Rossiyaning Bryansk shahrida "Yandeks.Taksi" haydovchisi kongolik talabani manziliga eltib qo‘yishdan bosh tortgani aks etgan etgan video ijtimoiy tarmoqda tarqaldi. O‘zi olgan videoda talaba "irqchimisiz?" deb so‘raganida haydovchi "albatta!" deb javob qiladi.
Bu voqeadan bir necha soat o‘tib "Yandeks.Taksi" o‘z haydovchisi bilan shartnomani bekor qilganini e’lon qildi.
Shirkat o‘z ishchilari va hamkorlari irqchilik qilishiga va mijozlarga qo‘pol muomala qilishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.
"Yandeks.Taksi"ning bu qarori olqishlandi, ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari haydovchini qoraladi.
Ammo ko‘p sonli rossiyaliklar haydovchining ishdan olinganini etnik ruslarga qarshi diskriminatsiya deya ta’riflab chiqdi, "Yandeks.Taksi" shirkatini qoraladi.
Twitter va YouTubeda yuzlab rossiyalik foydalanuvchi haydovchi mijoz tanlashga haqli ekanligini iddao qilib, uning ishdan haydalgani G‘arbdan import qilingan "siyosiy to‘g‘rilik" oqibati ekanligini yozishdi.
Ayrim foydalanuvchilar "Yandeks.Taksi"ni iqtisodiy bo‘hron davomida haydovchini ishdan bo‘shatgani uchun tanqid qildi.
Boshqalari esa shirkat uchun ishlaydigan markaziy osiyolik haydovchilar ham o‘zini yomon tutishini iddao qildi.
Hatto haydovchi qayta ishga olinishi talab qilingan onlayn shikoyat yaratildi, ammo ko‘p o‘tmay u bekor qilindi.
Bryanskdagi holat jahon bo‘ylab afroamerikalik Jorj Floydning o‘limi ortidan boshlanib ketib, qariyb ikki hafta davom etgan norozilik namoyishlari fonida sodir bo‘ldi.
Floydning oq tanli politsiyachi tomonidan 25 mayda o‘ldirilishi nafaqat AQShda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Qo‘shma Shtatlarning asosiy ittifoqchilari bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda ko‘plab norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.
Bryanskdagi haydovchi yonini olib yozilgan postlar mualliflari AQShda sodir bo‘lgan talon-toroj, o‘g‘rilik hamda politsiya bilan to‘qnashuvlar "progressivlik"ning oqibatlari haqidagi ogohlantirish ekanligini iddao qilishdi.
AQShdagi namoyishlar bo‘yicha o‘z fikrini bildirgan ko‘plab rossiyalik taniqli shaxs tanqidga uchradi.
Xususan, rossiyalik siyosiy jurnalist va publitsist Twitterda do‘kondan mollarni o‘g‘irlab chiqqan qora tanli shaxs surati ostiga Martin Looter King – Martin o‘g‘ri King deb yozilgan rasmni ulashdi.
Posti keskin qoralangan jurnalist qilgan ishini rus radiokanaliga bergan intervyusida himoya qildi:
- G‘arbda sodir bo‘layotgan narsalar Rossiyaga ham tahdid solish-solmasligi haqida so‘zlashdik. Chindan ham bizning afrorossiyaliklarimiz (bizning holatda eng avvalo bu markaziy osiyoliklar, balki kavkazliklar bo‘ladi) GUM derazalarini sindirayotganini tasavvur qilish mumkin, - dedi Kashin.
Rossiyadagi konservativ nashrlar hamda o‘ng qanot sharhlovchilar "tolerantlik" va "liberalizm" atamalarini tez-tez masxaralab turadi.
Ularning iddao qilishicha, bu ikki tushuncha G‘arb davlatlar an’anaviy qadriyatlardan voz kechishiga sabab bo‘ldi.
Siyosiy tahlilchi Fyodor Krasheninnikov Bryanskda sodir bo‘lgan hodisa haqida: "G‘arbda qarshilikka uchragan narsa Rossiya uchun yaxshidek. Shu asnoda, G‘arbda irqchilikka qarshi ruhiyat kuzatilsa, ko‘p holatlarda Rossiyada irqchi o‘laroq tanilish va odamlar seni tolerantlikda shuba qilmasliklari uchun kurashish afzal ko‘riladi",deb yozdi.