Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:39

Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan aholi noroziligi ortidan hokimlik mutasaddisi ishdan olindi


Toshqin oqibatida vayron bo‘lgan uylarni tozalashga harbiylar ham jalb qilindi
Toshqin oqibatida vayron bo‘lgan uylarni tozalashga harbiylar ham jalb qilindi

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi Saxovat mahallasi ahli toshqindan zarar ko‘rganlarga ajratilgan yordam pulini ololmagani uchun norozilik aksiyasi o‘tkazdi.

Ushbu norozilik ortidan “yordam puli”ni tarqatishga mas’ullardan biri – Oqoltin tuman hokimligi mulozimi Hayitboy Farmonov ishdan bo‘shatildi.

Norozilikdan so‘ng maxsus komissiya Saxovat mahallasida uyi toshqindan zarar ko‘rganlardan 30 kishiga pul ajratish masalasini o‘rganishni boshladi.

Saxovat mahallasida may oyining oxirida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasi haqida Ozodlikka 12 iyun kuni ma’lum bo‘ldi.

Bu haqda xabar yo‘llagan saxovatlik yigitga ko‘ra, mahalla ahli toshqin oqibatida uyi vayron bo‘lganlar uchun hukumat va’da qilgan pulni ololmaganiga norozilik bildirgan.

“Adashmasam, 27 may edi. O‘sha kuni mahalla binosi oldiga juda ko‘pchilik yig‘ildi. Tuman hokimligidan ham vakillar bor edi. Odamlar prezident va’da qilgan 40 million so‘m tanish-bilishchilik qilib tarqatilayotganiga norozilik bildirdi. Bu pulni oluvchilar ro‘yxatiga uyiga suv kirganlarning hammasi ham kiritilmaganidan shikoyat qilishdi. Baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Sal qoldi hokimlikdan kelgan Farmonovni ayollar urib tashlashiga. Yugur-yugur qilib, charchagan odamlar butun g‘azabini Farmonovdan olishdi. Menimcha Farmonovga tosh ham otishdi. Ushbu voqeadan keyin Farmonov kasalxonada davolanib ham chiqdi”.

Saxovat mahalla yig‘ini mas’ullari ushbu voqeani Ozodlikka tasdiqladi.

“To‘g‘ri shunaqa voqea bo‘ldi. Mahalla yig‘ini rahbarlari hammamiz o‘sha yerda edik. Bilasiz, ayollar jahl qilsa, baqir-chaqir qilib tashlashadi. Hokimlikdan kelgan Hayitboy Farmonov ham shu yerda edi. Lekin “Farmonovni urishdi” degani noto‘g‘ri. Uning kasalxonada davolanib chiqqani to‘g‘ri. O‘zim ham o‘sha kundan keyin kasalxonaga tushishimga sal qoldi. Davleniye chiqib ketdi. Farmonovning ham davleniyesi chiqqan bo‘lsa kerak”, dedi Saxovat mahalla yig‘ini mas’uli.

Suhbatdoshlar tilga olgan Hayitboy Farmonov - Oqoltin tuman hokimligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘idir. U Sardoba texnogen falokati sabab uylari vayron bo‘lgan aholiga hukumat ajratgan mablag‘ning tarqatilishi uchun mas’ul bo‘lgan.

Oqoltin tuman hokimligining ismi ochiqlanmayotgan mulozimlaridan biri 12 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda Hayitboy Farmonov Saxovat mahallasidagi norozilik voqeasidan so‘ng ishdan olinganini bildirdi:

“Saxovat mahallasidagi to‘polondan so‘ng ishni bosti-bosti qilish maqsadida Farmonov ishdan olindi. Lekin unga “o‘z xohishiga ko‘ra” ariza yozib, ishdan ketishga ruxsat berishdi. Chunki Farmonovni haydashsa, u hokimlikdagi boshqalarni ham tortib ketishi aniq edi. Hukumat ajratgan yordam pulini tanish-bilishlar orqali o‘zlashtirish masalasi aslida bor gap. Bu pulga hokimlikdagi katta mulozimlarimizdan biri katta uchastka qurayotganini ham hamma biladi. Lekin hech kim sizga buni isbotlab bera olmaydi. Shuning uchun Farmonov ham ishdan ketib, qutulishni ma’qul ko‘rdi. Chunki u buyruqni bajarganlardan biri¸ xolos”.

Oqoltin tuman hokimligining kadrlar bo‘limi xodimlari Hayitboy Farmonov 1 iyun kuni “o‘z arizasiga ko‘ra” ishdan ketganini tasdiqladi. Hozircha Farmonovning o‘rniga hech kim tayinlanmagan.

Hayitboy Farmonovning mobil telefoni 12 iyun kuni o‘chiq bo‘lgani sabab Ozodlik uning o‘zi bilan bog‘lana olmadi. Farmonovning tanishlariga ko‘ra, u hozirda dam olishda.

Saxovat mahalla yig‘inidan olingan ma’lumotga ko‘ra, may oyidagi norozilik voqeasidan so‘ng yana 30 kishini “yordam puli” oladiganlar ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rilmoqda:

“Bu o‘sha kuni janjal chiqarganlardan o‘ttiztasi. Maxsus komissiya hozir ular arizasini o‘rganmoqda”.

Oqoltin tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, toshqin oqibatida Saxovat mahallasidagi 30 foiz uy vayron bo‘lgan. Shuningdek, tumandagi yana ikkita mahalla jiddiy zarar ko‘rgan: Shodlik mahallasida 90 foiz uy, Ahillik mahallasida 50 foiz uy vayron bo‘lgan. Toshqindan tuman bo‘yicha jami 8000 ga yaqin aholi uysiz qolgan.

2 iyun kungi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Sardoba toshqinida jabrlangan Sirdaryo viloyatidagi jami 4 025 oilaga prezident ko‘rsatmasiga asosan 40 million so‘mdan moddiy yordam berilgan. Bundan tashqari yana 1 818 ta fuqaroga ham shu miqdorda moddiy yordam berilishi aytilgan.

Ayni paytda¸ toshqindan zarar ko‘rgan uyi uchun hukumat va’da qilgan pulni ololmayotganlar tomonidan Ozodlikka shikoyatlar kelishda davom etmoqda.

Siz ham Sardoba texnogen falokati oqibatida uysiz qolganlardan bo‘lsangiz¸ hozirda qayerda¸ qanday ahvolda yashayotganingiz¸ hukumat va’da qilgan yordamning berilgan-berilmagani haqida Ozodlikka xabar yo‘llashingiz mumkin. Buning eng qisqa va oson yo‘li @ozodnews Telegram kanaliga ma’lumot yo‘llash. Bu kanalga +420 724 971 539 raqami orqali bog‘lanishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG