Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:36

Prezident katta kuyoviga o‘tgan Uzcard minglab to‘lov terminalini yaroqsizga chiqardi


Tadbirkorlarga sotilib¸ ko‘p o‘tmay yaroqsizga chiqarilgan Uzcard terminallari soni bir necha ming ekani aytilmoqda.
Tadbirkorlarga sotilib¸ ko‘p o‘tmay yaroqsizga chiqarilgan Uzcard terminallari soni bir necha ming ekani aytilmoqda.

Ozodlikka Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridan murojaat qilgan xususiy tadbirkorlar¸ ikki yil oldin 3 million so‘mga sotilgan Uzcard terminali yaroqsizga aylangani va yangisini olmasa savdo qila olmasligini bildirdi.

Uzcard va bir qator tijorat banki rasmiylari¸ seriya raqami 325¸326¸327 bo‘lgan bir necha ming terminal¸ ularga yangi dastur o‘rnatish imkoni yo‘qligi bois¸ muomaladan chiqarilganini tasdiqladi.

Tijorat banki¸ qolaversa¸ Markaziy bank mutasaddisi Ozodlik bilan suhbatda¸ yangi terminallarning tadbirkorga bank tomonidan bepulga berilishi¸ agar qaysidir bank bu terminalni sotayotgan bo‘lsa¸ ularga chora ko‘rilishini bildirdi.

Uzcard aksiyalarining 75 foizi o‘tgan oy prezident Shavkat Mirziyoyevning katta kuyovi¸ asosan¸ davlat tizimlarida ishlab kelgan Oybek Tursunovga o‘tdi.

Oddiy tadbirkorlar¸ minglab terminalning yaroqsizga chiqarilib¸ ular o‘rniga Xitoydan olib kelingan arzon terminallarni qimmatga sotish jarayonini Uzcard egasining almashinuvi bilan bog‘ladi.

Tadbirkorlar murojaati

Ozodlikka¸”nihoyatda qudratli odamlar haqida gapirish” oqibatidan cho‘chib shaxsini ochiqlamasdan murojaat qilgan samarqandlik tadbirkor, aytishicha¸ chakana savdo bilan shug‘ullanadi.

Men sizga Uzcard kompaniyasining yangi nayrangi haqida ma’lumot bermoqchiman. Kompaniya amaldagi terminallarni yaroqsiz qilib qo‘yyapti. Bankdan so‘rasak¸ Uzcard bu terminallar faoliyatini bloklayapti, musorga tashlayvering¸ endi yaroqsiz, deyishdi. Oldingisini ikki yil oldin 3.000.000 atrofida olganman, yangisini olmasam savdo kamayib ketadi va mijozlar jaloba qilishsa¸ katta jarima to‘layman. Ishlab turgan terminalimizni bloklab¸ yaroqsiz holatga keltirib¸ yangisini olishga majburlashyapti. Yangisi 3.600.000 so‘m! Bank bizga xohlang naqdga¸ xohlang kreditga olinglar deyapti. Humo terminalini bepul berishgan. O‘zi karantinda savdo qilmasdan¸ kasod bo‘ldik. Endi ishlaymiz desak¸ bu g‘irromlik bo‘lyapti”¸ deydi samarqandlik do‘kon egasi.

Ayni masalada Ozodlikka bog‘langan surxonlik tadbirkor o‘zining ishlab chiqarish va savdo sohasida faoliyat yuritishi¸ bir necha yil oldin sotib olgan terminali ayni kunda yaroqsiz bo‘lgani ortidan¸ faoliyati deyarli to‘xtab qolganini aytadi.

Bizda ikkala terminal ham bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa¸ soliqchilar katta jarima soladi. Hozir na yangi terminal sotib oladigan¸ na jarima to‘laydigan holdamiz. Bankka buni tushuntirsak¸ bu Uzcardning ishi¸ bizning aloqamiz yo‘q¸ deyapti".

Uzcard nima deydi?

15 iyun kuni Uzcard kompaniyasining Ozodlik bog‘langan terminallar bo‘limi xodimi¸ seriya raqamlari 325¸326¸327 bo‘lgan terminallarning “spisat qilinib¸ ishdan chiqarilganini” bildirdi.

Bu terminallar yangi programmani qabul qilolmaydi. O‘shani endi banklarga borib¸ yangilashi kerak. Yangilashni biz¸ ya’ni Uzcard aytyapmiz. Lekin terminalni bizdanmas¸ bankdan olishadi”.

Bu suhbatdosh¸ yangi dasturiy ta’minot o‘rnatiladigan yangi terminallarni Uzcard banklarga qanchadan sotishi¸ jami qancha terminalning yangilanishi haqidagi savollarni “biz bunaqa savollarga javob berolmaymiz” deb ochiq qoldirdi.

