohlantirishsiz kelib, traktor bilan qoziq qoqyapti. Bu yerga kolxoz davrida jo‘hori ekilardi, keyin sholi ekishga ruxsat berilgan. Agarda chegara shunday to‘silib qolsa, bizning ulush yerlarimiz O‘zbekistonga o‘tib ketadi”, -deyiladi videoda.

Videodan anglashinishicha, mazkur yer Qoradaryo qishlog‘i va O‘zbekistonning Paxtaobod tumani bilan chegaradosh hududda joylashgan. Ikki davlatni o‘rtadagi Qoradaryo daryosi ajratib turadi.

Mazkur videoga munosabat bildirgan Qoradaryo qishloq hukumati rahbari Ashirbek Matiyev bu hududning 2,8 kilometri aniqlanmagan chegara uchastkasi ekanini, qishloq aholisi bu yerlardan ruxsatsiz va o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelganini aytdi:

“Ikki kun avval Bishkek shahri va O‘zbekistondan kadastrlar kelib, uchastkada aniqlash ishlarini olib borgan. Mahalliy hokimyat va qishloqliklar ham qatnashdi. O‘sha hududda sakkiz gektar yerga sholi ekkan odamning 1,5 gektar maydoni o‘zbek tomoniga o‘tib ketdi. Fuqaroning aniqlanmagan va ro‘yxatga olinmagan yerga ekin ekib yurgani aniqlandi. Hozir bu yerdagi chegara ikki tomonlama aniqlangandan keyin, 25 gektarga yaqin sholi ekilgan maydonning sakkiz gektari bizda qolib, qolgani qo‘shni davlatga berildi”, - dedi Ashirbek Matiyev.

26 may kuni mahalliy hokimiyat vakillari qishloq aholisi bilan uchrashib, bu borada tushuntirish ishlarini olib bordi. Hukumatning Jalolobod viloyatidagi muxtor vakili birinchi o‘rinbosari Mamasoli Akmatovning aytishicha, videoda Qirg‘izistonga tegishli ekani iddao qilingan yer, aslida O‘zbekistonniki edi.

“Mahalliy aholi soy bo‘yidagi, karta bo‘yicha O‘zbekistonga qarashli yerdan bir necha yildan beri foydalanib kelgan. 2017 yilgi ikki tomonlama chegara masalasidagi so‘zlashuvlarda bu yerlar kimga tegishli ekani aniqlangan. Bu yil mahalliy aholi bu yerga qaytadan ekin eka boshlaganda o‘zbek chegarachilari ogohlantirib, O‘zbekiston bizga norozilik notasini yuborgan. Hozir chegara uchastkalariga traktor bilan belgi qo‘yishmoqda. Chegara simlarini o‘rnatishga hozircha biz rozi bo‘lmayapmiz. Biz tomondan ham sim tortish ishlari birga olib borilsin degan talab bo‘lyapti”, - dedi hukumat vakili.

Jalolobod viloyatida qirg‘iz-o‘zbek chegarasining aniqlanmagan olti uchastkasi bor. Ularning to‘rttasi Olabuqa, ikkitasi Axsi tumanida joylashgan. Viloyatda jami 19 600 gektardan ortiq yer O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi bahsli hudud hisoblanadi.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 kilometrga teng. Uning 85 foizi rasman aniqlangan va tasdiqlagan.

XS
SM
MD
LG