Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:38

O‘sh voqealari paytida sodir etilgan jinoyatlarning 90 foizi ochilmay qoldi


O‘sh shahri. 2010 yilning 14 iyuni.
O‘sh shahri. 2010 yilning 14 iyuni.

O‘sh va Jalolobodda 2010 yilda sodir etilgan millatlararo nizoga 10 iyun kuni 10 yil to‘ldi. Nizo paytida, rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 442 kishi halok bo‘lgan, yuzlab uylar yoqib tashlangan.

Qurbon bo‘lganlardan 295 nafarini, ya’ni 70 foizini o‘zbeklar, 123 nafarini yoki 29 foizdan ortiqrog‘ini esa qirg‘iz millatiga mansub kishilar tashkil qilgan. Shuningdek, iyun voqealari paytida 1 rus, 1 pokistonlik va 1 uyg‘ur ham nobud bo‘lgan.

2010 yil iyun voqealari bo‘yicha hozirga qadar 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakillaridir.

Rasman bildirilishicha, O‘sh voqealari yuzasidan besh mingdan ko‘proq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq oradan o‘n yil o‘tsa hamki O‘sh voqealari paytida sodir etilgan jinoyatlarning 90 foizi shu kungacha fosh etilmadi.

"O‘sh voqealari yuzasidan ochilgan jinoyat ishlari soni ham aniq emas"

O‘sh voqealari paytida sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan qancha ish ochilgani yuzasidan aniq ma’lumot shu kungacha mavjud emas.

Masalan, Bishkekdagi “Qilim shami” nodavlat tashkiloti o‘z hisobotida 2010 yilda 5158ta jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan. O‘sh voqealarini o‘rgangan Milliy komissiya esa 5162ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi 2011 yilning aprelida 5511 jinoyat ishi, 2011 yilning avgustida 5 633 jinoyat ishi ochilganini aytgan.

2015 yilda esa O‘sh voqealari yuzasidan jinoyat ishlari soni 5646ta ekani rasman aytildi.

Bosh prokuratura: Shu kungacha 511 kishiga hukm o‘qildi

Bosh prokuratura rasmiy vakili Nargiza Kuvatova 2020 yilda O‘sh voqealari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlarining holati haqida mana bunday tushuntirish berdi:

“2010 yildagi iyun voqeasi yuzasidan jami 5 642ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu ishlarning 360tasi fosh etildi. Ulardan 319 sudlarga o‘tkazildi va 511 kishiga hukm chiqarildi. 3919ta jinoyat ishi vaqtincha to‘xtatildi, 13ta ish birato‘la to‘xtatildi. 1391 ish boshqa ishlar bilan birlashtirildi. Ayni paytda tergov qilinayotgan jinoyat ishlari mavjud emas. Lekin jinoyat ishlari doirasida qidiruv ishlari va tezkor amaliyotlar o‘tkazilib turibdi”.

Rasman bildirilishicha, qotillik ayblovi bo‘yicha 481 ish, salomatlikka qasddan zarar yetkazish ayblovi bilan 13 ish, odam o‘g‘irlash ayblovi bilan 27 ish, shaxsni noqonuniy ravishda erkinligidan ajratish ayblovi bilan 12 ish, zo‘rlash ayblovi bilan 7 ish qo‘zg‘atilgan.

“2010 yildan 2020 yilgacha sudlarda 470 kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan 254 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 440 kishiga nisbatan ayblov hukmi chiqarildi. 28 ish bo‘yicha ayblangan 28 kishiga ochilgan jinoyat ishi to‘xtatildi”, - dedi Bosh prokuratura rasmiy vakili Nargiza Kuvatova.

Bundan tashqari O‘sh voqealarida ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etgan yuzdan ortiq odam qidirilmoqda. Millatlararo nizoni uyushtirishda gumonlangan 37 kishi Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan.

Nizoni uyushtirishda asosan O‘zbek milliy madaniy markazining sobiq rahbarlari Qodirjon Botirov, Inomjon Abdurasulov, Karamatxon Abdullayeva va Jalolliddin Salohutdinov ayblanmoqda.

O‘sh voqealari yuzasidan o‘ziga nisbatan bildirilgan ayblovlar soxta ekanini aytib kelgan Qodirjon Botirov 2018 yilning dekabrida Ukrainaning Odessa shahrida vafot etgan va O‘zbekistonda dafn etilgan. Qolganlar esa hamon qidirilmoqda.

“Jinoyatlarning 90 foizi fosh etilmadi”

Qirg‘iziston rasmiylari O‘sh voqealari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlarining kamida 30 foizi 2015 yilgacha fosh etilgani haqida bildirgan. So‘nggi besh yilda yana jinoyatlarning 20 foizi ochilgani xabar qilindi.

Biroq Bosh prokuratura rasmiysi yuqorida 5 642ta jinoyat ishidan 360tasi fosh etilgani haqida bildirdi. Bu jinoyat ishlari umumiy sonining 10 foizini ham tashkil etmaydi.

O‘sh voqealari yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazgan “Qilim shami” tashkiloti rahbari Aziza Abdurasulova og‘ir jinoyatlarning asosiy qismi fosh etilmagan, deb hisoblaydi.

“Tashkilotimizning aniqlashicha, iyun voqeasi yuzasidan jinoyat ishlarining 86-87 foizi fosh etilmadi. Qotillik holatlari bo‘yicha jinoyat ishlarining faqat 18 foizi yakuniga chiqqan. Bu jinoyat ishlari sudlarga o‘tganida, biz jarayonlarni kuzatib, dalil-isbotlar soxtalashtirilganiga guvoh bo‘lganmiz. Zo‘rlash bo‘yicha 13 holat aniqlangan, lekin ularning birortasi ham ochilmadi. O‘sh voqealari paytida ikki mingdan ortiq uy-joy yondirilgan. Ammo bu ishni amalga oshirganlardan birortasi ham jazolanmadi”.

“Jinoyat ishlari fosh etilmasa, O‘sh voqealaridan xulosa chiqarilmaydi”

O‘sh viloyat militsiyasi rasmiy vakili Jenish Ashirbayev jinoyat ishlarining asosiy qismi ochilmay qolishiga “vaziyat sabab bo‘lgani”ni aytmoqda.

“Qotillik sodir bo‘lgan joyda voqea iloji boricha tezroq o‘rganilishi lozim bo‘ladi. Dalil-isbotlarni kechiktirmay to‘plash zarur. O‘sh voqealari paytida esa bir odamning jasadi o‘ldirilganidan keyin ikki-uch kun qolib ketgan holatlar bo‘lgan. Ayrim joylarga vaziyat barqarorlashganidan keyin, masalan, bir oydan keyin borib tergov-surishtiruv ishlari o‘tkazilgan. Ayrim odamlarning jasadlari ikki-uch oydan keyin topilgan. Shuning uchun ularni kim o‘ldirganini aniqlash, qotillarni qo‘lga olish juda qiyin bo‘ldi. Huquq-tartibot tuzilmalari jinoyatlarni maksimal darajada fosh etishga harakat qildi va hozir ham bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda”.

2010 yilda O‘sh voqealarini o‘rganish maqsadida Qirg‘iziston Milliy komissiyasi tashkil etilgan edi. Bu komissiya raisiga o‘rinbosar bo‘lgan taniqli jamoat va davlat arbobi Baxtiyor Fattoxov hukumat O‘sh voqealari yuzasidan ochilgan jinoyat ishlari bo‘yicha hisobot berishi shart deb fikr bildirdi.

“Milliy komissiya hukumatga va Bosh prokuraturaga jinoyat ishlarining barchasini diqqat bilan tergov qilish va yakuniga chiqarish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi. 2010 yil voqealariga 1990 yildagi O‘sh voqeasidan to‘g‘ri xulosa chiqarilmagani sabab bo‘lgan. Agar bugungi kunda ham o‘n yil oldingi voqeada sodir etilgan jinoyatlar yopiqligicha qolaversa, bu voqealardan tegishli xulosalar chiqarilmay qolib ketaveradi. Shaxsan men O‘sh voqealari paytida komendantning o‘rinbosari sifatida 4,5 ming odamdan shikoyat va arizalarni qabul qilib olganman. Ularni tegishli davlat organlariga yo‘llaganmiz. Ammo mana shu arz-shikoyatlarga ham javoblar berilmadi. Jinoyat ishlarini yakuniga yetkazish va fosh etish birinchi galdagi vazifa. Agar bu ish amalga oshirilmasa, nizolar yana takrorlanishi mumkin”, -dedi Baxtiyor Fattoxov.

XS
SM
MD
LG