Banklar nima deydi?

Ozodlikka Uzcard terminallarining bloklangani haqida xabar yuborgan samarqandlik tadbirkor¸ ayni masalada tijorat banklaridan birining to‘lov terminallari uchun mas’ul xodimi bilan suhbatini ham matn¸ ham audio shaklida taqdim qildi.

Bu muloqotlarda bank mas’uli¸ terminallarning Uzcard talabi bilan bloklangani va tadbirkorlarning yangisini sotib olishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytadi.

Bular endi ishlamaydi. Uch oy vaqt berib keldi¸ endi o‘chirib qo‘ydi. Yoqmaydi endi. Bularning seriya raqami eskirgan¸ yangisini olasiz. Bizning bankda bor. Kreditga olsangiz ham bo‘ladi. Naqdga ham bor. 3 million 600 ming so‘m”¸ deydi tadbirkor murojaatiga javob qilgan tijorat banki xodimi.

Ozodlik bog‘langan “Milliy bank”ning to‘lov terminallari uchun mas’uli butun O‘zbekiston bo‘yicha 325¸326 va 327 seriya raqamli Uzcard terminallari faoliyati to‘xtatilganini tasdiqladi.

Tadbirkorlar terminali blok holatga tushishi sababi Unionpay programmasidan boshqasiga almashtirish kerak. Tadbirkor terminalini bankka olib keladi, bank boshqa programmaga almashtirib beradi va buning uchun hech qanday bank xizmat haqi olinmaydi.

Lekin 325¸ 326¸ 327 seriyali terminallar bor¸ ularning versiyasi eski bo‘lgani uchun bunday programma o‘rnatib bo‘lmaydi¸ faqat yangi terminalga almashtirish kerak. Shunda ham yangi terminalni bank mijozga ijaraga berish asosida taqdim qiladi. Siz aytayotgan 3 600 000 to‘lov¸ adashmasam terminal tadbirkorga shaxsiy qilib sotilsa kerak. Bundan xabarim yo‘q¸ sababi bizning bank terminal sotmaydi”¸ dedi “Milliy bank” xodimi.

“Ipoteka-bank” xodimi ham Uzcard to‘lov terminallarining eskirgani bois¸ ularning yaroqsizga chiqarilganini ta’kidladi.

Markaziy bank izohi

O‘zbekiston Markaziy banki rasmiy saytida qo‘yilgan “To‘lov tizimlari operatorlarining REESTRI”ga ko‘ra¸ mamlakatda faqat ikkita shunday operator bor. Ulardan biri UZCARD, ikkinchisi esa¸ HUMO brendi ostida faoliyat yuritadi.

Markaziy bankning to‘lov tizimlari uchun mas’ul bo‘limi mutaxassisi Ozodlikka hozirgi kunda mamlakatda 420 mingdan oshiq to‘lov terminali faoliyat ko‘rsatayotgani va ulardan 220 mingdan oshig‘i Uzcardga qarashli ekanini bildirdi.

Bu terminallardan aynan qanchasi 325¸326 va 327 seriya raqamiga ega¸ anig‘ini aytolmayman. 2 mingdan ko‘p¸ 10 mingdan kam¸ desak xato bo‘lmaydi”.

Markaziy bank rasmiysi¸ 2020 yil 2 martdan boshlab mamlakatning barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari uchun o‘rnatilgan to‘lov terminallari infratuzilmasida savdo tushumining 0,2 foizi miqdorida vositachilik haqi kiritilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ta’kidladi.

Bu to‘lov terminali tadbirkorga bepul ijaraga beriladi¸ uning haqi ana shu 0¸2 foizlik chegirmadan chiqariladi¸ deganidir. Agar tadbirkorlar bizga qaysi bankning to‘lov terminalini 3 million 600 ming so‘mga sotib olishga majburlayotganini ma’lum qilsa¸ o‘rganib¸ albatta¸ chora ko‘ramiz”¸ dedi Markaziy bank rasmiysi.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar¸ terminalning “bepul ijaraga berilishi” haqidagi gapning faqat qog‘ozda ekanini bildirdi.

Shunday gap bor¸ faqat qog‘ozda. HUMO bepul berilyapti¸ bunisi to‘g‘ri. Lekin Samarqanddagi tadbirkorlar orasida so‘rov o‘tkazib chiqing¸ Uzcard terminalini bepulga olgan birortasi topilarmikan!”.

Ozodlikka ikki yil oldin sotilgan Uzcard terminalining Uzcardning o‘zi tomonidan yaroqsizga chiqarilgani va yangisini sotib olishga majburlanayotgani haqida xabar yuborgan tadbirkorlar¸ bu masalada biror davlat idorasiga shikoyat qilmaganini e’tirof qildi.

Biz siyosatdan uzoq oddiy savdogar bo‘lsak ham¸ Uzcardning egasi kimligini bilamiz. Bu odamlar ustidan shikoyat qilishdan qo‘rqamiz”¸ dedi samarqandlik tadbirkor.

Joriy yilning 14 may kuni ochiq manbalarda paydo bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra¸ Uzcard brendi ostida faoliyat olib boruvchi "Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi” MChJ ta’sischilari tarkibi yangilangan. MChJning 75 foiz ulushiga egalik qilish huquqi jismoniy shaxs Tursunov Oybek Batirovichga o‘tgan.

Oybek Tursunov esa¸ prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning eridir. Asosan davlat tizimida ishlab kelgan Oybek Tursunovning mamlakatdagi ikkita to‘lov tizimidan biri¸ qolaversa¸ xususiy “Kapitalbank” aksiyalarining 36 foizini qaysi daromad hisobiga sotib olgani jamoatchilikka ochiqlanmagan. O‘zbekistonda davlat xizmatchilari¸ xususan¸ birinchi oila a’zolarining daromad soliqlarini ochiqlashini kafolatlovchi qonun qabul qilinmagan.

Uzcard kompaniyasi aksiyalari 75 foizining egasi Oybek Tursunov ekanini tasdiqlovchi rasmiy hujjat nusxasi.
Uzcard kompaniyasi aksiyalari 75 foizining egasi Oybek Tursunov ekanini tasdiqlovchi rasmiy hujjat nusxasi.

To‘lov terminallarini kim olib¸ kim sotadi?

Bu savolga javob bergan O‘zbekiston Markaziy banki rasmiysi¸ o‘tmishda to‘lov terminallarini¸ to‘lov tizimining yagona monopolisti bo‘lib kelgan Uzcard kompaniyasining o‘zigina import qilib¸ tadbirkorlarga banklar orqali sottirib kelganini bildirdi.

Lekin hozir banklar bunday terminallarni o‘zlari olib kirishlari mumkin. Faqat ularga o‘rnatiladigan dasturiy ta’minotni Uzcard o‘rnatib berishi kerak. Shungami¸ banklar haliyam Uzcarddan sotib olayotgan bo‘lsa kerak”¸ dedi bank rasmiysi.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolib gaplashgan Uzcard kompaniyasining sobiq mulozimi¸ to‘lov terminallari va plastik kartalarni hali ham kompaniyaning o‘zi Xitoydan olib kelib¸ banklarga o‘zi istagan narxda "o‘tkazayotganini" iddao qildi.

Uzcard prezidentning kuyoviga o‘tishidan oldin¸ MXX raisi Rustam Inoyatov¸ aniqrog‘i uning qarindoshlariniki edi. Endi esa¸ katta kuyovniki. Kompaniya Xitoydan 1 dollarga olingan narsani 3 dollardan o‘tkazish orqali¸ ya’ni karta¸ terminal va bankomat olib kelib sotishning o‘zidanoq¸ yuzlab million dollar daromad qiladi. Ular bu karta va terminallarni banklarga o‘zi istagan narxda sotadi. Oldinlari banklar tadbirkorga terminalni ochiq sotgan bo‘lsa¸ hozir bekitib sotyapti. Chunki¸ terminaldan tushgan tushumning 0.2 foizini olish bilan bank Uzcard qo‘ygan narxni 20 yildayam chiqara olmaydi. Hozir Uzcard Xitoy kompaniyasi bilan hamma mijozini kobeydjing kartasiga o‘tkazyapti. Ochilgan har bir kobeydjing kartasi uchun ular Xitoy tizimidan otkat oladi. Eski terminallar bu programmada ishlamaydi. Bularning maqsadi esa¸ hammani kobeydjingga o‘tkazib¸ kishi boshiga 1 dollardan olib turish. Buni havodan pul qilish desangiz ham bo‘ladi”¸ dedi Ozodlikka bog‘langan Uzcard sobiq mulozimi.

Ozodlik hozircha bu iddaoni na tasdiqlash va na inkor qilish imkoniga ega. Xitoyda ishlab chiqarilayotgan plastik karta va to‘lov terminallarining Uzcard tomonidan qanchaga olinib¸ banklarga qanchadan sotilayotgani haqida ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q. Uzcard kompaniyasining Ozodlik bog‘langa rasmiylari esa¸ bunday savolga javob bermasliklarini ta’kidladilar.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG