Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:20

Fermerning "o‘z bug‘doyini o‘zi o‘g‘irlamasligi uchun" o‘qituvchi va bank xodimlari qorovul qilib qo‘yildi


O‘zbekistonda bug‘doy o‘rimiga byudjet tashkilotlari xodimlarini nazoratchi qilib qo‘yish Islom Karimov prezidentligi davrida ham bor edi.
O‘zbekistonda bug‘doy o‘rimiga byudjet tashkilotlari xodimlarini nazoratchi qilib qo‘yish Islom Karimov prezidentligi davrida ham bor edi.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida o‘qituvchilar, bank va soliq inspeksiyasi xodimlari bug‘doy o‘rimiga qorovul qilib qo‘yilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar yuborgan o‘qituvchining aytishicha, tuman hokimi o‘rinbosari karantin davrida olgan oylikni “oqlash” uchun fermerlarning o‘z bug‘doyini o‘zi o‘g‘irlamasligini nazorat qilishni topshirgan.

Ozodlik gaplashgan fermerlarga ko‘ra¸ hokimlik mulozimlari dala boshida turib, rejadan ortgan bug‘doyni ham majburan o‘rib olib ketmoqda.

Tuman hokimi o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov o‘qituvchi va bank xodimlarining bug‘doy qorovulligiga qo‘yilganini inkor qildi.

Tuman hokimi Asrol Boyqarayev Ozodlik muxbiri telefon qilayotganini bilganidan so‘ng, “men boshqa odamman” deb aloqani uzib qo‘ydi.

Xavfsizligi bois ismi sir qolishini so‘ragan Koson tumanidagi maktablardan biri direktori hokim o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov barcha o‘qituvchilarni fermerlarning bug‘doy o‘rimiga qorovullik qilishga majburlayotganini ma’lum qildi.

Men ham hamma erkak o‘qituvchilarimni dalaga chiqarishga majbur bo‘ldim.


“Ikki oy karantin davrida biz uydan turib ishladik, o‘quvchilar bilan onlayn darslar o‘tkazdik. Endi tuman hokimining o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov o‘tgan oyda bo‘lgan majlisda hokimning topshirig‘i deb hammamizni dalaga chiqarib yubordi. Uning aytishicha, biz ikki oy ishlamay, davlatning oyligini tekin olgan ekanmiz va shuning o‘rniga bug‘doyning talon-toroj bo‘lmasligi uchun qorovullik qilib berish kerak ekan. Men ham hamma erkak o‘qituvchilarimni dalaga chiqarishga majbur bo‘ldim. O‘zim ham chiqqanman. Fermer bug‘doy o‘rsa¸ biz tepasida qarab turamiz. Bizdan boshqa bank, soliq xodimlari ham qorovullikka qo‘yilgan”.

Maktab direktori bu qorovullikdan o‘zlari ham juda o‘ng‘aysiz holatga tushayotganini aytadi:

Bunaqa axmoqgarchilik Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lganda ham bor edi, hozir ham davom etyapti.


“Bizning vazifamiz fermer o‘zi yetishtirgan bug‘doyni o‘ziga olib qolmasligini nazorat qilish ekan. Bo‘lmasa u yerda militsiya, Milliy gvardiya xodimlari ham bor. Biz qo‘shimcha nazoratchi ekanmiz. Fermerlarga qarab turib, odamning vijdoni qiynaladi. Mehnatni qilgan ular, ishchilari, lekin biz ularning boshida qorovul. Yana har kuni bechora fermer o‘sha yerda biz kabi yig‘ilgan o‘nga yaqin tekintomoq “katta”larga ikki mahal issiq ovqat ham tashkil qiladi. Bunaqa axmoqgarchilik Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lganda ham bor edi, hozir ham davom etyapti”.

Direktorning aytishicha, qaysi fermer o‘z huquqini qattiq himoya qila olsa¸ uning rejadan ortgan bug‘doyi tashlab ketilyapti, bo‘sh-bayov fermerlarning bug‘doyi esa, planni to‘ldirgan bo‘lsa ham, so‘nggi boshog‘igacha o‘rib olinyapti.

Ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan profilaktika inspektorlaridan biri Ozodlik bilan muloqotda bug‘doy o‘rimiga nazoratchi qilinishi ortidan ular qiladigan asosiy ish qolib ketayotganini ta’kidladi:

Bug‘doyda edim desam,"shikoyatlarni tekshirishga ham vaqt top" deydi.


“Men bir narsaga tushunmayman, fermerning don kombinati bilan shartnomasi bor, shartnomani bajarmasa qonuniy chora ko‘rsin. Nima qiladi, IIB xodimlarini ularning boshiga qorovul qilib qo‘yib. Masalan, men bitta MFYda profilaktika noziriman. Menga urushli, janjalli shikoyat arizalari tushgan. Lekin ularni borib surishtirgani vaqt yo‘q. Aholi arizamni uchastkovoy ko‘rmayapti deb, viloyatga yoki respublikaga shikoyat qiladi. U yoqdan yana kaltak meni boshimda sinadi. Bug‘doyda edim desam, "shikoyatlarni tekshirishga ham vaqt top" deydi. Xullas¸ har kim o‘z ishini qilsin.”

Koson tumani Qorabayir hududi rahbari Megli Hasanov fermerlarning hamma bug‘doyi o‘rib ketilganini inkor qilar ekan, qorovullikka bank xodimlarining chiqarilganini tasdiqladi.

“Melisalar bor, bank xodimlari bor, nazorat qilishyapti o‘rimni. Lekin rejadan ortib qolgan bug‘doyini o‘rib olganimiz yo‘q”.

Koson tumani hokimi o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchi va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini bug‘doy qorovulligiga safarbar qilinganini inkor qildi:

- Men o‘qituvchilarni karantindan oldin ko‘rgan edim. Ularga bug‘doyga qorovullik qilish haqida hech qanday topshiriq berganim yo‘q.

Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev telefon suhbati boshida o‘zining hokim ekanini tasdiqladi, ammo Ozodlik so‘zini eshitishi bilan “men boshqa odamman” deb aloqani uzib qo‘ydi.

9 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori rasmiy matbuotda elon qilingan edi.

6 mart kuni imzolangan qarorga muvofiq¸ 2020 yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi; 2021 yil hosilidan boshlab esa¸ davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechiladi; davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi hamda fermerlar va boshqa korxonalarning o‘z mahsulotini erkin narxlarda sotishiga ruxsat beriladi.

Prezident qarori chiqqan bo‘lsa-da, lekin Qashqadaryo viloyatida g‘allakorlar otryadlari safiga kiritilgan bankirlar fermerning ortiqcha bug‘doyini o‘ziga olib qolmasligini nazorat qilishga safarbar etilgani haqida Ozodlik 2 iyun kuni ham xabar bergan edi.

Mamlakatning boshqa hududlarida hali g‘alla o‘rimi endi boshlanyapti. Shu sabab boshqa joylarda g‘alla kampaniyasi qanday o‘tayotgani hozircha Ozodlikka noma’lum.

G‘alla o‘rimining IIB va prokuratura xodimlari tomonidan qattiq nazorat qilinishi Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lib ishlagan davrda ham bor edi.

Mahalliy hokimlar g‘alla rejasi bajarilishi uchun fermerlarning rejadan ortgan g‘allasini ham majburan o‘rib olgani haqida Ozodlik davomli tarzda xabar bergan.

XS
SM
MD
LG