Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:52

So‘xdagi janjalda qovug‘idan yaralangan yigit og‘ir ahvolda qolmoqda


Chashma qishlog‘ida 31 may kuni sodir bo‘lgan to‘qnashuv, 2020
Chashma qishlog‘ida 31 may kuni sodir bo‘lgan to‘qnashuv, 2020

31 may kuni O‘zbekiston - Qirg‘iziston davlat chegarasida bo‘lgan insidentda o‘q yegan so‘xlik 19 yashar yigit og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.

Yigitning otasi, Ozodlik bilan suhbatda, o‘g‘li hanuz shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qolayotganini aytdi. Ismini sir saqlashni lozim topgan otaga ko‘ra, shu kunga qadar IIV yoki prokuratura o‘g‘lining jarohatlangani yuzasidan unga murojaat qilmagan.

So‘x tuman IIB va Farg‘ona viloyat IIBdan ham chegaradagi insidentda o‘qotar quroldan jarohatlanganlar bo‘yicha surishtiruv olib borilayotganiga oid biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Qirg‘izistonning Botken viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Damira Yusupova esa 31 may kungi insidentda qirg‘izistonliklar tomonidan birorta o‘q otilmagan, birorta qurol qo‘llanilmagan, deb bayonot berdi.

31 may kungi insident davomida o‘q yegani aytilayotgan 13 so‘xlikdan biri - 19 yashar yarador yigitning otasi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘g‘li bilan bog‘liq so‘nggi vaziyat haqida bunday dedi:

“Bugun (4 iyun) oddiy palataga olishadi, deyishgandi. Hozircha olishmapti. Oldiga bizni kiritishmayapti. So‘nggi marta telefonda gaplashganimda: “Dada yaxshiman”, dedi”.

(Ozodlikda bu bemor va uning otasi shaxsiga oid to‘liq ma’lumot bor)

So‘xlik otaning aytishicha, 31 may kuni insident sodir bo‘lganda u yaylovda edi. O‘g‘li jarohatlanganini eshitgach, qishloqqa qaytgan:

“4 soatdan keyin keldim. Keyin eshitsam, o‘sha yerda janjal bo‘lgan. O‘sha yerda uylar yonganda borgan ekan o‘g‘lim. Bilmadim endi, o‘tni o‘chirishga borganmi, chunki o‘t o‘chiruvchilarni yonayotgan uylar tomonga kiritishmapti odamlar, deb eshtdim. O‘shanda birdaniga o‘qni tovushi chiqqan va o‘g‘lim yiqilib tushgan, o‘zimizning territoriyada. Qarashsa, o‘q yegan. Keyin shifoxonaga olib ketishgan”.

Otaning aytishicha, o‘g‘lining dardi bilan bo‘lib, u shu kungacha huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmagan. Idoralardan ham surishtirib, biror kishi kelmagan.

Ozodlik suhbatlashgan bu otaning 19 yashar o‘g‘lini shifokor muolaja qilayotgani aks etgan video ham Ozodlikka kelib tushdi.

  • Videoda shifokor qonga belanib yotgan bemorning jarohatlarini ta’riflaydi. Video kishi ta’bini xira qilishi mumkinligini hisobga olib va unda aks etgan bemor tanasining intim qismlari ko‘ringani uchun Ozodlik uni e’lon qilmayotir.

Videoda shifokor, bemorning miltiq o‘qidan jarohatlangani, o‘q bemorning 4 joyiga, shu jumladan jinsiy a’zosiga tekkanini ko‘rsatadi:

“Mana jarohatlangan joylari: bitta, ikkita, uchta, to‘rtta. Ikkita o‘q tekkan, bitta o‘q bir tarafidan kirib, narigi tarafidan chiqib ketgan”.

31 may kuni Ozodlikka xabar yo‘llangan so‘xlik tibbiyot xodimlaridan biri ayni jarohatlar bilan tushgan bemor haqida bildirgan edi:

"Bir bemor o‘q yegan, pistoletdan. Oyog‘iga, bo‘yniga va jinsiy azosiga o‘q yegan. 2001 yilda tug‘ilgan M.S.S. O‘q bir tomonidan kirib narigi tomonidan chiqqan. Ahvoli o‘rta og‘ir, ko‘p qon yo‘qotgan".

1 iyun kuni So‘x tuman Tibbiyot birlashmasi va bu yerda ishlaydigan bir necha shifokor, insident ro‘y bergan kuni o‘q yegan 13 kishi birlashmaga keltirilgani, so‘ngra ular vertolyotlar yordamida viloyat shifoxonalariga yetkazilganini bildirgan edi.

Biroq Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot kotibi Muhammadjon Obidov esa 2 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda hodisada 3 kishigina ov miltig‘idan jarohatlanganini bildirgan.

Bundan tashqari, So‘x tuman hokimligi Axborot xizmati, 1 iyun kechga yaqin, jami jarohatlangan 187 bemorning 15 nafari vertolyotlarda viloyat shifoxonalarga yetkazilganini bildirgan.

Ammo, Ozodlik chegaradagi insidentda o‘qotar quroldan jarohatlangan so‘xliklar ishi bo‘yicha huquq-tartibot idoralari surishtiruv olib borayotgani haqida biror ma’lumotga ega emas.

So‘x tumani IIB bu borada barcha ma’lumotni Farg‘ona viloyati IIBdan olish mumkinligini aytdi.

"Farg‘ona viloyat IIBning matbuot bilan aloqalariga mas’ul Ismoiljon Sharipov", deb taqdim qilingan vakil, viloyat boshqarmasida aynan quroldan jarohatlanish holati bo‘yicha surishtiruv borayotganidan xabardor emasligini aytdi. Vakil mavjud ma’lumotlarni aniqlab, so‘ngra xabar berishni va’da qildi. Hozircha bu vakildan yakuniy ma’lumot kelib tushgani yo‘q.

Qirg‘izistonning Botken viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Damira Yusupova esa, 4 iyun kuni Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati so‘roviga javoban, 31 may kungi insidentda qirg‘izistonliklar tomonidan birorta o‘q otilmagan va birorta qurol qo‘llanilmagan, deb bayonot berdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarada sodir bo‘lgan 31 may kungi to‘qnashuv va bundan so‘nggi voqealar rivojiga oid boshqa ma’lumotlar bilan Ozodlikning jonli blogida tanishishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG